Qadriyatlar va pul to‘qnashuvi! UEFA va FIFA futbol olamidagi «1-jahon urushini» boshladi

  • 19 aprel, 2021, 11:10
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun tongda barchaning e’tiborini Evropa Superligasi haqidagi «xunuk» xabar tortdi. To‘g‘risi, bu yangilikni eshitib hech kim xursand bo‘lmagani aniq. Sababi, butun boshli bir avlodning mehrini qozongan, futbolga sevgi uyg‘otgan musobaqa - Evropa Chempionlar ligasi xavf ostida qolmoqda. UEFA va FIFA bu turnirga qarshi ochiqdan ochiq jang boshlagani rost. Ular qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishiga shubham yo‘q. Sababi, UEFAning asosiy daromadi sanalgan EChLning qadrsizlanishi ulkan fojia. Mayli, pul va boshqa faktorlarni qo‘ya turaylik. Hayotda undada muhimroq narsalar borku!

Endi nima bo‘ladi?

FIFA va UEFA Evropa super ligasida ishtirok etgan futbolchi ichki birinchilik va xalqaro maydonda to‘p surishga noloyiq, deb hisoblamoqda. Shu vajdan, yangi musobaqada ishtirok etgan futbolchilar uchun boshqa turnir eshiklari butkul yopiladi. Shuningdek, hatto mundial ham Evropa Superligasida to‘p suruvchilarni aylanib o‘tishi haqida so‘z ketmoqda. Tan olish lozim, so‘nggi yillarda UEFA tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab qarorlar o‘zini umuman oqlagani yo‘q. Daraja jihatidan EChLdan sira qolishmaydigan Kubok egalari kubogi, UEFA kubogi singari turnirlar o‘rnini Evropa Ligasi to‘ldira olmadi. Evropa futboli rahbarlari musobaqadan ko‘proq daromad olish maqsadida uning ishtirokchilari sonini oshirdi, kuchsizroq chempionat vakillari uchun eshiklarni ochdi. Bu esa, o‘z-o‘zidan turnir mavqeyiga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Yaqindagina start olgan "Millatlar ligasi" turniri esa, futbolchilarning tig‘iz taqvimini battar og‘irlashtirib yubordi. Ichki birinchilik va terma o‘yinlari Evropa klublarida to‘p surayotgan barcha mashhur futbolchilar uchun etarlicha noqulaylik tug‘dirgani aniq.

yah

Bu orada futbol chinakam biznesga aylanib ketdi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bugungi kunda investorlarning eng ko‘p e’tiborini tortayotgan proekt - futbol klublari ekan. Darhaqiqat, ajoyib reklama, transferlar va muxlislar oqimidan kelib tushayotgan pullar kattalashib bormoqda. UEFA o‘zining nishonga tegmagan o‘q misolidagi qarorlarini chiqarayotgan bir paytda, Florentina Peres boshchiligidagi «kattalar» gapni bir joyga qo‘yishdi. Kamida 10 yil ilgari oldinga surilgan g‘oya yana yuzaga qalqib chiqdi. «Real» prezidenti o‘z lavozimida bir necha yilga qolishi aniq bo‘lgach, qartalarini ochdi. Bunga qadar, Bartomeu aytib ketgan gaplardan boshqa dalillar yo‘q edi. Xo‘sh, Florentinaning davrasida qaysi klub rahbarlari jam bo‘lgan? «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Liverpul», «Arsenal», «Chelsi», «Tottenxem», «Real», «Barselona», «Atletiko», «Yuventus», «Inter», «Milan»...

Bu mardlarcha o‘z nomini oshkor qilgan klublar. Aslida, ular qatorida bo‘lish orzusidagi 20 ga yaqin jamoa mavjud. Bu bejiz emas. So‘nggi ikki mavsumda super klublar ulkan moliyaviy muammolarga duch keldi. Muxlislar tashrifi to‘xtatilgach, deyarli daromadning katta qismi havoga uchib ketdi. Shuningdek, turli xarajatlar va teletranslyatsiyadan tushadigan daromadlar ham qisqardi. «Barselona» jamoasi misolida olaylik. Kataloniya klubini hozir Evropa Superligasidan boshqa musobaqa qutqarib qolishga qodir emas. Ichki birinchilikda ahvol a’lo darajada emas. EChLning chorak finalida bir necha yillardan beri sharmandalarcha mag‘lub bo‘lmoqda. Xo‘sh, klub qanday qilib qarzlar botqog‘idan chiqib ketadi? Qolgan klublar esa, «Barsa»ning ahvoliga tushib qolishdan avvalroq, otni qamchilab qolish niyatida.

