Ravshan Haydarov: Bejizga sparring raqib sifatida “Nasaf”ni tanlamadik

  • 23 dekabr, 2017, 14:50
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha "Nasaf" hamda O‘zbekiston U-23 terma jamoasi o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu bahsdan so‘ng terma jamoamiz ustozi Ravshan Haydarovning o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda “Nasaf” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tecno

- Avvalom bor, bugungi o‘yinni tashkil qilib bergan “Nasaf” klubi rahbariyatiga, alohida Ro‘ziqul Sa’dullaevichga katta minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, bor yo‘g‘i bir hafta mobaynida faqat jismoniy tiklanish ustida ishlayotgan jamoaning o‘yini etarli darajada bo‘lmaydi. Biz esa bir oy mobaynida uzluksiz o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib turibmiz. Bu hammaga tushunarli. Bu uchrashuv ko‘proq biz uchun muhim edi. Biz bejizga sparring raqib sifatida “Nasaf”ni tanlamadik. Bunga bugun ham qaytadan amin bo‘ldik. Jamoada yuqori mahoratga ega futbolchilar jamlangan. Bu klub har bir bellashuvda yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etadi va raqibini ham yuqori darajada harakat qilishga majbur qiladi. O‘zingizga ma’lum, yaqinda Tailandda o‘tgan xalqaro musobaqada qatnashib qaytdik. Bunday saviyadagi musobaqa ishtirokidan so‘ng, to‘xtab qolishimiz mumkin emas. Shuning uchun biz, nazorat sinov uchrashuvini o‘tkazish uchun “Nasaf”ga iltimos qildik. Bugungi o‘yin mazmunli va muxlislarbop bo‘ldi deb, ayta olaman.

Albatta, bunday uchrashuvlarda hisob hech qanday ahamiyatga ega emas. Muhimi, katta musobaqa oldidan biz uchun foydasi katta bo‘ladi.

Yakuniy tarkib bo‘yicha oxirgi qaror? Albatta, bunday nazorat uchrashuvlari bir tomondan ko‘p narsaga oydinlik kiritsa, ikkinchi tomondan savollar ham paydo qiladi. Hali tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda. Biz hozir jamoaga 23 nafar futbolchini jalb qilgan bo‘lsak, 5-6 nafar zaxira nomzodlarimiz bor. Masalan, bugungi o‘yinda darvozabon Umidjon Ergashev o‘z o‘yini bilan terma jamoamizga davogar ekanligini ko‘rsatdi. Buni ko‘rib to‘g‘risi juda xursand bo‘ldim. Chunki, bizga qanchalik tanlov katta bo‘lsa, shunchalik imkoniyatimiz ham oshadi. To‘g‘ri, hozirgi darvozabonlarimizga hech qanday e’tirozim yo‘q, ammo ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz. Shu jihatdan biz har qanday vaziyatga tayyor turishimiz kerak.

Imkoniyatimiz qanday? Biz bu tarkib bilan ko‘pdan buyon birgamiz, jamoa oldiga katta maqsad qo‘ysa bo‘ladi. Shogirdlarim ham shu darajaga etib kelishdi. Ular endi o‘z oldilaridagi katta vazifasini ado etishlari qoldi. Ularni jismoniy va taktik jihatdan yuqori darajadagi o‘yin namoyish etishga loyiq, deb o‘ylayman. Maqsadimiz yuqori. Ishonamanki, bo‘lajak musobaqada jamoamiz yurtimiz sha’nini munosib himoya qiladi, - deydi Ravshan Haydarov. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!