Ravshan Haydarov: "Raqibni o‘rganib chiqdik va o‘ylashimcha, bugun rejalarimiz ish berdi" (matbuot anjumanidagi fikrlar)

  • 11 mart, 2023, 22:49
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi chorak finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Avstraliya uchrashuvida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa omad vakillarimizga kulib boqdi - 5:4. Bellashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida vakillarimiz bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Avvalombor, bizni orziqib kutgan muxlislarga, halqimizga rahmat aytaman. Jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan hammani tabriklayman! Futbolchilar ham katta mehnat qilishdi. Ularning oxirigacha kurashgani, o‘yinga jiddiy munosabatda bo‘lgani uchun minnatdorchiligimni izhor etaman. 

O‘yinga kelsak, biz raqibga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ularni o‘rganib chiqdik va o‘ylashimcha, rejalarimiz ish berdi. Yigitlar gol o‘tkazib yuborganiga qaramasdan o‘zida kuch topib, iroda ko‘rsatgani alohida e’tirofga munosib.

Keyingi bosqichda raqib tanlashimiz xato bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu pley-offda hamma o‘ziga yarasha kuchli. Biz jahon chempionatiga chiqdik, to‘g‘ri. Lekin hali vazifamiz to‘liq bajarilgani yo‘q. 

2015 yilda ham termamizni mundialga olib chiqqandim. O‘sha yili yigitlar o‘z toifasida eng kuchlilari bo‘lgan. Hozir ham futbolchilarim o‘z chizig‘ida eng zo‘rlari. Ular buni isbotlab kelishmoqda. O‘sha yilgi va hozirgi futbolchilarni solishtirmagan bo‘lardim. 2015 yilgi tarkibdagi yigitlarni ayni paytdagi jamoamizga o‘rnak sifatida ko‘rsatib kelganman. Buni tarkibdagi hamma yaxshi biladi.

Avstraliyaga qarshi maydonda muammolar yaratdik. Yigitlar reja asosida o‘yin namoyish etdi. To‘g‘ri, buning uchun ko‘p kuch sarfladik. Ammo shunday bo‘lishi aniq edi. Sababi, raqib o‘ta jiddiy edi. Mantiqan olib qaraganda, biz g‘alabaga loyiq edik, deb hisoblayman. 

O‘yinga kirishib ketish masalasi ham bor futbolchilarda. Zaxiradan chiqqan o‘yinchilar o‘yinga ko‘nikib ketishi ham kerak. Po‘latxo‘ja maydonda katta ko‘lamdagi vazifani bajardi. U g‘alaba uchun qo‘ldan kelganini qildi. Charchab qolgan futbolchilarni ko‘rishim bilan ularni o‘yindan oldim. Menimcha, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan yigitlar ham yaxshi harakat qildi. 

Biz keyingi bosqichdagi raqibdan bir kun ko‘proq dam olamiz. Ammo 120 daqiqa o‘ynaganimiz baribir seziladi. Shunga qaramay, e’tiborni boshqa narsalarga qaratishni ma’qul ko‘raman. Masalan, tiklanish masalasi bizni kutib turibdi. 

Bu yoshda ruhan tayyor bo‘lmasa, ularga qiyin bo‘lishi tabiiy. Ruhiyat biz uchun muhim. Bu borada psixologlar bilan ham ish olib boramiz. Tarkibdagi yigitlar har tomonlama kuchli bo‘lishi kerak. Shuningdek, ichki muhitni ham bir hilda ushlab turishimiz kerak. Maydonda 11 kishi o‘ynaydi. Biroq qolganlar ham sheriklarini qo‘llab-quvvatlashi lozim. Bugun biz shunday harakat qildik va maqsadimizga erishdik", - dedi mutaxassis.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
11/03/2023 23:33
Балли !!!