Qishki transfer oynasi: G‘oliblar va mag‘lublar

  • 4 fevral, 2021, 11:44
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yanvar oyidagi transferlar oynasi xususida mulohaza yuritishni boshlar ekanmiz, eng avvalo, oy davomida u qadar katta xaridlar amalga oshmagani va barcha tomonlar ehtiyotkor siyosat olib borganini ta’kidlab o‘tishga majburmiz. Biz amalga oshgan transferlardan kelib chiqqan holda, o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashishni ma’qul topdik. Xo‘sh, ushbu transferlar oynasida kim yutdi, kim yutkazdi?

G‘olib: “Arsenal”

“Kanonirlar” tarkibda ulkan tozalashni amalga oshirdi. Zaxirada behuda o‘tirganicha, jamoadan millionlarni undirib olayotgan bir qator futbolchilarga ruxsat berib yuborildi. Meytlend-Naylz va Jo Uillok singari umidli yoshlar kuchsizroq klublarga tajriba orttirish uchun ijaraga berildi. 

Juda katta maosh oluvchi Mesut O‘zilning jamoani tark etishi esa, Kronke boshliq jamoa rahbarlarini rosa xursand qilgan bo‘lsa, ajab emas. Transferlarga ko‘p pul sarflashni rejalashtirmagan “Arsenal”ning baxtiga “Real” Edegorni ijaraga berishga qaror qildi. Ispaniyadan futbolchilarni ijaraga olishni xush ko‘radigan “to‘pchilar” norvegiyalik yarim himoyachini juda kerakli pallada qo‘lga kiritdi. Shuningdek, “Brayton” darvozaboni Metyu Rayan Lenoga o‘rinbosar sifatida jamoaga olib kelindi. Mavsum avvalida Emiliano Martines “Aston Villa”ga qo‘yib yuborilganidan xabardorsiz. So‘nggi turda qizil kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchragan nemis posboni o‘rnini mana endi avstraliyalik hamkasbi to‘ldirib turadi. 

mesut-ozil-fenerbahce-2020-21_e8jn9yl7vlwm1bzg8etzde1ht

Mag‘lub: Dele Alli

Londondan uzoqlashmaymiz. Ushbu shaharning boshqa tarafida mutlaqo baxtsiz bir futbolchi bor. O‘zining bezori xarakteri bilan Joze Mourinoning didiga xush kelmagan ingliz yarim himoyachisi joriy mavsumni avvalgisidan ham yomon boshladi. Hozirgi kungacha u barcha musobaqalarda 6 ta o‘yinnigina asosiy tarkibda boshladi. 

Transfer oynasi ochilishi arafasidayoq, Evropa nashrlari uning PSJga transferini taxmin qila boshladi. Maurisio Pochettino klub bosh murabbiyi etib tayinlangach, Allini “Park de Prens” bilan bog‘lovchilar soni yanada oshib ketdi. Ammo yakunda, barchasi o‘z o‘rnida qoldi. Parij klubi mavsumning ikkinchi yarmini deyarli hech qanday transferlarsiz boshladi. Alli ham mavsum davomida o‘tirishga o‘rganib qolgani zaxira o‘rindig‘ida qolib ketdi. 

mauricio-pochettino-dele-alli-tottenham-hotspur_1q7p97i05wn2u1qk5ypn0g6rzp

G‘olib: Luka Yovich

Ispaniya poytaxtini tark etgan faqat Martin Edegor emas. 70 million evaziga “Qirollik klubi”ga tashrif buyurgan orzumand Luka Yovich quruq qo‘l bilan Frankfurtga qaytdi. “Real” tarkibiga qo‘shilganidan buyon, Serbiya terma jamoasi a’zosi 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 tagina gol urishga erishgan, xolos. U xafa bo‘lmasa bo‘laveradi. Karim Benzema “blankos”da shunday katta o‘rin tutadiki, undan ham iqtidorli “straykerlar” frantsuzdan asosiy tarkibni tortib ola bilmagan. “Lion”dan Madrid tomon yo‘l olganida uning o‘zi ham bunday omadli faoliyatni kutmagan bo‘lsa kerak. 

“Ayntraxt”dagi so‘nggi mavsumida “Oltin butsa” uchun kurash olib borgan Yovich Germaniya Bundesligasida yana o‘zini topib olishi hech gap emas. 

jovic_9gykn9q9nz8z1e0z6h0vcd14j

Mag‘lub: “Barselona”

Kataloniyaliklar qishki transferlar oynasini besamar yakunladi. Har qanday rakursdan qarasangiz ham, vaziyat shunday ko‘rinish olgan. “Blaugranas” Messining ketishiga jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rmayapti. Leosiz kichik jamoalarni muammosiz taslim etishi mumkin bo‘lgan “Barselona” grandlarga qarshi bellashuvlarda hech narsa qila olmay qolishi mumkin. To‘g‘ri, Ansu Fati kelajagi ancha porloq futbolchiligi aytilmoqda. Balki, rostdan ham shundaydir. Ammo u jarohatdan qay holatda qaytib kelishi noma’lum. Bir marotaba lazaretda bo‘lgan futbolchilarda ushbu “dargoh”ni tez-tez yo‘qlab turish odati paydo bo‘ladi. 

Jamoada markaziy himoya chizig‘idagi real kamchiliklar bor. Pikening yoshi o‘tib bormoqda. Langle va Umtiti u qadar ishonchli emas. Oskar Minges va Ronald Arauxo akademiyadan chiqqan iste’dodli futbolchilar bo‘lishiga qaramay, amalda katta o‘yinlarga to‘liq tayyor emas. Mudofaa markazidagi xilma-xillikni oshirish maqsadida Erik Garsiyani olib kelish haqidagi gaplar ertakligicha qolib ketdi. 

alfie-may-eric-garcia-fa-cup-2020-21_4k1g0nv2doie1f0ngkfwba9wv

G‘olib: “Bayer”

Kimlar uchundir, “Bayer” ushbu transferlar oynasida eng ko‘p aqlli transferlarni amalga oshirgan klub bo‘ldi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun real imkoniyat hosil qilayotgan va bu borada katta kurash boshlagan Peter Bosh jamoasi 3 nafar yaxshi saviyali futbolchilarni 18 mln evro evaziga xarid qildi. Bular: “Seltik” himoyachisi Jeremi Frimpong, “Lester” vingeri Demarey Grey va “Manchester Yunayted” vunderkindi Timoti Fosu-Mensa. Ayniqsa, Greyning “aspirinchilar” tarkibidan o‘rin olishi jamoaga bo‘lgan qiziqishni oshirib yuboradi. 24 yoshli futbolchi APLdagi shedevr gollari bilan ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga qaratib ulgurgan. “Birmingem” klubi tarbiyalanuvchisi yaqin vaqtlar oralig‘ida “tumanli albion”dan “Bay Arena”ga ko‘chib o‘tgan birinchi futbolchi bo‘ldi. U tanlagan yo‘l “King Pauer” stadionining zaxira o‘rindiqlaridan yaxshiroq chiqishiga umid bildiramiz. 

GettyImages-1293481099

Mag‘lub: Transfer bozori muxlislari

So‘zimiz avvalida aytib o‘tganimdek, ushbu transfer oynasida barcha jamoalar moliyaviy qiyin ahvolda tavakkal qilishni xohlamadi. Koronavirusning yangi to‘lqinini boshdan kechirayotgan Evropada yana tomoshabinlarning stadionga qachon qaytishi noma’lumligicha qolmoqda. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Klublar aynan ular orqali pul topadi. Evropa nashrlari sahifalarini titkilar ekanmiz, har kuni qaysidir jamoaning yillik zararlari, moliyaviy qiyinchiliklar va hokazolar aks etgan materiallarga ko‘zimiz tushadi. Jamiyatdagi voqealarning futbolga naqadar katta ta’sir ko‘rsatishini shundan ham bilishimiz mumkin. 

Ha, transferlarni yoqtirmaydigan futbol ixlosmandlari borligini tushunish mumkin. Ammo “milliardlar o‘yini” jozibasining o‘ziga xos bir qismi hisoblangan futbolchilar “oldi-sotdi”si ham o‘z o‘rnida qiziqarli jarayon va uni kuzatish maroqli. Kelgusi transferlar oynasigacha top-jamoalarning o‘zini o‘nglab olishini va Er yuzidan pandemiya yuzaga keltirgan to‘siqlar olib tashlanishini sabr bilan kutishdan boshqa choramiz yo‘q! 

gettyimages-1143325165_1_

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!