
“Real” mutasaddilari “Liverpul”ning “qonini so‘ryapti”
“Real” uzoq davom etgan muzokaralarda Trent Aleksander-Arnoldni Madridga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirgan va buning ortidan qanot himoyachisi “Liverpul” bilan yangi shartnoma tuzmadi.
Madridliklar liverpulliklarning kuchli o‘yinchilarini o‘ziga og‘dirishni to‘xtatmaydigan ko‘rinadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Real” yozgi transfer oynasida “Liverpul” safidan yana ikki futbolchini olib ketishni rejalashtirmoqda. “Qirollik klubi”ga himoyachi Ibrohim Konate va yarim himoyachi Aleksis Mak Allister yoqib qolgan.
Konatening “Liverpul” bilan amaldagi shartnomasi 18 oydan so‘ng yakuniga etadi va yangi kelishuv bo‘yicha muzokaralar hozircha natija bermayapti. Bu esa nafaqat “Real”, balki PSJning ham o‘yinchiga qiziqishini ham kuchaytirdi.
Aleksis Mak Allisterning Ispaniyaga ko‘chib o‘tishi borasida bir necha bor aloqalar bo‘lgan. Bu borada futbolchining otasi — Karlos Mak Allister izoh berdi:
- Hozircha, o‘g‘lim “Liverpul”ni tark etmaydi, deb o‘ylayman. Lekin hammasini vaqt ko‘rsatadi. Aleksis o‘zini bu erda baxtli his qilmoqda. U hozirda Manchesterda istiqomat qiladi, yonida Robertson, Gomez, sal nariroqda Lisandro Martines yashaydi. Aleksis ingliz tilini yaxshi biladi, o‘yinning qoidalarini tushunadi va odamlar bilan muloqot qila oladi. Bularning bari Aleksisning klubga moslashishiga yordam berdi, - dedi Karlos Mak Allister.
Fikrlar