
“Roma” yulduzi “Inter” uchun gol urdi. Uning transferini hech kim e’lon qilgani yo‘q!
Eldor Shomurodovning asosiy tarkib uchun raqobatchisi hisoblangan Edin Jeko boshqa jamoaga o‘tib ketdi.
Bosniyalik hujumchi “Inter” tarkibida Kievning “Dinamo” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, 34-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Jeko ikkinchi bo‘limda o‘z o‘rnini Andrea Pinamontiga bo‘shatib berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Roma” hujumchisi hisoblangan Edin Jeko Milan shahriga “Inter” bilan shartnoma bo‘yicha muzokaraga kelgan edi. Biroq, uning klub bilan shartnoma tuzgani rasman e’lon qilinmadi.
Shunga qaramay, italiyalik jurnalistlar 35 yoshli to‘purar milanliklar bilan ikki yillik bitim tuzganini ta’kidlamoqda.
Jeko “Roma”da 2015 yildan beri o‘ynayotgan edi. Ungacha bu hujumchi “Manchester Siti” va “Volfsburg” sharafini himoya qilgan.
Fikrlar