Qiziq, Rashidov nega yana jamoasiz qoldi? Yoxud uni xorijliklar kuzatyapti...mi?

  • 3 avgust, 2022, 17:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yozgi tanaffus ham tugab, yana chempionat o‘yinlari boshlanib ketdi. Transfer oynasi 4 iyuldan 30 iyulga qadar ochiq turdi. Bu vaqt davomida o‘zbek jamoalari o‘zlariga kerakli bo‘lgan futbolchilarni qo‘lga kiritishga harakat qildilar. Bu vaqtda o‘yinchilarning o‘zlarida ham rejalar bo‘lib, klubini o‘zgartirish payida bo‘lishadi. Albatta, hammasi vaziyatga qarab. Bunday paytda qaysi klubning qanday transfer amalga oshirgani e’tiborimizda turadi. Shuningdek, bo‘sh yurgan futbolchilarni ham qaysi klubda paydo bo‘lishini kuzatish qiziq.

Yil boshida bir qator yaxshi saviyadagi o‘yinchilar jamoasiz qolgani bizni biroz hayron qoldirgandi. Biroq ikkinchi davra arafasida ularning bir nechtasi o‘z klubiga ega bo‘lishdi. Masalan, tayanch yarim himoyachisi Vladimir Kozak jamoasiz qolgan futbolchilardan biri edi. Chempionatni biror-bir klubda boshlash uchun unda imkoniyatlar bor edi. Biroq qandaydir sabablarga ko‘ra ish o‘xshamadi. Oxir-oqibat Kozak birinchi davrani maydon tashqarisida o‘tkazib yubordi. Ikkinchi davra arafasida unga takliflar yana bo‘ldi. Ularning orasida “Navbahor”ning varianti Kozak uchun har tomonlama qulayi edi. Shu sababli namanganlik futbolchi Babayan jamoasiga o‘tib qo‘ya qoldi. U bundan zo‘rini ham topa olmasdi!

sanjar_2

Akbar Ismatullaev ham klubsiz qolib ketgan o‘yinchilardan biri edi. Himoyachi “Metallurg”ni tark etgach, hech qaerda ko‘rinish bergani yo‘q. Lekin ikkinchi davra oldidan u ham o‘z jamoasiga ega bo‘ldi. Toshkentning “Bunyodkor” klubi Ismatullaevga shartnoma taklif qildi. Bunday taklif Akbar uchun ayni muddao edi. Yoki bo‘lmasa hujumchi Ivan Nagaevni olaylik. U ham o‘tgan yili “Metallurg” sharafini himoya qildi. Joriy chempionatning dastlabki qismida dam olishiga to‘g‘ri keldi. Chunki o‘ziga ma’qul keladigan variantlar topilmadi, chog‘i. Biroq ikkinchi davra oldidan Nagaev sobiq jamoasi – “Lokomotiv”ga qaytdi. “Temiryo‘lchilar” Ivanning imkoniyatlaridan yana bir bor foydalanib ko‘rishni lozim topdilar. Shunday qilib, yuqorida sanab o‘tgan futbolchilar yarim mavsumlik “xordiq”dan so‘ng yana katta futbolga qaytishdi. Lekin hammasi ham emas.

Yana sizu, bizga yaxshi tanish bo‘lgan ijrochilar bor edi. Bu borada gap ketganda birinchi navbatda Sanjar Rashidovni tilga olib o‘tmasak bo‘lmaydi. O‘tgan oyda 31 yoshni qarshi olgan yarim himoyachining oxirgi jamoasi Toshkentning “Bunyodkor”i bo‘ldi. Rashidov faoliyatining katta qismini o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasida o‘tkazdi. Orada yarim mavsum “Nasaf” uchun ham o‘ynab qaytgan. 2021 yilgi mavsumda “Bunyodkor” sharafini himoya qilgach, ushbu chempionatni boshqa klub safida boshlashi kutilgandi. Bu borada Sanjarni o‘z safida ko‘rishni xohlagan klublar ham bor edi. Ammo futbolchi birinchi davrada biroz xordiq chiqarishni lozim topgan holda o‘z ustida ishlashda davom etdi. Yozgi transfer vaqtida uning biror-bir klub bilan kelishuvga erishishi kutilgandi va voqealar rivoji shunga qarab ketayotgandi ham. Uni yozgi yig‘in chog‘ida “Metallurg” jamoasining mashg‘ulotida uchratgandik. Natijada Sanjar nihoyat o‘z jamoasiga ega bo‘libdi-da, degan hayolga bordik. Lekin transfer oynasi yopilgan mahalda “Metallurg”ning yangi o‘yinchilar ro‘yxati e’lon qilinganida Sanjar Rashidovga ko‘zimiz tushmadi.

sanjar1_1

Keyin bilsak, “Metallurg” bilan shartnoma imzolanmagan va shu tariqa futbolchi yana jamoasiz qolib ketdi. Biroq hozir bu haqida aniq aytishga shoshilmay turganimiz ma’qul. Garchi o‘zbek klublari orasida unga joy topilmagan bo‘lsa-da, xorij klublari bilan muzokaralar olib borilayotgani borasida xabarlar yo‘q emas. Aniqrog‘i, Rashidovni legioner sifatida ko‘rsak bundan ajablanmaymiz. Bilasiz, uning akasi Sanjar Rashidov Qatarda “Umm Salal” tarkibida to‘p suryapti. Ukasi Sahob Rashidov esa hozirda Samarqandda “Dinamo” sharafini himoya qilmoqda. Sanjar Rashidovni hali futbolda aytadigan so‘zi bor. Shuning uchun u taslim bo‘lmasdan yangi jamoasida imkoniyatini maksimal darajada ko‘rsatish ishtiyoqida. Uning yangi klubi xorijdan bo‘lishi haqiqatga yaqinroq.       

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!