
Qizil kartochka o‘rinlimidi? Mourino o‘z munosabatini bildirdi
Angliya Premer-ligasi 4-turidan o‘rin olgan "Manchester Yunayted" - "Tottenxem" uchrashuvi maydon egalarining 1:6 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Birinchi taym so‘ngida, burchak zarbasi amalga oshirilayotgan bir paytda Erik Lamela va Antoni Marsyal kelisholmay qoldi. To‘p uchun kurashda Erik raqibiga zarba berib yubordi, frantsiyalik forvard esa darhol unga javob qaytardi. Yakunda bellashuvni boshqarib borayotgan hakam argentinalikka sariq, mankunianlar a’zosiga qizil kartochka ko‘rsatdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Joze Mourino ushbu vaziyat haqida fikr bildirdi:
"Men ko‘rolmay qoldim. Ishontirib aytamanki, "Manchester Yunayted" uchrashuvni 8 kishi bo‘lib yakunlashga loyiq o‘yin o‘tkazdi. Men buni yonginamda sodir bo‘lgan ba’zi vaziyatlarni ko‘rganim uchun aytmoqdaman. Ammo Entoni Teylorga qizil kartochka bermagani uchun e’tiroz bildirmoqchi emasman. Bu raqibga og‘ir zarba bo‘lardi.
Masalan, Lyuk Shou va Pogba qizil kartochkaga arziydigan qo‘polliklarni amalga oshirdi. Lamela bilan bog‘liq vaziyatda nima bo‘lganini bilmayman. Bilganim - biz shundoq ham g‘alaba qozonayotgandik. Bu shunchaki, o‘yinni osonlashtirdi, xolos", - dedi Mourino.
Fikrlar