Afsuski, bu «mo‘’jiza»ning salbiy tomonlari juda ko‘p. Birinchi navbatda, 20 jamoaning ichki birinchilikdagi ishtirokidan qat’i nazar, kelasi mavsumda Superligada to‘p surishi. Bundan chiqdi, chempionatda 17-o‘rinni olgan «Manchester Yunayted» bemalol 500 million evroga yaqin daromad keltiradigan Superligada ishtirok etishi mumkin. Avtomatik ravishda ichki birinchilikdagi intriga yo‘qoladi. Xoland, Sancho, Mbappe va boshqa yosh yulduzlar "Top-20"da to‘p surish uchun yuqoriga intilaveradi. Doimo e’tibor markazida va kuchlilar orasida bo‘lish uchun ular hamma narsaga tayyor. O‘z-o‘zidan transfer summasi va shaxsiy shartnoma bobida ustunlik «Top-20» a’zolari tomoniga o‘tadi. Elitadan pastdagi klublar nafaqat mashhurlarni, balki e’tibor va muxlislarni ham yo‘qotadi. Katta ehtimol bilan futbol olamida yangi davr - Boylar va kambag‘allar erasi boshlanmoqda. Peres tuzib chiqqan rejaga ko‘ra, «Top-20» yillar o‘tib, «Top-40», «Top-60»ga aylanishi kerak. Hozircha, UEFA va FIFAga qarshi jangning birinchi qismida turib berishga qodirlargina maydonga chiqib keldi. UEFA va FIFAning biroz chekinishi «Top-20» ortida yashirinib turgan boshqa jamoalarni dadilroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

yah23

Florentina Peres bugungi UEFA rahbari - Cheferindan ancha ayyor va tajribaliroq. U bu kombinatsiyani deyarli 10 yil tayyorlagan. Hozir biz urushning ilk qismi guvohi bo‘lyapmiz. Peres atayin yangi liga haqidagi qarorini EChLning yarim final ishtirokchilari ma’lum bo‘lganda oshkor qildi. Shu yo‘sinda, UEFAni yanada chigal vaziyatda qoldirishga va taslim qilishga urindi. Qaysidir ma’noda o‘z maqsadiga erishdi ham. So‘nggi yillarda UEFA o‘z imijini ancha tushirib yubordi. Klublar esa, bu orada qudratli kuchga aylandi. «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Liverpul», «Arsenal», «Chelsi», «Tottenxem», «Real», «Barselona», «Atletiko», «Yuventus»siz EChL yoki ichki birinchilikni tasavvur qilishning imkoni yo‘q! Buni Florentina juda ham yaxshi bilgan. Ularning hammasini bir joyga to‘plamaguniga qadar bu haqida sir boy bermadi. Endi esa, avvalgi qudratini yo‘qotgan UEFAga og‘ir zarba berdi. Peres o‘z qartalarini o‘rtaga tashladi. Unda grandlar, super yulduzlar va katta pullar mavjud. Xo‘sh, UEFA bunga qanday javob beradi? Katta ehtimol bilan aynan yaqin 48 soat ichida voqealar rivoji o‘zining pik darajasiga ko‘tariladi. FIFA va UEFA tish-tirnog‘iga qadar qurollangan. Ular qo‘llaridagi barcha narsani jangga tashlab bo‘ldi. Katta ehtimol bilan «oltin yigirmatalik»ka ularning kuchi etmasa kerak. Sababi, bu uzoq o‘ylangan, barcha jabhalari qayta-qayta ko‘rib chiqilgan mukammal g‘oya. Uni amalga oshirish uchun kuchli qo‘llar kerak edi xolos. Bir emas, 12 jamoa (balki, allaqachon 20 klub nomi ma’lum bo‘lgandir) birlashgani uchun proektni boshlash uchun ayni payt! Peres hatto o‘z jahon chempionatimizni tashkil etamiz, dedi. Demak, FIFA va UEFAning taqiqlariga narigi tomon 100 foiz tayyor. Ular barchasini ko‘rib chiqishgan va barchasiga har jabhada tayyor. Agar Peres va uning 12 do‘sti tuzgan reja ish bersa, yaqin 10 kun ichida FIFA va UEFA sulh taklif etishi aniq. Aks xolda, bu tashkilotlar «urushdan so‘ng» tanazzulga yuz tutishi hech gap emas.

