Qirg‘izistonlik mutaxassis: "O‘zbekiston Superligasi Osiyodagi top 5 chempionatlardan biri"
Qo‘shni Qirg‘iziston chempionatini kuzatib borayotgan muxlislarimiz talaygina. Chunki u erda ko‘plab o‘zbek futbolchilari to‘p surishyapti.
Mamlakat chempionatida 2-o‘rinda borayotgan “Alay” klubini ham yurtimizda yaxshi bilishadi. Tez-tez o‘zbek jamoalariga qarshi nazorat uchrashuvlarini ham o‘tkazib turadilar.
Jamoa bosh murabbiyi Rustam Axunov ham chempionatimizni doim diqqat bilan kuzatib keladi.
Sports.uz jurnalisti ushbu mutaxassisga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- O‘zbek jamoalariga qarshi o‘yinlar jamoangiz uchun qanchalik foydali?
- O‘zbekiston chempionatini doim kuzatib boraman. Osiyoning top 5 chempionatlaridan biri. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bejizga jahon chempionatiga chiqqani yo‘q. Bu ularni kuchligidan dalolat beradi. Bizga ham katta tajriba beradi, deb o‘ylayman. O‘zbek klublariga qarshi o‘yinlar orqali mahoratimizni oshirib boramiz. Shuningdek, “Neftchi” bilan ham o‘yinimiz bor. Bu biz uchun juda ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu uchrashuvlar chempionatda yaxshi qatnashishimizga zamin yaratadi. Birinchilikni yaxshi tugatishimizga ham yordam beradi. Bu jamoa qariyb bir oydan beri ishlayapman va o‘yin uslubini o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Yangiliklarni amalda sinab ko‘ryapmiz. Doimiy ravishda O‘zbekiston chempionatini kuzatib, tahlil qilib boramiz.
- Qirg‘izistonning birinchi raqamli darvozaboni Erjan Tokotaev “Andijon” sharafini himoya qilib kelyapti. Uning o‘yinlarini kuzatyapsizmi?
- “Andijon”ning bizning darvozabonimiz bilan shartnoma imzolaganligi haqidagi xabarni eshitib xursand bo‘ldik. Shuni alohida aytishim kerakki, bizning futbolchilar O‘zbekiston chempionatida to‘p surishsa bundan xursand bo‘lamiz. Ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston Superligasi Osiyodagi top 5 chempionatlaridan biri. Tokotaev “Andijon”ga foyda keltirsa, bundan juda mamnun bo‘lamiz. Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish uning uchun ham har tomonlama tajriba bo‘ladi, deb hisoblayman. Bu orqali esa uni milliy terma jamoamizga yanada foydasi tegadi. Tokotaevni yoshlar terma jamoasida ishlaganimdan beri yaxshi bilaman. U bizda taxminan bir oycha shug‘ullangandi. Talabchan va barchasini o‘z vaqtida bajaradi. Erjan bugungi kunda milliy terma jamoamizning birinchi raqamli darvozaboni. Doim o‘ziga ishonch bilan o‘ynaydi va bu holatda himoyachilarga ham engliroq bo‘ladi.
- “Alay” safida bir qator o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishyapti. Ularning faoliyatidan qanchalik qoniqyapsiz?
- Bizdagi himoyachi Ildar Mamatkazin “Andijon”da ko‘p yillar to‘p surgan. U tajribali va mas’uliyatli futbolchi. Hozirgi kunda biroz sog‘ligi bilan bog‘liq muammo bor. Shu sababli unga ortiqcha “nagruzka” berishni xohlamadik. Yana bir qator o‘zbekistonlik o‘yinchilar bor. Ularni ancha muddat kuzatdik va endilikda ishonch bildiryapmiz. Kuzatgan bo‘lsangiz, tarkibimizda yosh o‘yinchilar ham bor.
- Yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarni ham “Alay” jamoasida ko‘rishni xohlaysizmi?
- Albatta, ko‘rishni xohlayman.
- Masalan, kimlarni?
- Chempionatimiz o‘ziga xos, turli xil darajadagi o‘yinchilarimiz bor. Bilasizmi, futbol bizda ham asta-sekin rivojlanib boryapti. Sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgani uchun federatsiyamiz rahbarlariga minnatdorchilik bildiraman. 10 dan ortiq yangi stadionlar ochilish arafasida. Kuchayishga harakat qilyapmiz. O‘zbek futbolchilaridan bir nechtasini jamoamizda ko‘rishdan xursand bo‘lardik. Bunga vaqt kerak. Balki moliyaviy yoki boshqa sabablar tufayli o‘tishmayotgandir. Bu borada futbolchi rozi bo‘lsa, olishimiz mumkin. O‘zbek futbolchilari ancha sifatli o‘yin ko‘rsatishadi. Misol keltirish shart emas. Sizlarni o‘yinchilaringizni butun dunyoda yaxshi bilishadi. Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov yoki boshqalarni aytishimiz mumkin. Evropa chempionatlarida yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishyapti.



Fikrlar