
"Roland Garros". Amaldagi chempion chorak finalga chiqdi, Zverev sensatsiya qurboniga aylandi
"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi "Roland Garros" turnirida 4-bosqichning dastlabki kun bahslari o‘tkazildi. Umumiy o‘tkazilgan 4 o‘yinning barchasida saralangan raketka ustalari ishtirok etdi va ulardan biri turnir bilan xayrlashdi.
Keyingi bosqich masalasini juda oson hal etgan ilk tennischi Rafael Nadal amerikalik Sebastyan Korda bilan o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib oldi. Raqibiga atigi 3 set va 4 geymni ravo ko‘rgan amaldagi chempion o‘z yurishini ishonch bilan davom ettirdi. Yakuniy hisob: 6:1, 6:1, 6:2.
Shuningdek, argentinalik Diego Shvartsman ham 3 setda italiyalik Lorentso Sonego ustidan zafar quchdi. Nadaldan farqli o‘laroq, Shvartsman o‘z raqibiga 8 ta geymni yutqazdi, ammo o‘zi 18 geymni o‘z hisobiga yozdirgan holda, 6:1, 6:3, 6:4 hisobida g‘alaba qozondi.
3-tartib raqam ostida saralangan Dominik Tim ham ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib oldi. Frantsiyalik Gyugo Gastonga qarshi haqiqiy jang o‘tkazgan Tim 5 set davom etgan uchrashuv taqdirini o‘z foydasiga hal qilishni uddaladi. Dastlabki 2 setni o‘z hisobiga yozdirgan Tim keyingi 2 tasida imkoniyatni boy berdi. Ammo hal qiluvchi setda aynan avstriyalik raketka ustasining asablari mustahkamroq bo‘lib chiqdi. Yakuniy hisob: 6:4, 6:4, 5:7, 3:6, 6:3.
"Roland Garros-2020"da ko‘nikib qolganimizdek, bugun ham chempionlik uchun da’vogarlardan biri raketkasini g‘ilofga joylashga majbur bo‘ldi. Germaniyalik Aleksandr Zverev chorak final ostonasida italiyalik raqibi Yannik Sinnerga qarshi kortga chiqdi. Reytingda yuqoriroq pog‘onada joylashgan raqibini ko‘p jabhalarda mag‘lub eta olgan Sinner hujumlarda ancha agressiv harakat qildi. Bunga oldindan tayyorgarlik ko‘rmagan Zverev uchrashuvni 6:3, 6:3, 4:6, 6:3 hisobida boy berib, turnir bilan xayrlashdi.
Fikrlar