
"Real" Italiyada ispan klublarining noxush an’anasiga chek qo‘ya oladimi? (prevyu)
- 24 fevral, 2021, 22:42
- Javokhir Azimov
- 0
- Futbol
Evropa Chempionlar Ligasi ortda qolgan uchrashuvlari davomida ispan klublarining muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga guvoh bo‘ldik. "Barselona" maydoniga tashrif buyurgan PSJ yirik hisobdagi g‘alaba bilan ortga qaytdi. Shuningdek, "Borussiya" Dortmund va "Chelsi" ham La Liga jamoasini mag‘lub etdi. O‘z vaqtida ushbu mamlakat klublari "ko‘hna qit’a"da ketma-ket sovrinlarni hech kimga bermay kelgani yaxshi esimizda. Endi esa vaziyat biroz o‘zgardi. Lekin butunlay deyish niyatidan yiroqmiz. Sababi, bugun "Real" butun millat jamoalari nomi uchun ham maydonga chiqadi va bu qo‘shimcha motivatsiya bo‘lishi aniq. Bundan tashqari, "Qirollik klubi" EChL sovrinlari bo‘yicha peshqadam sanaladi. Biroq Gasperini boshchiligidagi "Atalanta" ham qorbobo qopidan tushib qolgan sovg‘a emas. Aksincha, ular yo‘ldan chiqqan zirapcha, taom ichidagi tosh va autsayderning "lucky punch" zarbasi. Tabiiyki, sizda yana boshqa variantlar bor. Biz esa bugun maydonga chiqib keladigan har ikki tomonning nega bunday ta’riflanayotganini tushuntirishga harakat qilib ko‘ramiz.

"Atalanta"
Bergamoliklar uchun hammasi ajoyib, bir qarashda. Yaxshi tarkib, so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatli natijalar, quvnoq futbol va golga tashna futbolchilar. Boz ustiga, tarkibi katta talofatlarga uchragan raqib. Gasperini shogirdlari uchun juda qulay raqib duch keldi deyish mumkin. Muhtaram "Real" Madrid tarafdorlari, bu gapdan keyin turli xil haqoratlar yog‘dirishga shoshilmay turing! Shunchaki, "qaymoqranglilar" bu mavsum autsayderlarga qarshi o‘yinlarni boy berayotganining o‘zi fikrimizni isbotlay oladi. Guruh bosqichining o‘zida kamtargina "Shaxtyor" Zidan jamoasini har ikki bahsda mag‘lub etdi. Bundan tashqari, Myonxengladbaxning "Borussiya"si ham madridliklardan ochko tortib olishga erishdi. Bu ham etmaganidek, "Real"da hozir jiddiy kadrlar muammosi yuzaga kelgan. Himoyadagi bo‘shliqlar "Atalanta" hujumchilari uchun qo‘l kelishi shubhasiz. Shu o‘rinda yana bir qiziqarli faktga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: "Atalanta" so‘nggi 4 o‘yinda 11 ta gol urdi. Klubning kayfiyati a’lo darajada. Ularning oxirgi "qurbon"i ham kuchsiz bo‘lmagan "Napoli" edi. Demak, bugungi to‘qnashuv oldidan bu tomondan ko‘nglimiz to‘q!

Taxminiy tarkib: Gollini, Jimsiti, Romero, Toloy, Gosens, Froyler, de Ron, Mexle, Pessina, Muriel, Sapata.
Jan-Pero Gasperini: Ilgari "Real" bilan duch kelmagan edik. Raqibimiz qay darajada kuchli ekanligini ertangi o‘yin ko‘rsatib beradi. Bu dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Ammo biz ham bu kabi o‘yinlarda o‘z kuchimizga tayanamiz. Birinchi bellashuvdagi g‘alaba ajoyib imkoniyat taqdim etadi. Biroq ehtiyotkorlikni ham esdan chiqarish mumkin emas.

"Real"
Yuqorida madridliklarning muammolari haqida gapirib o‘tdik. Keling, bu haqda batafsilroq to‘xtalamiz. Joriy mavsum "Qirollik klubi" katta jamoalar bilan yaxshi harakat qilayotgan bo‘lsa-da, o‘zidan kuchsiz klublarga qarshi ancha qiynalyapti. Boz ustiga, asosiy tarkibda harakat qilishga da’vogar 10 ga yaqin futbolchi turli sabablar bilan safdan chiqqan. "Qaymoqranglilar" sardori va ustuni Serxio Ramos, to‘purar Karim Benzema, eng qimmat transfer Eden Azar, kelajak ishonib topshirilayotgan Rodrigo, Valverde kabi futbolchilar o‘yin qaydnomasidan o‘rin olmadi. Undan tashqari, hozir asosiy tarkib o‘rinbosarlarida ham muammolar mavjud va ular ham Italiyaga kelmagan. Bu esa Zidan uchun juda katta bosh og‘riq, deb ikkilanmay aytish mumkin. Bunday holatdan Zidan qanday chiqib ketadi? Bu muammoning echimi barchaga qiziq va unga Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadigan o‘yin orqali javob olishimiz mumkin.

Taxminiy tarkib: Kurtua, Mendi, Varan, Nacho, Vaskes, Kazemiro, Kroos, Modrich, Vinisius, Asensio, Dias.
Zinedin Zidan: Biz uchun boshqacha o‘yin bo‘ladi. Chunki "Atalanta" ziga xos ishlarni amalga oshira oladigan jamoa hisoblanadi. Bahsga moslasha olishimiz lozim. Raqib jismoniy jihatdan kuchli va hujumda yaxshi harakat qiladi. Ularni yaxshilab o‘rganib chiqdik va ertaga maydondan g‘alaba bilan chiqishga harakat qilamiz.

Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar