
Ravshan Ermatov "Andijon"ning 60 yillik yubileyi marosimida: "Andijon"ni OChLda munosib ishtirok etishi va uzoqqa borishini maqsad qilishimiz kerak"
Bugun “Andijon” futbol klubining 60 yillik yubiley bayrami. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi delegatsiya Andijonga keldi.
Dastlab futbol akademiyasida bo‘ldilar. So‘ngra Andijon shahridagi “Yoshlar markazi”da muxlislar, futbol faxriylari, futbol mutasaddilari, yosh futbolchilar va OAV vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Ravshan Ermatovdan tashqari, Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov, Azamat Abduraimov, Server Jeparov, Raxmiddin Zikriyaev va Mirzahakim To‘xtamirzaev ishtirok etdilar.
Dastlab O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovga so‘z berildi.
“Assalomu alaykum, hurmatli aziz andijonliklar! Barchangizni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Sizlarni “Andijon” futbol klubini 60 yoshga to‘lgani bilan muborakbod etamiz. Hammasi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Katta mehnat talab qilinadi va buni samarasini ko‘rib turibmiz, etkazganiga shukr. Ko‘p yillardan beri bilamizki, Baxtiyor Hamidullaev, Rustam Abdiev va boshqalarni ko‘rib turibmiz. Bular “Andijon” futbolini afsonalari. Hurmatli Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashlari, g‘amxo‘rliklari evaziga futbolimizda shuncha shart-sharoitlar yaratilyapti. Natijalar ham shunga yarasha bo‘lmoqda. “Andijon”ni birinchi marta O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqib va o‘sha finalni ichiga kirib ketadigan darajada o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozongani – bu butun Andijon halqini yutug‘i. Andijonda futbol har doim bo‘lgan. Eng muhimi, keyingi yili aynan Andijonda Osiyo Chempionlar ligasi o‘yinlari o‘tishi butun Andijon uchun katta bayram!
Bu yil birinchi marta yurtimizda FIFAning futzal bo‘yicha jahon chempionatini birgalikda muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Kuni kecha Koreyadan uchib keldim. U erda FIFA prezidenti Janni Infantino yuqori minbardan turib 211 davlat futboli rahbarlari o‘tirgan zalda O‘zbekistonni alohida e’tirof etib, o‘z tarixida birinchi marta O‘zbekiston FIFA musobaqasini tashkil qilganiga qaramaslan uni eng yuqori saviyada va nazarimda eng yaxshisini tashkil qildi, deya juda iliq so‘zlarni aytdi. Ayniqsa, muxlislarimizni alohida e’tirof etdi. Ishqibozlar Andijonni butun dunyoga yanada tanitdi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Xudoga shukr, Yurtimizdagi har bir sohada rivojlanish bo‘layotgani kabi futbolimizda ham rivojlanish bo‘layotganini har birimiz ko‘rib turibmiz. Buni barcha tan olyapti. Mana, Olimpiadaga birinchi marta chiqdik. Olimpiada ishtirok etishni butun umr orzu qilardik. “Ultras Burgut” Frantsiyada butun dunyoga muxlislik qilish darajasini namoyish qildi. Bu borada yangi madaniyat shakllandiki, butun dunyo ishqibozlarini birlashtirdi va bu borada katta maktab yaratdi.
60 yil kichkina muddat emas. Lekin kelajak endi kelyapti. Akademiya bolalariga ham aytdik. Bizga son emas, sifat kerak, tizim kerak. Har bir yosh toifalardagi terma jamoalarni yillar davomida bitta tizim asosida tayyorlab borishimiz kerak. Bu erdagi yosh avlod tarbiyalanuvchilari birinchi o‘rinda “Andijon” jamoasida to‘p surishni maqsad qilish kerak. “Real” yoki “Manchester” emas, birinchi navbatda “Andijon”! Vatanparvarlik shu erdan boshlanadi. Undan keyin albatta terma jamoa libosini ham kiyaman, yurtimni xalqaro maydonlarda munosib himoya qilaman, degan orzu bo‘lishi albatta lozim. Shunga qarab mehnat qilsa, intilsa albatta erishadi.
“Andijon” futbol klubiga alohida baza qurilishi boshlandi. Buning uchun “Uzavtosanoat” rahbari Ulug‘bek aka Ro‘ziqulovga katta rahmat. Jamoani rivojlanishiga ulkan yordamini beryaptilar. Bunday qilinayotgan ishlar, rivojlanishga qaratilgan va kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasini munosib o‘tkazish, guruhdan chiqib yanada uzoqqa borishga maqsad qilishimiz kerak. Shunchaki ishtirok etmaslik kerak. “Andijon”ga doim eng yaxshilari yarashadi”, - deydi Ermatov.
Ravshan Sayfiddinovich so‘zini yakunlaganidan keyin “Andijon” klubining 60 yillik yubileyi munosabati bilan o‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun O‘FA tomonidan ta’sis etilgan “ko‘kran nishon”larini “Andijon” klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov, U21 jamoasi murabbiyi Abdurashid Ismoilov va “Andijon” fan-klubi raisi Nodirbek To‘ychievga tantanali ravishda topshirdi.
Shundan so‘ng To‘lagan Isoqov quyidagidlarni aytdi:
“60 yillik yubiley har doim bo‘lavermaydi. Andijon halqi bunday kunlarni orziqib kutgan. Mana, niyatiga etdi. 60 yoshga to‘lganda O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritishdi. FIFAning futzal bo‘yicha jahon chempionatining bir bo‘lagi ham Andijonda o‘tdi. Bunday bayram bilan Andijon xalqini tabriklaymiz. Endi jamoani oldida yanada katta mas’uliyat turibdi. Kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Jamoani ham kuchaytirish kerak. OChLda faqatgina ishtirok bilan cheklanmasdan, o‘zini albatta ko‘rsatishi lozim. Sizlarga omad tilaymiz. Yoshlarga nasihatim: o‘zbek futbolini kelajagisizlar. Qulog‘inglarga quyib olinglarki, doim futbol ishqibozlarini hurmat qilinglar. Nimagaki, futbolchilarni ko‘kka ko‘taradigan ham muxlislar va erga uradigan ham muxlislar bo‘ladi. Sizlarga omad tilayman!”
Shundan keyin tadbir ishtirokchilari, OAV vakillari mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Savolim Server Jeparovga. Biz yoshlarga kelajakda haqiqiy futbolchi bo‘lishimiz uchun nima maslahat berasiz?
Server Jeparov: “Chinakam professional futbolchi bo‘lishi uchun birinchi navbatda futbolni yaxshi ko‘rish kerak. Mashg‘ulotlar vaqtida bor imkoniyatlarni ishga solib, o‘zingizni ayamasdan, berilgan vaqt davomida faqat futbol haqida o‘ylab shug‘ullanish kerak. Mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtda kun tartibiga amal qilish shart va yaxshi ovqatlanish lozim. Agar futbolni chinakamiga sevsangiz haqiqiy professional futbolchi bo‘lasizlar. Sizlarga omad!”
Mirzahakim aka siz qanday shahlovchi bo‘lib qolgansiz? Shu haqida gapirib bering!
Mirzahakim To‘xtamirzaev: “Aslida hammaga o‘xshab bolalikdan mahallada to‘p tepganmiz. Futbolni yaxshi ko‘rganmiz. Ustozlarimiz sharhlarini eshitib katta bo‘lganmiz. Vaqti kelib O‘zbekiston chempionati o‘yinlari boshlanganida O‘zbekiston televideniyasidan futbol o‘yinlarini sharhlab ko‘rishga taklif tushgan. Sinovdan yaxshi o‘tganman shekilli, mustaqil ravishda futbol sharhlashni boshlaganman. Bu oddiy taklif bo‘lgan. Aslida o‘zim Pedagogika Institutini tamomlaganman. Rus tili adabiyoti o‘qituvchisiman. Hozir ham Universitetda sport jurnalistikasida talabalarga saboq berib kelyapman”.
Savolim To‘lagan Isoqovga. Tohir Malik bir gapni aytgandi: hozirgi Messi To‘lagan Isoqovni oldida ip esholmaydi, degan. Bugungi kunda har bir jamoa hujumchilarga unchalik yolchimayapti. Hujumchilarga nima etishmayapti?
To‘lagan Isoqov: “Savol uchun rahmat. Futbolchi kim bo‘lishidan qat’iy nazar Xudo tomonidan berilgan iqtidori ham bo‘lishi kerak. Agar bu bo‘lmasa juda ham qiyin. Maydonda 11 kishi o‘ynaydi, hech biri bir-biriga o‘xshagan bo‘lmaydi. Mana, Birodar Abduraimov o‘tiribdilar. Ularni uslubi umuman boshqa edi. Meni uslubim boshqacha edi. Bolalarni o‘ziga ozgina qo‘yib berishimiz kerak. Hammani bir xil o‘rgatyapmiz. Mirjalol Qosimov hech qachon tez yugurmagan. Ammo aqlli edi va maydonda ko‘ra bilishi ajoyib darajada bo‘lgan. Kimdir tezligi bilan yutadi. Boshqasi texnikasi bilan, yana kimdir fintlari bilan. Bolada qaysi tomonlama iqtidori bo‘lsa, o‘sha jihati ustida ko‘proq ishlashi kerak”.
Fikrlar
\