Robert Levandovski: Agar bitta gol etadi deb o‘ylasam, o‘zligimni yo‘qotgan bo‘laman
«Bavariya» klubi va Polsha terma jamoasi hujumchisi Robert Levandovski yaqinda Ispaniyaning «Sport» nashri muxbiriga intervyu berib, bolaligi, nima sababdan Polshaning uchinchi divizion klubiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgani, shuningdek, shaxsiy hayoti va futbol faoliyatidagi ko‘plab qiziqarli voqealar haqida gapirib berdi.
- Siz bolaligingizdan shunaqa ko‘p gol urardingizmi?
- Ha. Gollar urish men uchun tabiiy holat bo‘lgan. G‘alaba qozonishni yoqtiraman va doimo yutishni istayman. Bolalikda men ko‘proq yarim himoyada, turli qanotlarda o‘ynaganman. Biroq asosiy vazifam jamoaga ochko jamg‘arishda yordam berishdan iborat bo‘lgan. Shu sabab raqib darvozasi tomon tez-tez zarba yo‘llardim va gollar kiritardim. O‘shandan beri hech nima o‘zgarmadi, hamon gollar urishni yaxshi ko‘raman va menga to‘p raqib darvozasi to‘ridan joy olgandagi hissiyot hozirgacha yoqadi. Kichkina bola paytimda men hatto to‘p bilan gaplashardim. U mening do‘stim bo‘lgan deyish ham mumkin.
- Unga nima derdingiz?
- Sen faqat menikisan, men seni hech kimga bermayman, sen faqat menga quloq solishing kerak (kulib). Bolaligimda ovqatlanayotgan paytimda ham to‘p stol tagida, oyoqlarim ostida turardi. To‘p doimo yonimda bo‘lishini xohlardim. Bu to‘pga va futbolga bo‘lgan muhabbat tufayli. Bolaligimda menda «PlayStation» yoki kompyuter bo‘lmagan va men butun kunimni bog‘imizda yoki parkda o‘tkazardim. Endi esa vaqtlar o‘zgardi, bolalar va qizlarda o‘zlarini mashg‘ul qilish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud.
- Bolaligingizda biror marta bo‘lsa ham eshittirib: «Men jahondagi eng zo‘r hujumchi bo‘lmoqchiman», - deganmisiz?
- Bunday maqsadga qadamba-qadam borishim kerakligini bilardim. Bir kun kelib 80 yoki 90 ming tomoshabin tashrif buyuradigan katta stadionlarda o‘ynashni orzu qilardim. Bu mening orzum edi. Yosh paytimda bizda, Polshada mo‘ljal olish mumkin bo‘lgan o‘yinchilar bo‘lmagan. Shuning uchun men jahonning eng zo‘r futbolchilarini kuzatardim va o‘ylardim: «Men Polshadanman va men eng yaxshilardan biri bo‘lishni istayman. Biroq nega odamlar polshalik o‘yinchilar jahonning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatida bo‘la olmaydi, deb o‘ylashadi?»

- Bolaligingizda kimdan hayratga tushardingiz?
- 6 yosh paytimda jahon chempionatida Roberto Badjoni ko‘rdim. Menga uning qanday o‘ynashi yoqardi. Badjo maydonda mo‘’jiza ko‘rsatardi. Keyinroq, 10-14 yoshimda kumirim Alessandro Del Pero bo‘lgan. Undan ham keyinroq esa Terri Anri sevimli o‘yinchim bo‘lgan – aqlbovar qilmas futbolchi. Nafaqat uning har qanday pozitsiyadan gol ura olish qobiliyati uchun, balki jamoa uchun qilayotgan ishlari sababli ham. Asosiysi esa uning bularni qay tarzda amalga oshirayotgani. Uning o‘yini hammaga estetik zavq ulashardi, uning qanday o‘ynayotganini qayta-qayta tomosha qilging kelaverardi. Men uni uchratgan kunimni juda yaxshi eslayman… Men uchun bu karaxt holat bo‘lgan! O‘ylab qolganman: «Buni qarang-a! Men bolaligimdagi kumirimni uchratdim! Va endi u men bilan futbolkasini almashtirmoqchi!» Bu aqlbovar qilmas bo‘lgan. Orzular ro‘yobga chiqishi mumkin.
