
“Roma”da katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Shomurodov ham ketishga tayyor!
“Roma” joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘yilgan uchta vazifadan ikkitasini bajara olgani yo‘q. Klub xo‘jayinlari jamoani Joze Mourino topshirganidan keyin bu mutaxassis istagan o‘yinchilarning aksariyatini olib kelib berli. Biroq, uning zimmasiga yuklangan vazifalarning aksariyati uddalanmadi. “Roma” A Seriyada kuchli to‘rtlikdan joy olib, kelasi yili Chempionlar ligasida o‘ynashi kerak edi. Eng yaxshi holatda rimliklar Evropa ligasiga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin xolos.
Shuningdek, jamoa Italiya kubogini yutishi kerak edi. Ular “Inter” to‘g‘isig‘idan o‘ta olmadi.
Hozircha “Roma” Konferentsiyalar ligasidagi yurishini davom ettirmoqda va bu turnirda ham g‘olib chiqishiga hech qanday kafolat yo‘q.
Joze Mourino mavsum davomidagi muvaffaqiyatsizliklarni tarkibning kuchsizligi bilan izohlab keldi va yozda bu masalada katta o‘zgarishlar qilmoqchi. Biz uchun e’tiborlisi esa, portugaliyalik mutaxassisning Eldor Shomurodovga munosabati o‘zgargani sezilib qolmoqda.
“Yuventus”dan uchralgan alamli mag‘lubiyatni legionerimizga to‘nkagan Mourino keyinchalik Eldorni o‘ynatmay qo‘ydi. Vohalonki, o‘sha uchrashuvni tahlil qilgan mutaxassislar portugaliyalik mutaxasssisning o‘zi taktik kurashda Massimiliano Allegriga yutqazganini isbotlab berishdi.
Ayni paytda o‘zbek va xorij matbuoti Eldor Shomurodovning o‘z faoliyati bo‘yicha fikrlarini keng muhokama qilmoqda.
Hamyurtimiz, “Roma” zaxirasida o‘tirib qolishni istamayotganini, agar unga o‘yin amaliyoti berilsagina, Rimda qolishi mumkinligini ta’kidladi. Bu hujumchi yangi variantlar bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyorligidan va u maydonda o‘ynashni istayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Shomurodov Joze Mourinoning unga nisbatan munosabati umumiy hisobda yaxshi ekani, lekin avvalgidek emasligini ham tan olgan.
Vaziyatni inobatga olib, Rim klubi bosh murabbiyi keyinchalik ham Shomurodovga etarli darajada ishonch bildirishiga ishonish qiyin.
Xususan, klub yozda transfer qilmoqchi bo‘lgan to‘rt nafar hujumchi va hujumkor futbolchidan uchtasi Shomurodov bilan aynan bir xil pozitsiyada o‘ynaydi. Tabiiyki, har qanday vaziyatda ham murabbiylar shtabi Eldordan ko‘ra, Rimga yangi kelgan o‘yinchilar xizmatidan foydalanadi.
Aslida Eldor Shomurodov mahorat va salohiyat bobida rimliklarning hech bir hujumchisidan kam emas. Shunchaki, unga etarli vaqt berishmayapti. Garchi 30 ta uchrashuvda ko‘rinish bergan bo‘lsa-da jami 999 daqiqa harakat qildi. Shunda ham to‘rtta gol va beshta assist qayd etishga ulgurdi.
Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasida Qirg‘iziston darvozasiga to‘p kiritdi. Demak, u hali gol urishni unutgani yo‘q.
Shomurodov unga o‘yin amaliyoti taqdim etadigan jamoalar taklifini ko‘rib chiqishi kerakka o‘xshaydi.
Mourino: Markazda bitta o‘yinchi qoladi, qolgani ketadi!
Joze Mourino yozgi transferlar vaqtida maydon markazidagi o‘yinchilarning deyarli barchasini o‘zgartiradi. Portugaliyalik mutaxassis yarim himoyachilar o‘yinidan qoniqish hosil qilayotgani yo‘q.
Calciomercato saytining xabar berishicha. Mourino maydon markazi vakillaridan faqatgina jamoa sardori va etakchisi Lorentso Pellegrinini olib qolishga qaror qilgan.
Bosh murabbiyni yanvar oyida “Portu”dan ijara olingan Serjiu Oliveyraning xatti-harakatlari ham qoniqtirgani yo‘q. Avvaliga uning transfer huquqini sotib olmoqchi bo‘lgan Mourino keyinchalik bu fikridan qaytdi.
Shuningdek, “Arsenal”dan ijaraga olingan Eynsli Meytlend-Nayls ham kelgan joyiga qaytarib yuboriladi, Jordan Veretu transferga qo‘yiladi, Brayan Kristantega yangi bitim berilmaydi. Genrix Mxitaryan esa klub manfaatidan kelib chiqib tuziladigan shartnomani qabul qilsagina Rimda qolishi mumkin.
Portugaliyalik murabbiy ketadigan o‘yinchilar o‘rniga grand klublarda tajriba orttirgan yarim himoyachilarni olishni maqsad qilgan.
Mourino “Roma”ning asosiy transfer nishonini belgiladi
Calciomercato nashrining xabar berishicha, Joze Mourino yozgi transferlar vaqtida birinchi bo‘lib qaysi futbolchini olib kelish kerakligini belgilab bergan.
Manbaning ta’kidlashicha, rimliklar PSJ vakili Leandro Paredesni “Roma”ga qaytarishni maqsad qilgan.
Argentinalik yarim himoyachining parijliklar bilan amaldagi shartnomasi yana bir yil davom etadi. Agar tomonlar yangi bitim imzolamasa, Paredesni yozda xarid qilish imkoni oshadi.
27 yoshli yarim himoyachi faoliyati davomida “Boka Xuniors”, “Kevo”, “Empoli”, “Roma” “Zenit” kabi jamoalarda to‘p tepgan.
Bu futbolchi joriy mavsumda frantsiyaliklar safida jami 21 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol va ikkita assist qayd etdi.
Yozda tarkibini yangilashni rejalashtirayotgan PSJ ham asosiy tarkibga kirishga qiynalayotgan legionerni sotib yuboriga qarshi emas.
Fikrlar