
Qatar yulduzlar ligasida mavsum yakunlandi. Xavi boshchiligidagi "Al-Sadd" OChLda yana o‘zbek jamoalariga qarshi o‘ynashi mumkin
Qatar yulduzlar ligasining 2020 yilgi mavsum o‘z nihoyasiga etdi. “Al-Duhail” chempion bo‘ldi va Osiyo Chempionlar ligasining yangi mavsumida to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz Sardor Rashidov to‘p surayotgan “Qatar SK” esa mavsumni 8-o‘rinda yakunladi.
Shuningdek, ikkinchi bo‘lgan "Al-Rayyan" ham guruh bosqichiga chiqdi. Ammo kuchli uchlikdan joy olgan "Al-Sadd"ning OChLdagi taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi. Xavi jamoasi OChLni guruh bosqichidan boshlaydimi yoki pley-offdanmi, buni 21 noyabr kuni bo‘ladigan Amir kubogidan so‘ng bilib olamiz.
Agar ushbu kubokni yarim finalga qadar etib borgan “Al-Arabi” yoki “Marxiya”dan biri qo‘lga kiritsa, u holda "Al-Sadd" "Chempionlar Ligasi-2021"ni pley-off bosqichidan boshlaydi. Agar kubokni "Al-Sadd" yoki "Al-Duhayl"ning o‘zi yutsa, chempionatda 4-o‘rinni egallagan "Al-Garafa" Chempionlar ligasi pley-offida qatnashadi.
Biz uchun yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, Qatarning pley-offda ishtirok etadigan jamoasi bu bosqichda Iroq va O‘zbekiston klublari g‘olibiga qarshi o‘ynaydi.
Fikrlar