
"Qandaydir rag‘bat bo‘lsa, xursand bo‘lamiz", "kimni qanday e’tibor bilan qarashi o‘ziga havola", "biz Erondan qo‘rqmaymiz" - Akbar Usmonov bilan eksklyuziv intervyu
Xabaringiz bor, ayni vaqtda Quvaytda futzal bo‘yicha Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur turnirning "B" guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi Turkmaniston, Tojikiston hamda Bahrayn kabi terma jamoalar bilan bir guruhdan joy olgan. Ilk turda vakillarimiz Turkmaniston darvozasiga javobsiz 8 ta gol urdi.
Terma jamoamizning etakchilaridan biri hisoblanmish Akbar Usmonovdan bir muxlislarni va o‘zimizni qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldik:
- Assalomu alaykum. Avvalambor, g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin haqida fikrlaringiz?
- Assalomu alaykum. G‘alaba bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etaman. Turkmaniston jamoasi bugun o‘zi o‘ylagani kabi o‘ynay olmadi. Albatta, buning sababchisi biz. Erta pressing va tezkor gollar o‘yinni hal qildi deb o‘ylayman.
- Burchak zarbalaridan berilgan uzatmalar va raqib xatosi orqali ko‘p gol urdik. Bular o‘ylanganmi yoki o‘zingiz ham raqib bunaqa xatolarga yo‘l qo‘yishini kutmaganmidingiz?
- Biz har bir uchrashuv uchun strategiya tuzib chiqib, shu strategiya asosida maydonda harakat qilamiz. Murabbiylarimiz ko‘rsatmalarini to‘g‘ri amalga oshirdik va tezkor gollar urdik. Yakunda bahs bizning foydamizga hal bo‘ldi.
- Bahrayn va Tojikistonning kuchiga qanday baho berasiz. Ularga qarshi o‘yinlarda ham xotirjam tarzda g‘alaba qozona olamizmi?
- Xotirjamlikka berilib, raqibga behurmatlik qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Yo‘limizdan chiqqan har qanday raqib bilan oxirgi soniyaga qadar borimizni berib jang qilamiz.
- So‘nggi Jahon chempionatida termamiz ajoyib ishtirok etgandi. Eron bilan o‘yinda 8-9 hisobi qayd etilgan. Ancha oldin o‘zimizda bo‘liib o‘tgan Osiyo Kubogida ham Eronga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lganmiz. Bu oradagi farq qisqarayotganidan dalolat. Hozir farq yana ham qisqargan deb o‘ylaysizmi?
- Tan olaman Eron terma jamoasi nafaqat Osiyoda, balki, Jahonda ham o‘z o‘rniga ega hisoblanadi. Oxirgi yillarda darajalar ancha yaqin kelib qoldi. Biz Erondan qo‘rqmaymiz. Mag‘lub bo‘lgan paytlarimiz ham o‘yin tomonlama yutqazmaganmiz. Odatda, qaysidir detallarda xatoga yo‘l qo‘yardik. Yana ular bilan to‘qnash kelishimizni hammamiz intizorlik bilan kutyapmiz.
- Futzalga e’tibor kam lekin natija bor. Futbolda esa buning aksi. Bu holat g‘ashingizga tegmaydimi?
- Nima bo‘lishidan qat’i nazar, hammamiz bir yurt farzandlarimiz. Biz vatan qo‘riqchilarimiz. Futzalda ekanligimdan nolimayman. Kimni qanday e’tibor bilan qarashi o‘ziga havola. Biz vatanimiz uchun borimizni berishga tayyor yigitlarmiz.
- Dilshod Rahmatov "Dangal" loyihasi mehmoni bo‘lgan payti oylik maoshlarni pastligini aytgandi. Terma jamoa darajasidagi futzalchi faqatgina futzalni o‘zi bilan shug‘ulllanib, tirikchiligini qila oladimi? Umuman har qanday turnirda munosib ishtirok etayotgan futzal jamoamizni moddiy tomondan qanchalik rag‘batlantira olishyapti?
- Siz haqsiz. Futzalda oylik maoshni ayrim jamoalar 3-4 oylab kutadi. Mukofot pullarini gapirmasa ham bo‘ladi. Faqatgina grand jamoalarda maosh va mukofot pullari qolgan klublarga nisbatan ko‘proq. Terma a’zolari ham odatda ikki grand jamoaga bo‘linishining sababi ham shunda deb o‘ylayman. Sababi, ularning moliyaviy talablarini faqatgina 2-3 ta jamoa ko‘tara oladi. Aslida, vatanimiz oldidagi burchni ado qilmoqdamiz. Agar qandaydir rag‘bat bo‘lsa, xursand bo‘lamiz. Bo‘lmasa ham xafa bo‘lmaymiz. Futzalchilar vatan uchun doim borini berib kelgan.
- Top futzalchilarimizni ko‘pchiligi o‘zimizning klublarda harakat qiladi. Xorijiy ligalarda o‘ynashga nima to‘siq bo‘ladi?
- Futzalda agent muammo hisoblanadi. Har yili bizga boshqa ligalardan takliflar keladi. Agenti yo‘q yigitlarni o‘zi gaplasha olmaydi yoki ular aytayotgan pul to‘g‘ri kelmaydi. Xullas, shu kabi omillar tufayli uyda qolganim yaxshi deb, o‘zimizda o‘ynashda davom etishadi.
Fikrlar
УФА мана шу йигитларга озрок эътибор каратса улиб колмасди. Бу йигитлар оиласини бокиш учун турли вилоят жамоаларида уйнаб юришади. Кани энди, хакикат юзага чикиб Футбол МТЖ футболчилари олаётган маош микдори Футзалчиларга хам берилса. Эронни энасини курсатиб ташлаган буларди.