
Qatarga borayotgan "oq burgutlar", daxshatli hujum chizig‘i va JCh yo‘llanmasiga "nohaq" yo‘llanma olgan Serbiya haqida
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 7 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "G" guruhining ikkinchi vakili Serbiya terma jamoasi orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Serbiya futbol ittifoqi. Laqabi — “oq burgutlar”.
Tashkil topgan yil: 1919 yil (FIFAga 1921 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Dragan Staykovich
Jamoa sardori: Tushan Tadich
Ilk rasmiy uchrashuvi: Serbiya – Chexiya 3:1 (2006)
Eng yirik g‘alaba: Serbiya – Ozarbayjon 6:1 (2007)
Eng yirik mag‘lubiyat: Ukraina – Serbiya 5:0 (2019)
Serbiya terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 21-o‘rinni egallab turibdi. "Oq burugtlar"ning eng yaxshi natijasi esa 13-pog‘ona hisoblanadi. Ular 2010 yilda ushbu natijaga erishgan. Serblar tarixidagi eng yomon ko‘rsatkich esa 66-o‘rindir. Ular 2015 yilda kuchli elliktalikdan pastga tushib ketgan.
Serbiya terma jamoasining jahon chempionatlaridagi tarixi
Serbiya Yugoslaviyaning a’zosi sifatida 1930 yildan buyon jahon chempionatlari saralashida qatnashib keladi. Hatto ular 1930 va 1962 yilda mundialning 1/2 final bosqichigacha chiqqan va yakunda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. O‘shanda ushbu jamoa takribida hozirgi Xorvatiya, Bosniya va Gertsegovena, Makedoniya, Chernagoriya, Sloveniya va Serbiya bo‘lgan.
Sobiq Yugoslaviya terma jamoasining natijalari:
1930 va 1962 yillardagi jahon chempionatlarining yarim finalchisi.
1960 va 1968 yillardagi Evropa chempionati finalchisi.
1976 yilgi Evropa chempionatining yarim finalchisi.
Serbiya va Chernogoriyadan tashkil topgan Yugoslaviya Federativ Respublikasi esa 1992 yil 27 aprelda tuzilgan bo‘lsa-da, uning jamoalari barcha xalqaro sport tadbirlarida, jumladan, xalqaro turnirlarda qatnashish ta’qiqlangan edi. Binobarin, milliy terma jamoa yangi davlat sifatida birinchi o‘yinini 1994 yil 23 dekabrga Portu-Alegrida o‘tkazgan va unda Braziliyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy beradi. Bu faqat serb va chernogoriyalik futbolchilardan tashkil topgan birinchi jamoa sifatida tarixda qolgan. Sobiq Yugoslaviya terma jamoasi a’zosi Slobodan Santrach esa jamoaning birinchi murabbiyi etib tayinlandi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro sanktsiyalari tufayli jamoa JCh-1994 va Evro-1996 saralash o‘yinlarida ishtirok eta olmadi.
Ular 1998 yil Frantsiyada o‘tkazilgan JChda pley-offga chiqishni uddalagan, biroq 1/8 finalda Niderlandiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan.
2003 yil Sobiq Yugoslaviya parchalangan va 2006 yilda Serbiya mustaqil davlat sifatida o‘z milliy terma jamoasini tashkil qilgan.
Serbiya terma jamoasi 2010 va 2018 yillarda ham mundial ishtirokchisiga aylangan, biroq “oq burgutlar” o‘z yurishini guruh bosqichini yakunlashga majbur bo‘lgan. Agar serblar Qatardagi JChda guruh bosqichidan chiqishni uddalasa, ular uchun bu tarixiy natijaga aylanadi.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
Aytish kerakki, Serbiya terma jamoasi JCh yo‘llanmasiga qiyinchiliksiz ega chiqqan. Sababi, ular Portugaliya, Irlandiya, Lyuksemburg va Ozarbayjon bilan bir guruhdan joy olib, 1-o‘rin bilan Qatar chiptasini o‘ziniki qildi. Ammo qaysidir tomonlama “oq burgutlar”ni omadli desak ham bo‘ladi. Chunki jamoa 7-turda Portugaliyaga qarshi o‘ynadi va hakamning xatosi evaziga durang o‘ynadi.
Boisi, portugallar bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Krishtianu Ronaldu Serbiya darvozasini ishg‘ol qildi, biroq referi to‘p chiziqni kesib o‘tmagan degan qarorga keldi. Biroq videotakrorlar shuni ko‘rsatdiki, Ronalduning goli 100 foiz toza edi. Natijada, serblar so‘nggi turda ham g‘alaba qozondi va JChga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqdi. Portugaliya esa Qatarga aylanma yo‘llar orqali, ya’ni pley-offda o‘ynab boradigan bo‘ldi.
Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, Serbiya saralashda birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi. Guruhdagi asosiy raqobatchi hisoblangan Portugaliyani birinchi turda mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, javob uchrashuvida 2:2 hisobida durang o‘ynashdi.
Qolgan raqiblar esa “oq burgutlar” oldida ojiz qolishdi. Shu tariqa, Serbiya 8 o‘yindan keyin 20 ochko to‘plab, JChga boradigan bo‘ldi.
Jamoa etakchilari
Dushan Vlahovich - Serbiya terma jamoasi va Italiyaning "Yuventus" klubi hujumchisi. Yosh va iqtidorli futbolchi klubda ishonchli o‘ynamoqda. Debyut o‘yinda "Yuventus" "Verona" darvozasiga birinchi golini urdi. 2022 yilda u birinchi marta Chempionlar ligasida o‘ynadi va gol ham kiritdi.
Dushan Tadich – Niderlandiyaning "Ayaks" klubi yarim himoyachisi va sardori.U klub bilan Niderlandiya Superkubogi-2019 sohibi, uch karra Niderlandiya chempioni va Niderlandiya kubogining ikki karra g‘olibligiga ega chiqqan.
Predrag Raykovich - Ispaniyaning “Malorka” klubi darvozaboni. 2013 yilda yoshlar o‘rtasida Evropa chempioni bo‘lgan. JCh-2018 ishtirokchisi.
Nikola Milenkovich – Italiyaning “Fiorentina” klubi himoyachisi. Serbiyaning "Partizan" klubi tarkibida Serbiya chempioni va Serbiya kubogining ikki karra g‘olibi bo‘lgan. U 2018 yilda Serbiya terma bilan Rossiyadagi JChda qatnashgan.
Aleksandr Mitrovich - Angliyaning “Fulxem” klubi hujumchisi. U yoshlar o‘rtasidagi Evropa chempionatida eng yaxshi futbolchi bo‘lgan va terma jamoasining g‘alaba qozonishiga yordam bergan. Mitrovich terma jamoaning eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Shuningdek, u joriy mavsum ham “Fulxem” tarkibida o‘zining goleadorligini isbotlamoqda.
Shuningdek, ular safida “Latsio” etakchisi Sergey- Milinkovich-Savich, o‘tgan mavsum “Ayntraxt” bilan Evropa Ligasida g‘alaba qozongan va bu mavsumdan “Yuventus”da o‘ynayotgan Filip Kostich, ancha vaqt davomida “Real” asosiy tarkibiga kira olmay, bu mavsumdan “Fiorentina” sharafini himoya qilayotgan Luka Yovich kabi futbolchilar ham Serbiyaning etakchilari hisoblanadi. Umuman olganda, “oq burgutlar” Evropaning eng yulduzli tarkibiga ega desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Serbiya terma jamoasining JChga boradigan futbolchilar qaydnomasi:
Darvozabonlar: Marko Dmitrovich (“Sevilya”), Predrag Raykovich (“Malorka”), Vanya Milinkovich-Savich (“Torino”).
Himoyachilar: Stefan Mitrovich (“Xetafe”), Nikola Milenkovich (“Fiorentina”), Straxinya Pavlovich (“Red Bull Zaltsburg”), Milosh Velkovich (“Verder”), Filip Mladenovich (“Legiya”), Straxinya Erakovich (“Tsrvena Zvezda”), Srjan Babich (“Almeriya”).
Yarim himoyachilar: Nemanya Gudel (“Sevilya”), Sergey Milinkovich-Savich (“Latsio”), Sasha Lukich (“Torino”), Marko Gruich (“Portu”), Filip Kostich (“Yuventus”), Urosh Rachich (“Braga”), Nemanya Maksimovich (“Xetafe”), Ivan Ilich, Darko Lazovich (ikkisi ham — “Verona”), Andriya Jivkovich (PAOK).
Hujumchilar: Dushan Tadich (“Ayaks”), Aleksandr Mitrovich (“Fulxem”), Dushan Vlaxovich (“Yuventus”), Filip Jurichich (“Sampdoriya”), Luka Yovich (“Fiorentina”), Nemanya Radonich (“Torino”).
JCh-2022dagi taqvimi
1-tur
24 noyabr. Braziliya – Serbiya;
2-tur
28 noyabr. Kamerun – Serbiya;
3-tur
2 dekabr. Serbiya – Shveytsariya.
Fikrlar