- Keling, bolalik davringizga qaytamiz. 8 yoshingizdan 16 yoshingizgacha ota-onangiz sizni mashg‘ulotga olib borish uchun bir tomonga 2 soat yo‘l yurishlari kerak bo‘lgan. Haftada 3 yoki 4 marta.
- Buning uchun ota-onamdan doimo minnatdor bo‘laman. Maktabdosh do‘stlarimning ota-onalari bir safar ulardan shunday deb so‘rashgandi: «Nega bunday qilyapsizlar? Sizlar farzandinglarni shunchaki mashg‘ulotga olib borish uchun bir tomonga 2 soat, haftasiga 12 soatdan 16 soatgacha sarflayapsizlar. Bu axir ahmoqlik». Va ota-onam doimo mening futbolda muvaffaqiyatga erishish orzumni ro‘yobga chiqarish o‘zlari uchun eng muhimi ekanligini aytishardi. Gohida do‘stlarim tungi ziyofatlarga borishardi va tun yarmigacha sayr qilishardi, men esa ertasiga shug‘ullanishim kerak bo‘lardi. Shu sabab tanlashimga to‘g‘ri kelgan va men futbol foydasiga hamma narsadan voz kechishga qaror qildim. Har bir yosh o‘yinchida tanlov bor – yosh paytda vaqtni ko‘ngilxushlik bilan yo‘qotmoq yoki imkon qadar ko‘proq shug‘ullanmoq. Natija birdaniga ko‘rinmaydi, lekin u aniq bo‘ladi.
- To‘pga «sen» deya murojaat qilishingizni qachon tushunib etgansiz?
- Otam jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgan va menga shunday degan: «Sen shunchaki futbol o‘ynashing kerak emas, sen uni tushunishni o‘rganishing kerak». Otam menga tanam nisbatan bukiluvchanroq bo‘lishi kerakligini va boshqa sport turlari bilan ham shug‘ullanishim kerakligini aytgan. Dzyudo bilan shug‘ullanganman, voleybol va basketbol o‘ynaganman. Men barcha sport turlarini yoqtiraman. Onam bilan opam voleybol o‘ynashardi va menga bu o‘yinni tomosha qilish yoqardi.

- Bolaligingizda sizga kuchli klublar ko‘p marta rad javobini bergan. Zero, hozir bunga ishonish qiyin. Misol uchun, «Legiya» murabbiylari juda kichkinasiz, hujumchi bo‘la olmaysiz, degan qarorga kelishgan. Buni qanday boshdan kechirgansiz?
