
Professional boks olamidagi sensatsiyalar (Ikkinchi qism)
Professional boks olami bizga bir-biridan ajoyib janglarni taqdim etib kelmoqda. Ayniqsa, sensatsiyalarning ko‘pligi bu sport turiga bo‘lgan qiziqishni yanada orttiradi. Boks olamidagi mana shunday qiziqarli janglar haqida ma’lumot berishni boshlagan edik. Ilk sonida qirol Muxammad Ali, Lennoks Lyuis, Vladimir Klichkolar ishtirokidagi mo‘jizaviy janglar borasida to‘xtalgandik. Bu safar ham britaniyalik va ukrainalik bokschilarning kutilmaganda uchralgan mag‘lubiyatlari haqida so‘z boradi.
Lennoks Lyuis – Xasim Raxmon
Mazkur qarama-qarshilik 2001 yil 22 aprelda JARning Brakpane shahridagi “Carnival City Casino” arenasida WBC, IBF va IBO chempionlik kamarlari uchun kechadi. Jangdan avval xech kim Xosim Raxmonni g‘alabasini kutmagan edi. Chunki o‘sha vaqtlar britaniyalik bokschining eng gullagan davriga to‘g‘ri kelgan edi. Qolaversa, Raxmon boks bilan shug‘ullanishni juda kech ya’ni 19 yoshdan boshlaganligi uchun, uning Lyuisga to‘qnash kelgunga qadar bo‘lgan muvaffaqiyatlarini tasodifga yo‘yishardi. To‘g‘ri, u bunga qadar sobiq hamyurtimiz Oleg Maskaevdan daxshatli mag‘lubiyatni qabul qilib olgandi. Lekin Raxmon bu bilan sinib qolmay, aksincha yanada kuchli bo‘lib qayta olgan. Xullas, ushbu jangda faqat mo‘jizagina Raxmonga g‘alaba qozonish uchun yordam berardi va ushbu mo‘jizani o‘sha kuni butun dunyo tomosha qildi. AQShlik bokschining 5 -raundda yo‘llagan qaqshatqich zarbasi Lyuisni ado qildi. U qayta o‘nglana olmadi va navbatdagi og‘ir mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
Oradan biroz o‘tib, ya’ni o‘sha yili noyabr oyida Lyuis revansh jangida Xosim Raxmonni 4-raundda nokautga uchrata olgandi. Shunday bo‘lsada, ular o‘rtasidagi janglarni yodga oladigan bo‘lsak, birinchi navbatda Xosim Raxmonning muvaffaqiyati ko‘z oldimizga keladi.
Vladimir Klichko -Korri Sanders
Ukrainalik kichik Klichko 2003 yil 8 martda JAR vakili Korri Sanders bilan WBO chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi. Ushbu professional boks olamida tarix zarvaraqlaridan o‘rin olgan to‘qnashuv, Germaniyaning Gannover shahridagi “Preussag Arena” da bo‘lib o‘tgandi. Ma’lumki ushbu bokschilar super og‘ir vazn toifasida faoliyat yuritishgan. O‘sha davrlar bu vazn toifasida aka-uka Klichkolar gegamonlik qilishar edi. Shuning uchun, mazkur jangda to‘la-to‘kis Klichkoning imkoniyati yuqori baholangan. Lekin professional boksda kim jangga tayyor bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonishi yana bir bor o‘z isbotini topgan. Afrika qit’asi vakili dastlabki raundlardanoq kuchli pressingni amlga oshiradi. Shunday bo‘lsada ilk raundda kuchlar teng keladi. Ikkinchi raundda esa, ukrainalik bokschini Sanders tom ma’noda sochib tashlaydi. U kichik Klichkoni to‘rt bora nokdaunga tushiradi. To‘rtinchi bor yiqilganidan so‘ng, hakam jangni to‘xtatadi va ukrainalik bokschiga texnik nokaut yoziladi.
Denis Lebedev – Murat Gassiev
Ikki rossiyalik bokschilar qarma-qarshiligida ham o‘ziga hos sensatsiya yuzaga keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Denis ushbu jangga IBF chempionlik kamari sohibi sifatida ko‘tarilgan edi. To‘g‘ri, mazkur jangda Muratni g‘alabasini taxmin qilganlar ham topilgandi. Lekin aksariyat muxlislar va mutaxassislar Lebedevning muvaffaqiyat qozonishini e’tirof etgan edi. Lekin jang aksincha ko‘rinish oldi. Umuman raundlar borasida ham ustunlik Gassiev tarafida bo‘ldi. 5 raundga kelib, Lebedev bir bora nokdaun holatiga ham tushib qoldi. Bir so‘z bilan aytganda jang to‘liq 12 raund davom etgan bo‘lsada, katta ustunlik Murat tarafida bo‘ldi. Jang yakunida esa hakamlar bir ovozdan Gassievning g‘alabasini qayd etishdi. Shunday qilib, ushbu to‘qnashuvda imkoniyati past baholangan Murat Gassiev yangi chempion sifatida e’lon qilindi.
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi
Fikrlar