Revanshsiz shartnomaning oqibati yoxud “Qirol Loma”ning kechirilmas xatosi

  • 11 dekabr, 2021, 10:40
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

2020 yilning oktyabrida engil vaznda (61,2 kg) WBC (frenchayzing), WBA, WBO va IBF kamarlari uchun kechgan va to‘liq 12 raund davom etgan Lomachenko - Lopes jangini eslaylik. Darhaqiqat, ushbu jangning 1-yarmida Lopes faoliyatining “yulduzli raundlar”ini o‘tkazdi va bu Lomaning o‘z boksini ko‘rsatishiga ta’sir etmay qolmadi. Jangning avvalidagi raundlarda Lopesning tezligi va kuchli zarbalari sobiq P4P etakchisini qimmatli raundlarni boy berishiga olib keldi, jangning ikkinchi yarmi esa Vasiliy uchun nisbatan samaraliroq kechdi.

Tecno

Bir faktni inkor etib bo‘lmaydi: Loma o‘zidan ko‘ra yoshroq va tezkorroq bo‘lgan Bruklin o‘g‘lonini mag‘lub etgandi, deb ishonch bilan aytish qiyin. Ammo u hakamlar belgilagan natijalardan ko‘prog‘iga loyiq edi. E’tibor bering, Juliya Lederman faqatgina 1 raundni Lomachenko foydasiga bergan (119-109), Stiv Vaysfeld esa atigi 3 raundni ukrain bokschi foydasiga hisoblagan (117-111). Tim Chitxem esa 4-raundda 2 karra Olimpiada chempioniga ustunlikni bergan (116-112).

lopez-lomachenko-action_3

Achinarlisi, Lomachenkoning o‘sha jangning 1-yarmidagi strategik xatosi tufayli jang shartnomasiga revansh o‘tkazish bandi qo‘shilmaganini katta muammoga aylantirib qo‘ydi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng darhol Loma va uning menejeri Egis Klimas revansh bo‘yicha hech qanday tashkiliy muammo bo‘lmasligini bildirdilar. Bunga etarli asoslar bor edi. Birinchidan, janggacha P4P reytingining asosiy figuralaridan biri sanalgan “Qirol Loma”ning mavqeyi juda yuqori edi. Ikkinchidan, Lopes ham xuddi Vasiliy singari "Top Rank" promouterlik kompaniyasi mijozi ekanligi tufayli Bob Arum bilan o‘zaro kelishuvga erishilsa basdek ko‘ringandi.

Lekin voqealar rivoji sobiq 3 divizion chempioni kutganidek bo‘lib chiqmadi: Lopes revansh jangi bo‘yicha shartnomada kelishuv mavjud emasligini hamda o‘zida ham revanshga ishtiyoq yo‘qligini bildirdi. Nuqta. Imzo. Muhr.

Lopesning revanshga rozilik bermagani boshqa masala. Ammo Lomachenkodek boks dahosining shartnomadagi ehtiyotsizligi uni engil vaznda o‘zi hech qachon xohlamagan pozitsiyada bo‘lishiga olib keldi: endi ukrainalik bokschi Lopes allaqachon mag‘lub etib bo‘lgan, munosib raqib bo‘la oladigan jangchilarga qarshi ringga chiqishga majbur bo‘lmoqda.

Loma Lopesdan engilganidan so‘ng, ilk jangini shu yilning 26 iyunida yaponiyalik Masayoshi Nakataniga (19-2-0, 13 nokaut) qarshi o‘tkazdi va 9 -raundda raqibini nokautga uchratgan holda, yorqin g‘alabaga erishdi. Lopes Nakatanini 2019 yilning iyulida ochkolar evaziga katta ustunlikda mag‘lub etgan va o‘sha jangida o‘z darajasini ko‘rsata olmaganini aytib o‘tgandi.

Lomachenko bu orqali qaysidir chempionga qarshi jangni kafolatladimi? Yo‘q, uning endigi raqibi 2 yil oldin Lopesdan nokautga uchragan, engil vazndagi eng munosib raqiblardan biri, sobiq IBF chempioni ganalik Richard Kommi (30-3-0, 27 nokaut) bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, Kommi yaxshigina mablag‘ evaziga ukrainalik yulduzga qarshi jangga rozilik bergan kam sonli jangchilardan biri sanaladi.

