
“Roma” Evropa Chempionlar ligasida... Shomurodovning orzusi ushaladimi?
Yaqinda Eldor Shomurodov “Roma” oldidagi asosiy vazifa Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish va Konferentsiyalar ligasida g‘olib chiqish ekanini aytgan edi. Buni keyinchalik Joze Mourino ham tasdiqladi.
CIES Football Observatory tadqiqot markazi Evropaning kuchli beshlik chempionatlaridagi etakchi klublarning imkoniyatlarini ilmiy tomondan tadqiq va tahlil qilib, joriy mavsumi yakuniga ko‘ra, qaysi jamoalar sovrinli o‘rinlar va “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turnirida ishtirok etishi huquqqini qo‘lga kiritishini aniqladi.
Tadqiqotda Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya qa Frantsiya klublarining 365 kun davomidagi natijalari, transfer siyosati va futbolchilarning tajribasi va salohiyati asos qilib olindi.
Demak, tadqiqotchilarning tahlili natijalari bilan tanishamiz.
Angliya
1-o‘rin “Manchester Siti”.
2-o‘rin “Manchester Yunayted”.
3-o‘rin “Liverpul”.
4-o‘rin “Chelsi”.
Angliya premer-ligasining kuchli to‘rtligi o‘tgan mavsumda ham xuddi shu ko‘rinishda edi. Taxminlarga ko‘ra, “Vest Xem” mavsum oxirida Evrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rinni “Everton”ga bo‘shatib beradi. Tahlilchilarning fikricha, beshinchi o‘rinni “Totenxem” egallashi, “Lester” esa marraga ettinchi kelishi kutilmoqda. 26 yildan beri ilk marta Evrokuboklardan quruq qolgan "Arsenal" bu gal ham xalqaro uchrashuvlardan chetda bo‘ladi.
Ispaniya
1-o‘rin “Real”.
2-o‘rin “Atletiko”.
3-o‘rin “Barselona”.
4-o‘rin “Sevilya”.
CIES Football Observatory mutaxassislari “Real” chempionat yakunida “Atletiko”dan chempionlik unvonini tortib olishini taxmin qilyapti. “Barselona” bir necha mavsumdan beri Madrid klublariga bas kela olmayapti. Joriy mavsumda kataloniyaliklar qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, kuchli uchlikka kirish ehtimoli katta. Evropa chempionlar ligasining so‘nggi yo‘llanmasiga “Sevilya” da’vogar.
O‘tgan mavsumni 13-pog‘onada yakunlagan “Valensiya” Evropa ligasiga asosiy nomzod.
Italiya
1-o‘rin “Inter”.
2-o‘rin “Napoli”.
3-o‘rin “Milan”.
4-o‘rin “Roma”.
Tadqiqot markazi mutaxassislari A Seriyada “Inter” chempionlik unvonini saqlab qolishiga ishonmoqda. “Napoli” muntazam kuchli to‘rtlikdan joy olyapti. “Milan” yana avvalgi mavqeini tiklashga intilmoqda. “Roma” Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda “Yuventus”ni ortda qoldirishi aytilmoqda. Turinliklar Krishtianu Ronaldu ketganidan beri “nokaut”ga tushib qolgan. Bu klub o‘zini tiklab olishi uchun vaqt kerak. Tadqiqotchilar bu gal “Atalanta”ning imkoniyatlarini ham Chempionlar ligasi talablaridan past baholamoqda.
Germaniya
1-o‘rin “Bavariya”.
2-o‘rin “Volfsburg”.
3-o‘rin “Borussiya D”.
4-o‘rin “Bayer”.
“Bavariya” odatdagidek, chempionlikni hech kimga bermaydi. Myunxenliklar asosiy raqobatchilardan har tomonlama ustun. CIES mutaxassislar joriy mavsumda “Volfsburg” imkoniyatiniga ortiqcha baho berib yuborgandek ko‘rinyapti. “Bo‘rilar” kuchlilar qatoriga kirishdagi kurashda “Leyptsig”ning o‘rnini egallashi kutilyapti. “Borussiya D” va “Bayer” favqulodda muammolar chiqib qolmasa, Chempionlar ligasida o‘ynash imkonini qo‘ldan bermaydi.
Keyingi mavsumlarda bir necha etakchilarini sotib yuborgan “Leyptsig” mavsum yakunida beshinchi o‘rin bilan Evropa Ligasiga yo‘l oladiganga o‘xshayapti.
Frantsiya
1-o‘rin PSJ.
2-o‘rin “Marsel”.
3-o‘rin “Lion”.
4-o‘rin “Monako”.
O‘z tarkibida zamonaviy futbolning aksariyat yulduzlari jamlagan PSJ katta xarajatlari bilan bu gal ham chempionlikdan quruq qolsa, uyat bo‘ladi. O‘tgan yili “Lill” parijliklarni dog‘da qoldirib, katta shov-shuv bilan chempionat oltin medallarini ilib ketgandi.
Tadqiqot markazi mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, amaldagi chempion joriy mavsumni beshinchi o‘rinda yakunlaydi.
Chempionlar ligasining qolgan uch yo‘llanmasi Frantsiyaning doimiy etakchilari – “Marsel”, “Lion” va”Monako”ga nasib qilish ehtimoli katta.
Mana, futbol sohasida tadqiqot olib boradigan CIES Football Observatory tadqiqot markazi taxminlari bilan tanishdik. Bu tadqiqot natijalari hayotga qanchalar mos kelishini mavsum oxirida bilib olamiz.
Biz esa Eldor Shomurodov hurmati yuzasidan “Roma”ning Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi kutib qolamiz...
“Spartak” sobiq bosh direktori “soqqa qilish” uchun O‘runovdan foydalangan ekan!
Mourinoga butsamni otib yubordim!
Fikrlar