
"Qizilqum"ga 5-o‘rinni olamiz deb bormagandik, murabbiy bilan o‘yinchilarning darajasi to‘g‘ri kelmadi" - Temurxo‘ja Abduholiqov
“Qizilqum”da yana o‘zgarishlar bo‘ladi. Bungacha murabbiylar va yana bir qator o‘yinchilarning shartnomalari tugagani haqida xabar berildi. Lazarevich bilan suhbat esa Sports.uz saytida chop etildi.
Jamoa safida to‘p surgan tajribali futbolchilardan biri – Temurxo‘ja Abduholiqov joriy chempionatda navoiyliklar tarkibiga katta maqsadlar bilan qo‘shilgani yodimizda.
Aftidan, futbolchining rejalari endi o‘zgaradi. Temurxo‘ja Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevning savollariga javob berar ekan, jamoasini o‘zgartirmoqchiligini ham aytdi.
- O‘ziga yarasha qiziq kechgan chempionat yakunlandi. Bu kim uchundir omadli, yana kim uchundir buning aksi kuzatildi. Abduholiqov uchun qanday o‘tdi?
- Mavsumdan qoniqish hosil qilmadim. Lekin Xudoga shukr, bundan ham yomon bo‘lishi mumkin edi. Albatta, bundan ham yaxshiroq o‘tkazishimiz ham mumkin edi. Qo‘ldan kelganicha harakat qildik. Ammo “Qizilqum”ga 5-o‘rinni olamiz deb bormagandik. Kamida medallar uchun kurashadigan jamoa shakllanayotgani uchun borgandik. Niyatimiz shunday edi. Biroq bir qancha faktorlar rol o‘ynadi.
- Aynan shu xususida so‘ramoqchi edim. Mavsum boshida siz bilan suhbatlashganimizda “Qizilqum”ning maqsadi jiddiyligi uchun shu klubni tanlaganingiz haqida aytgandingiz. Mavsum yakunlanib, ortda qolgan birinchilikni tahlil qilganingizda qaerda xato qildim, deb o‘ylayapsiz?
- Xato qildim desam bo‘lmaydi, lekin menga katta dars bo‘ldi. Agar hammasi menga bog‘liq bo‘lganida xato qildim, desam bo‘lardi. Vaziyat birdaniga o‘zgarib ketdi. Bu xato emas, juda katta dars bo‘ldi. Shu o‘rinda “Qizilqum” jamoasiga yangi mavsumda muvaffaqiyat tilayman. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa yig‘ishadi, deb umid qilaman. Hammaga rahmat, yil davomida bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga ham tashakkur.
- Bunday holatda ko‘proq nimani nazarda tutyapsiz? Masalan, muhitda yoki boshqa jabhada yoqimsiz vaziyat kuzatildimi?
- Shuncha yillik faoliyatim davomida ko‘plab muammolarga duch keldimki, hali bunday holatga shu yilning o‘zida tushmagandim. Aslida muammo – bu futbolchi sport formasini saqlab turish va yaxshiroq o‘yin ko‘rsatish bo‘lishi kerak. Qolgan narsalar uning uchun muammo bo‘lmasligi darkor. Negaki, o‘yinchi bor e’tiborini faqat futbolga qaratishi kerak bo‘ladi. Bizda shunchalik muammolar bo‘ldiki, bir xil paytlarda futbol bir chetda qolib ketdi.
- Bosh murabbiy bo‘lib ishlagan Nikola Lazarevich ham iste’foga chiqdi. Yil davomida murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasida qandaydir kelishmovchilik borligi haqida eshitib keldik. Bu borada chempionat davomida hech kim aytgisi kelmadi. Balki hammasi tugagach, endi nima bo‘lganini aytarsiz...
