
Rekordchi "Paxtakor", Sarkisyan natijasini takrorlashga yaqin turgan Qosimov ...
Xabaringiz bor, 20 dekabr kuni Namanganda O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. "Paxtakor" matbuot xizmati ushbu o‘yin oldidan qiziqarli faktlarni ma’lum qildi.
"Paxtakor" kubok finallarida eng ko‘p ishtirok etgan jamoa sanaladi. Namangandagi final "sherlar" uchun 16-bor hal qiluvchi bahsga aylanadi. "Bunyodkor" 9, "Neftchi" 7 va "Nasaf" 6 bor finallarda maydonga tushgan. Finalda ketma-ket uchta to‘qnashuv dastlabki bor "Paxtakor" va "Bunyodkor" o‘rtasida 2007, 2008 va 2009 yilda kuzatilgan. Endi "Paxtakor" va AGMK ham ketma-ket uchinchi to‘qnashuvda ishtirok etadi. Finallarda eng ko‘p kuzatilgan qarama-qarshilik "Paxtakor" va "Neftchi" o‘rtasida ro‘y bergan. Bu jamoalar jami 5 marta O‘zbekiston Kubogi finallarida bahs olib borgan. "Paxtakor" - "Bunyodkor" va "Bunyodkor" - "Nasaf" esa uchtadan finallarda ro‘baro‘ kelgan.
Ketma-ket finallarda ishtirok etish bo‘yicha rekord "Paxtakor"ga tegishli. "Sherlar" 2001 yildan 2009 yilgacha qatorasiga 9 finalda maydonga tushgan! Ikkinchi natija "Bunyodkor"ga tegishli bo‘lib, bu klub 2007-10 yillarda ketma-ket 4 bor finalda o‘ynagan.
Murabbiylar orasida ketma-ket uch finalda jamoasi bilan ishtirok etgan mutaxassislar orasiga Shota Arveladze ham qo‘shildi. Bungacha Aleksandr Ivankov, Yuriy Sarkisyan va Ravshan Haydarov shunday ko‘rsatkich qayd etishgan. Eng ko‘p finallarda jamoasi bilan qatnashgan murabbiy Yuriy Sarkisyan bo‘lib, u "Neftchi" bilan 7 marta final ishtirokchisiga aylangan. Mirjalol Qosimov uchun 2020 yilgi final 7-hal qiluvchi bahs bo‘ladi. Viktor Jalilov 5, Ro‘ziqul Berdiev 4 bor finallarda qatnashgan. Shota Arveladze 20 dekabr kuni O‘zbekiston Kubogi finalida eng ko‘p ishtirok etgan xorijlik murabbiyga aylanadi va uni ikki marta yutish borasida Tachmurod Agamurodovga tenglashib olishi mumkin. Hozirgacha xorijlik mutaxassislardan Leonid Ostroushko, Sergey Butenko, Tachmurod Agamurodov, Ziko va Arveladze zafar quchgan.
AGMK va "Paxtakor" ketma-ket uchinchi bor to‘qnash keladigan "O‘zbekiston kubogi-2020" finali 20 dekabr kuni Namangandagi "Markaziy" stadionda soat 15:00da boshlanadi.
Fikrlar