Evropa Super ligasi qanday musobaqa?

«Manchester Yunayted», «Liverpul», «Manchester Siti», «Arsenal», «Chelsi», «Tottenxem», «Real Madrid», «Barselona», «Atletiko», «Yuventus», «Milan» va «Inter» hozircha musobaqada ishtirok etishga rozi bo‘ldi. Tez orada qolgan 8 o‘rin ham band etiladi. Katta ehtimol bilan «Bavariya» va PSJ ham «boyvachchalar Ligasi» a’zosiga aylanadi. Zamon talabiga ko‘ra, ular sukut saqlashmoqda.
Hozircha format quyidagi ko‘rinishda. 20 jamoa (12 tasi aniq) 10 tadan ikkiga ajraydi. Guruhlarda o‘zaro ikki davrali o‘yin bo‘lib o‘tadi - 18 tur. So‘ng pley-off. Chorak finaldan guruhlardagi dastlabki 3 o‘rin sohiblari naqd yo‘llanmaga ega bo‘lsa, yana ikki ishtirokchi 4-5 o‘rindagi jamoalarning o‘zaro o‘yinidan so‘ng ma’lum bo‘ladi. So‘ng odatiy ko‘rinishda to finalgacha!

yah23123

Bir qarashda sodda va tushunarli tuzilgan reglament. Asosiysi shundaki, 10 jamoadan iborat ikki guruhning o‘yinlari deyarli chempionat darajasiga ko‘tariladi. O‘yinlar sifati bilan birgalikda soni ham ortadi. Buni butun mavsumga bemalol joylashtirish mumkin. Sifat ko‘tarilgach, homiylar e’tibori ham oshadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ishtirokchilar uchun tashkilotchilar kamida 350 million evro to‘lab berishga tayyor. Bu hatto APL chempionligi uchun beriladigan summadan ham bir necha barobar ko‘proq degani. Grandlar uchun bu summani qarzlardan qutilib qolish va tarkibni kuchaytirish uchun super imkoniyat. Shuningdek, futbolchilar ham (agar milliy birinchilik o‘yinlariga qo‘yilmasa) ko‘proq dam olish imkoniga ega bo‘ladi. So‘nggi yillarda voqealar sababli jarohatlar soni 17 barobar ortib ketgani hech kimga sir emas. Agar klub va futbolchilar tomonidan qarasak, Superliga chinakam «mo‘’jiza»!

Muxlislar bundan nima yutadi?

yah21314

Achinarlisi shundaki, biz uchun hech qanday foyda yo‘qdek... Birinchi navbatda, elita ligani tomosha qilish maqsadida yangi platforma tashkil etilsa kerak. Endi bu qimmat dasturga aylanadi. Xuddi NBA va NHL singari. Biz ko‘rib katta bo‘lgan futbol o‘z jozibasini to‘liq yo‘qotadi. Kuchli beshlik chempionatlarida agar grandlar bo‘lmasa, ahvol qanday bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring! Agar ular turnirda qolsa ham, bor e’tiborini premium klass o‘yinlariga qaratishi aniq. Bu esa, butun yil davomida maza qilib futbol tomosha qilish o‘tmishda qolganini anglatadi. Umuman olganda, pul futbolni baribir o‘z izmiga solmoqda. Endi, yarim tunga qadar kutib o‘tiradiganimiz, madhiyasi yangrashi bilan etlarimiz jimirlab ketadiganimiz, logotipi ko‘zimizga tushishi bilan yuzlarimizda tabassum qalbimizda shirin hislar uyg‘onadigan Evropa chempionlar ligasi o‘z darajasini yo‘qotdi. Futboldan daromad olish ilinjida o‘ylab topilgan musobaqa hech qachon EChL singari muxlislar qalbidan joy egallamasa kerak. Shaxsan men shunday fikrdaman. Balki, yillar o‘tib Evropa super ligasiga ko‘nikib ketarmiz, ammo hech kim uni EChLdan ustun qo‘ymasligi turgan gap. Sababi, EChL bizning bolaligimizni bir bo‘lagi. Hech kim o‘z bolaligidan voz kechishni istamaydi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!