Pro ligadagi klubga nima bo‘lyapti? Motivatsiyasi yo‘qoldi. Etakchilari chempionat tugamasidan ketib qolishdi. Bosh murabbiy qanday izoh berdi?
Pro liga vakili – “Yangier” klubining joriy mavsumidagi ishtirokini kuzatgan muxlis borki, o‘ziga yarasha taassurotlarga ega bo‘lishi muqarrar.
Klub kuchli beshtalikka kirish uchun astoydil kurashdi. Biroq yakunda asosiy raqobatchisi “Xorazm”ga engilib, quyi beshlikka ravona bo‘ldi. Lekin jamoa mavsum davomida o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgan paytlari ham bo‘ldi. Ayniqsa, bosh murabbiylikka Diyor Mirzaboev kelganidan keyin uning boshchiligidagi jamoada mag‘lubiyatsiz seriyalar kuzatildi.
Lekin keyinchalik “Yangier”da muammolar kuzatila boshlandi. Natijada mag‘lubiyatli o‘yinlarga guvoh bo‘lyapmiz. Eshitishimizga qaraganda, klubda muammolar etarli va ayrim etakchilar chempionat tugashini kutmasdan jamoani tark etishga ulgurishgan. Bu haqida “Yangier” bosh murabbiyi Diyor Mirzaboev Sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi:
- Klubda mengacha, aniqrog‘i mavsum avvalida pro liga yo‘llanmasi uchun kurasha oladigan tarkib yig‘ilgan, - deya gap boshladi, bosh murabbiy. - Afsuski, boshida o‘xshamagan, keyin murabbiy o‘zgargach, jamoani men qabul qilib olganman. Hamma joyda shunaqa bo‘ladi: yangi murabbiy kelsa, hamma futbolchi ham o‘zini ko‘rsatgisi keladi. Bizgacha ishlagan insonlarni muhokama qilmoqchi emasman. Biz qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Klubga kelgach, ishga boshqacha yondashdik. Futbolchilarda ruhiy tomondan ishonch uyg‘ota oldik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, yomon boshlamadik. Men kelgan mahalda moliyaviy tomondan ham yordamlar ko‘rsatildi. Viloyat hokimiyati, homiylar jim qarab turmadilar. Yutgan o‘yinlarimizdan keyin mukofot pullari va oylik maoshlar vaqtida berilib turdi. Natijalar ham ko‘tarildi, adashmasam 5-o‘ringacha ko‘tarildik. “Yangier” xususiy jamoa. Mahmud Orziqulovich klub ta’sischisi hisoblanadi. Bu yil to‘rtinchi mavsum. Jamoada oldin o‘ynagan o‘yinchilar ham aytishadiki, sira ish haqlari qolib ketmagan, hammasi bilan hisob-kitob qilib kelingan. Bu yil pro ligada jiddiy vazifa qo‘yilgani uchunmi futbolchilarning oylik maoshlari yaxshi darajada bo‘lgan. Keyinchalik moliyaviy masalada qiyinchiliklar ko‘zga tashlangach, ikkinchi davrada rahbariyat taklif kiritib, yoshlar bilan ham ishlab, o‘zimizni sinab ko‘rishimizni aytdilar. Tajribali o‘yinchilar bilan kelishilgan holatda xayrlashdik. Baribir bitta odamga klubni boshqarish qiyin, buni tushunib turibmiz. Futbol shunaqada, kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. “Yangier” nomi, tarixi bo‘lgani bilan hozir etakchi klublar bilan raqobatlasha olmaymiz. Klub rahbari har qanday holatda ham jamoani qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib kelmoqda. Yaratilgan sharoitlar bo‘yicha hali muammo bo‘lgani yo‘q. Faqat oylik maoshlardan uzilish bor xolos.

Yozda qo‘shilganlardan Muhammad Isaev bilan do‘stona xayrlashganmiz. Islom Barotov ham jamoamizni tark etdi. Bulardan tashqari, Shoxruh Xolmatov, Nodir Yo‘ldoshev, Said Abdujabborov, Elyor Mamasoliev ham “Yangier”ni tark etishgan. Albatta, asosiy tarkib a’zolarining ketishi murabbiy sifatida meni xavotirga soldi. Endi yoshlarga ko‘proq imkoniyat beryapmiz. Kuchli beshtalikka kira olmaganimizdan so‘ng jamoada motivatsiya yo‘qoldi. Bunday paytda aybdor murabbiy. Vazifani bajara olmadi. Rahbariyatga aytganman, beshtalikka kira olmasak qanday qaror qabul qilsanglar ham roziman, ketish kerak bo‘lsa ketaman deganman. Ammo rahbariyat oxirigacha ishimni davom ettirishimni aytishgan. U-19 jamoamiz chempionatda zo‘r qatnashdi. O‘sha tarkibdan bir qator futbolchilarni asosiy jamoaga oldik va o‘yinlarda imkoniyat beryapmiz. Ular debyut qilishyapti, gol urishyapti. Bundan xursand bo‘lyapman. Almashtirib bo‘lmaydigan futbolchi va murabbiyning o‘zi yo‘q. Har birimiz almashishimiz mumkin. Hamma narsani to‘g‘ri qabul qildik. “G‘ijduvon”ga qarshi uchrashuvda yuqoridagi yoshlardan beshtasi o‘ynadi. Oldimizda “Sho‘rtan” va “Aral Samali” bilan o‘yinlarimiz turibdi. Bu uchrashuvlarda g‘alabalar qozonib, mavsumni yaxshi kayfiyatda yakunlash niyatimiz bor.

Avvalo, “Yangier” rahbariyatiga menga ishonib taklif qilishgani uchun rahmat. Murabbiy bor imkoniyatini ishga solib, natija ko‘rsatgisi keladi. Rahbariyat bilan munosabatim yaxshi. Ammo hozircha kelasi yilga hech qanaqa rejalar tuzilgani yo‘q. Murabbiyga nima kerak? Birinchi navbatda ishlash uchun sharoit bo‘lishi lozim. Albatta, kelasi yilga ham klubda qolib ishlash va bu yilgi xatolar tasodif bo‘lganini yangi mavsumda isbotlash niyatim bor, - deya fikr bildirdi, Mirzaboev.
Shuhratbek Jo‘raev.



Fikrlar