- Kelishmovchilik bor edi. Bu yilning boshidan boshlangan. Shunda ham biz professional sifatida futbol o‘ynadik. Murabbiyning darajasi bilan yig‘ilgan o‘yinchilarning darajasi bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmadi. Shuning uchun juda katta tushunmovchiliklar bo‘ldi. Qisqa qilib aytganda shunaqa. Hammasini mayda detallarigacha aytib o‘tirmoqchi emasman. Butun mavsum davomida murabbiyni hamma maqtab keldi. O‘yinchilar o‘ynashni xohlashmayapti va yana boshqa gap-so‘zlar. Mayli, indamayman, qani ko‘ramiz. Shunda kimni saviyasi past yoki balandligini o‘zlari bilib olishadi.
- “Qizilqum”ni tark etdingizmi yoki yana qolish imkoniyatingiz bormi?
- Yo‘q, “Qizilqum”da umuman qolmayman. Bu aniq. Shu oyda shartnomam tugaydi.
- Sizga yana jiddiy takliflar borligi xususida ma’lumotlar bor. Muzokaralar qanday davom etyapti?
- Ha, muzokaralar ketyapti. Klublardan takliflar bor. Ammo aytmoqchi emasman va o‘zimni ham reklama qilmoqchi emasman. Lekin O‘zbekistonda o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jamoalardan chaqiruvlar bo‘lyapti. Hali o‘ylab turibman, bir qarorga kelmadim. Eng yaxshi variantni tanlashga harakat qilamiz.
- O‘tgan safar “Qizilqum”ni tanladingiz, ammo “Nasaf”ga o‘tishingiz ham mumkin edi. Balki shunday qilganingizda Kubok yutgan bo‘lardingiz. Endi hammasini etti o‘lchab bir kesasizmi?
- Ha, endi hamma narsani hisobga olaman. Aytdim-ku, men uchun dars bo‘ldi. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin?!
- Eshitishimcha, “Neftchi”dan sizga jiddiy qiziqish bor ekan?
- Ha, muzokaralar ketyapti, “Neftchi” bilan. Ko‘ramiz, nasib qilgani.
- Mabodo, sizni yana legioner sifatida ham ko‘rib qolishimiz mumkinmi?
- Shu variantni ham kutib turibman. Shuning uchun oldindan bir qarorga kelmoqchi emasman. Xorijdan ham takliflar bo‘lyapti.
- “Qizilqum”da ham to‘purarlik salohiyatingizni ko‘rsata oldingiz. Adashmasam, chempionatda 13 ta, Kubok bahslarida 2 ta gol urdingiz. Bu sizga biroz bo‘lsa ham yupanch beryaptimi?
- Hujumchining ishi, bu. To‘g‘ri, gol urish oson emas. Lekin yupanch bo‘lmadi. Chunki o‘tgan yili men chempionatni o‘zida 15 ta gol urgandim, bu safar kamroq urdim. Bu to‘g‘risida o‘ylamadim.
- O‘zbekiston chempionatida 4 yildan buyon Dragan Cheran to‘purar bo‘lib kelmoqda. Mahalliy hujumchilarga eng yaxshi to‘purarlik nasib qilmayapti. Cheranni 4 yildan beri to‘purarlikni o‘zida saqlab kelayotgani siz uchun nimani anglatadi?
- Nimani anglatadi? Cheranni yaxshi hujumchi va kuchli futbolchiligini. Cheran atrofida ham yaxshi ijrochilar bor. U “Nasaf”da to‘purar bo‘lmagan. O‘shanda ham “Nasaf” yomon jamoa emasdi. Cheranni “Qizilqum” yoki boshqa joyda to‘purar bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Ko‘p narsa jamoaga ham bog‘liq.
- Siz uchun bu yilgi mavsumning uch nafar eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi kim?
- Birinchisi Dragan Cheran. Chempion bo‘lishdi. Ikkinchisi Xusniddin Aliqulov, uchinchisi Bobur Yo‘ldoshev. Murabbiylardan Temur Kapadze, Ro‘ziqul Berdiev va Maksim Shatskix.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar