
Rasman! Superliga klubida ispaniyalik mutaxassis ish boshladi
Bundan avvalroq “Metallurg” PFK bosh murabbiyi Luisma Ernandesning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yordamchisi Alberto Barrikal oilaviy sharoiti tufayli o‘z yurtiga jo‘nab ketganligi haqida xabar bergandik. Kuni kecha Bekobodga Piriney orollaridan yana bir ispan mutaxassisi etib keldi.
Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, endilikda jamoa o‘yinchilarining jismoniy tayyorgarligiga jismoniy faollik hamda sport fani yo‘nalishi bo‘yicha falsafa fanlari doktori Roberto Ovexero javob beradi.
Ma’lumot uchun, Roberto Ovexero 48 yoshda, 1974 yilning 2 sentyabr kuni tavallud topgan. 1993-1998 yillar mobaynida Madrid politexnika universitetining jismoniy tarbiya fakultetida tahsil olgan. Futbol hamda gimnastika bo‘yicha sport ustasi.
Ish faoliyatini suzish turi bo‘yicha boshlagan. 1995 – 2015 yillar oralig‘ida Madrid futbol federatsiyasi qoshidagi murabbiylar mahorati maktabida o‘qituvchi bo‘lib xizmat qilgan. 2013 yildan 2016 yilgacha Madriddagi sport fizioterapiyasiga ixtisoslashgan Evropa universiteti magistrantlariga dars bergan. 2019-2021 yillar mobaynida esa Madrid politexnika universitetida faoliyat olib bordi. Doktorlik dissertatsiyasini ham aynan shu dargohda yoqladi. 2015 yili UEFAning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha A toifali murabbiyi litsenziyasiga ega bo‘ldi.
Fikrlar