- Bu hayotimdagi eng yomon vaziyatlardan biri bo‘lgan. Uzoq vaqt davomida ruhiy tomondan yanchib tashlangan holatda bo‘lgandim va mashg‘ulotlarga qaytgan vaqtimda umuman yomon formada bo‘lganman. O‘zimni ko‘rsatishim uchun menga vaqt kerak edi, biroq amaldagi shartnomam o‘sha mavsum oxirida tugardi. Hech kim menga nimalar bo‘layotgani, men bilan shartnoma uzaytiriladimi yoki yo‘qmi, bu borada hech nima demagan. Shu sabab sport direktorining yoniga borganman va u menga ketishim mumkinligini, chunki endi jamoaga kerak emasligimni aytgan. Bu men uchun juda qiyin vaziyat bo‘lgan. 17 yoshda edim va bunday yoshda o‘zingni kerakli his qilish, kelajaging bormi, tushunishing juda muhim. Onam meni avtoqo‘nalg‘ada kutib o‘tirardi va nimadir joyida emasligini shu zahoti tushundi. «Futbolchilik faoliyatim yakunlandimi, bundan keyin ham futbolda qolishda davom etish arziydimi?» - deya o‘zimga-o‘zim savol berardim. Lekin keyin taslim bo‘lish kerakmasligini tushunib etdim. Men o‘zimga ikkinchi imkoniyat berishim kerak, deya ortga qadam tashlashga, quyi ligadagi kuchsizroq jamoaga ko‘chib o‘tishga qaror qildim. (Robert uchinchi liga ishtirokchisi «Znich» klubi safiga qo‘shilgan va ikki yil davomida 36 ta gol kiritgan holda yangi jamoasi bilan ikki mavsum ichida oliy ligaga chiqishga erishgan). Baxtimga u erda o‘zimni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldim va keyin «Lex» klubiga ko‘chib o‘tdim. Men uchun hammasi yaxshi yakunlandi, biroq ayrim o‘yinchilar futbolda hech nimaga erisha olmaysan deyishsa, ular taslim bo‘lishadi.
- Ideal hujumchi bo‘lib etishish uchun nima qilish kerak?
- Ideal markaziy hujumchi chap va o‘ng oyoqlari, boshi, tanasi – umuman, mumkin bo‘lgan har bir joyi bilan gol urishni bilishi kerak (kulib). Hamma narsani bilishingiz va o‘z vaqtida harakat qilish hamda gol kiritish uchun har qanday vaziyatda tayyor turishingiz kerak.
- Hujumchilar to‘pga u qadar tez-tez teginishmaydi. Biroq shunday qilishgan paytlarida ularda qaror qabul qilish uchun u qadar ko‘p vaqt bo‘lmaydi.
- Haqiqatan shunday. Shuning uchun ham to‘pning menga kelib tegishi va darvoza tomon yo‘nalishini kutib o‘tirmayman, men o‘zimni to‘pni topishga urinaman. Shu bilan birga yaxshi hujumchi hatto to‘p kutilmaganda o‘zi tomon yumalab kelgan paytda ham to‘g‘ri harakat qilishni bilishi kerak. Ba’zida qaror qabul qilishga ulgurish uchun ixtiyoringizda soniyalar bo‘ladi. Gohida bu hatto ongsiz, ichki tuyg‘u darajasida yuz beradi. Bu juda muhim. Siz hammasi uchun hozir bo‘lishingiz, raqib darvozasi yonida doimiy ravishda tayyor holatda turishingiz kerak. Zero, himoyachilarning senga e’tibor bermasliklari uchun gohida ularga o‘zingni shunchaki maysa ustida yurgandek va maydonda nimalar yuz berayotganini sezmayotgandek ko‘rsatishni bilishing darkor (kulib).
- Uchrashuv vaqtida markaziy himoyachilar bilan gaplashasizmi?
- Yo‘q, ko‘p ham gaplashmayman. Men ko‘proq maydonda yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealarga e’tiborliroq bo‘lishni ma’qul ko‘raman. Shuning uchun himoyachilar bilan suhbatlarga kamdan-kam chalg‘iyman.
- Himoyachilarning kuchsiz tomonlarini o‘rganasizmi, muayyan futbolchiga qarshi o‘ynashingizga to‘g‘ri kelishiga tayyorlanasizmi?
- Ha, albatta. Uchrashuvlar oldidan biz mana shu barcha jihatlarni o‘rganamiz. Birgina himoyachilarning emas, balki butun jamoaning kuchsiz tomonlarini o‘rganish muhim. Axir himoyachi tark etgan hududni boshqa bir o‘yinchi qo‘riqlashi mumkin bo‘lgan holatlar ham kuzatiladi. Bu insondan nimani kutish kerakligini tushunishim kerak. Men o‘zimga qarshi turadigan himoyachilar bilan uchrashuvni sabrsizlik bilan kutaman. Ularni aldash, ortda qoldirish, yaxshiroq ekanligingni isbotlash doimo qiziq.

- Sizni biror marta maydonda o‘zingiz tomondan qabul qilingan qaror hayron qoldirganmi?
- Ko‘p marta. Ko‘pincha o‘ng yoki chap oyoqda zarba bermoqchimisan, bu haqda o‘ylab o‘tirishga vaqting bo‘lmaydi. Sizga o‘ylashga vaqt berishmaydi. Siz ichki tuyg‘uingiz bilan harakat qilishingiz kerak bo‘ladi. Bu ichki tuyg‘u to‘plangan tajriba sanaladi. Aslida, 70 foiz holatlarda to‘pni qaysi burchakka yo‘naltirishni, qaysi oyoqda zarba berishni tanlashga vaqtingiz yo‘q, degan bo‘lardim. Ba’zida kiritilgan goldan so‘ng: «Vau! Men bunday qila olishim mumkinligini o‘ylamagandim ham!» - deb o‘ylab qolaman.
- To‘plangan tajriba evaziga o‘yin vaqtida quvvatni tejashni o‘rgandingizmi?
- Har bir uchrashuvda men doimo to‘pning o‘zimga kelishini kutib turaman. Agar gol urgan bo‘lsam, ikkinchisini ham kiritishni xohlayman. Agar hisobimda xet-trik bo‘lsa, u holda men 4-sini kiritishim kerak vahokazo. Agar gol kiritgan bo‘lsam men o‘zimni to‘xtata olmayman va o‘zimni bo‘sh qo‘yolmayman. Doimo final hushtagi yangragunga qadar gol urishni istayman. Gohida jamoadoshlarim menga: «Nahotki 2 yoki 3 kundan keyin boshqa o‘yinimiz borligini va quvvatni tejash kerakligini tushunmasang?» - deyishadi. Lekin menga hech qachon etarli bo‘lmaydi. Men futbolni, sportni va gol urishni yaxshi ko‘raman. Agar menga bitta gol etadi deb o‘ylashni boshlasam, o‘zligimni yo‘qotgan bo‘laman. Men hech qachon to‘xtamayman. Ehtimol, aynan shu narsa menga futbolda muvaffaqiyatga erishishimga yordam bergan bo‘lsa kerak.
- «Bavariya» bilan yangi shartnoma imzoladingiz. Faoliyatingizning eng yaxshi damlarini shu jamoada o‘tkazyapsiz. Boshqa jamoaga ko‘chib o‘tish fikri bo‘lmaganmi?
- Hozir men jahonning eng zo‘r klublaridan birida to‘p suryapman, bu erda baxtli bo‘la olishimni bilaman. Bizda jamoadan tortib mashg‘ulotlargacha yaratilgan sharoitlar yuqori darajada. Bunday klubda o‘ynash oson.
- O‘z vaqtida Krishtianu Ronaldu bilan Serxio Ramos sizni «Real»ga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirishga uringan. Uch yil oldin «Bavariya» bilan o‘yindan so‘ng ular sizning yoningizga kelishib: «Siz biz bilan bir jamoada o‘ynashingiz kerak» deyishgan. Shu rostmi?
- Ha, shunday vaziyat bo‘lgan. O‘ynash uchun Ispaniya yoki xohlagan boshqa mamlakatingizga, xohlagan ajoyib klubingizga ko‘chib o‘tishingiz mumkin. Ammo bu men uchun eng asosiysi emas. «Bavariya»da men o‘zimning eng maksimal darajamga chiqdim, hozir faoliyatim va o‘yin darajamning eng yuqori cho‘qqisidaman. Biroq hamon gollar urishda va g‘alabalarga erishishda davom etishni istayman. Bularning barchasiga «Bavariya»da erisha olaman.
Fikrlar