Vasiliy-Lomachenko-vs-Richard-Commey_pose-Boxing-Photos-1_3

Lomaning favqulodda tug‘ma iste’dod egasi ekanligi tufayli u Kommiga qarshi jang oldidan 10/1 nisbatda favorit sifatida e’tirof etilmoqda. Sobiq P4P etakchisining so‘zlariga ko‘ra, ganalik sobiq chempion aynan Vasiliy xohlagan 1-raqamli raqib emas: “bu – boks va unda doim ham siz xohlagandek bo‘lmasligi tabiiy. Shubhasiz, Lopesga mag‘lub bo‘lganimdan so‘ng darhol revansh o‘tkazish niyatida edim. Biroq boksda hammasi ham mening xohishlarim bilan mos kelavermaydi va bu haqiqatni qabul qilishga majburmiz”.

Achchiq haqiqat shuki, zamonaviy boksdagi eng daho bokschilardan biri o‘z jismoniy holatining eng cho‘qqisida bo‘lib turgan bir davrda, sport formasini ushlab turish uchun o‘z darajasidan pastda bo‘lgan bokschilarga qarshi ringga ko‘tarilishga majbur bo‘lmoqda. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, engil vaznning qaysi top bokschisi chempionlik kamariga ega bo‘lmagan Lomachenko bilan jang qilishni xohlardi? Shubhasiz, hech kim. Ishonchli insayderlik ma’lumotlariga ko‘ra, Loma – Kommi shartnomasi imzolanishidan oldin WBC chempioni Devin Xeyniga qarshi jang uchun harakatlar olib borilgan va Xeynining vakillari jang uchun 5 million dollar (!!!) so‘rashgan.

Ushbu kosmik summa endi Lomachenko engil vaznning top bokschilariga qarshi janglarda ishtirok etishi qanchalik qiyin ekanini ko‘rsatmoqda. Fevralda 34 yoshga to‘ladigan sobiq megayulduz ehtiyotsizlik bilan tuzilgan jang shartnomasining qurboniga aylanib qolmoqda.

WBC va WBO tashkilotlari reytingida Loma 1- pog‘onada qayd etilmoqda. Payshanba kungi intervyuda Bob Arum Loma – Kommi g‘olibi diviziondagi yangi chempion – Jorj Kambososning (20-0-0, 10 nokaut) kamarlaridan biriga majburiy da’vogarga aylanishini aytib o‘tdi.  Ammo ukrainalik bokschi Kommini mag‘lub etgan taqdirda ham Kambosos uning keyingi raqibi bo‘lmasligi aniq. Chunki Kambosos chempionga aylanganiga hali 2 hafta to‘lgani yo‘q, chempion bokschiga odatda majburiy himoya jangidan oldin bitta jang o‘tkazishga imkon beriladi.

Ushbu holatda Lomachenkoning vakillari Kommi mag‘lub etilsa, yana boshqa chempion bo‘lmagan raqib izlashlariga to‘g‘ri keladi. Bu salkam 2 hafta oldin barcha kamarlaridan ayrilgan Teofimo Lopes bo‘lmasligi haqiqatga yaqin. Chunki Lopes chempionlik kamarlarini boy bergani tufayli endi birinchi yarim o‘rta vaznda (63,5 kg) o‘z omadini sinab ko‘rmoqchi. Loma esa revanshni faqatgina engil vaznda (61,2 kg) o‘tkazishni reja qilgan.

Devin Xeyni (27-0-0, 15 nokaut) va Jervonta Devis (26-0-0, 24 nokaut) ikkalasi ha Kambososga qarshi jang o‘tkazishni maqsad qilganlar va buni tashkil etish Lomachenkoga qarshi jangdan ko‘ra osonroq kechishi turgan gap.

Bob Arum Loma uchun boshqa raqib ham topib qo‘ygan: birinchi engil vaznda (59 kg) WBO chempioni Shakur Stivensonga qarshi jang. Ammo bu jangni tashkil qilishda ham vazn muammosi duch keladi, Shakur birinchi engil vaznda, “Qirol Loma” esa engil vaznda jang qilishni xohlamoqda.

Agar Lomachenko Kommidan so‘ng yana bir kuchli raqib ustidan yorqin g‘alabaga erishsa, shundan so‘ng Kambososga qarshi jangga chiqishi va bir paytlar o‘zi Lopesga yutqazgan kamarlarini yana qaytib olishi mumkin. Lekin ukrainalik takrorlanmas iste’dod sohibi Lopesga qarshi jang oldidan shartnomaga jiddiy yondashib, revansh bandini kiritganida, hozir o‘zining asl darajasiga mos bo‘lmagan pozitsiyada turmagan bo‘lardi.

Manba: Boxingscene.com

Ingliz tilidan Bekzod Nizomiddinov tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!