“Roma”ning ulkan muvaffaqiyatida Shomurodovning hissasi bor
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning transfer huquqi tegishli bo‘lgan “Roma” klubi uchun 2025 yil muvaffaqiyatli yakunlandi. Jamoaning bugungi kungi yuqori natijalari va o‘sishiga o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmi, ya’ni kalendar yilning bahor oylarida tamal toshi qo‘yilgan edi.
2025 yil yakunlanib, futbol olamining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ekspertlar bir yillik hisob-kitoblar tahlilini amalga oshirib, natijalarni futbol jamoatchiligiga havol etmoqda.
Rimliklar yangi chempionatning birinchi davrasini “Jenoa” ustidan 3:1 hisobida qozonilgan g‘alaba bilan yakunladi Shu tariqa, “bo‘rilar” 2025 kalendar yilida Italiya A Seriyasida eng ko‘p g‘alabani nishonlagan jamoaga aylandi.
Statistika ekspertlarining ma’lum qilishicha, “Roma” o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmi va yangi chempionatning birinchi davrasini o‘z ichiga olgan 2025 yilda jami 26 ta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan.
Bu Italiya yuqori divizionidagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Hatto A Seriya grandlari – “Napoli”, “Inter” va “Milan” ham bir yildagi g‘alabalar soni bo‘yicha rimliklardan ortda qolib ketdi.
Ta’kidlash joizki, “Roma” o‘zining bir asrdan oshiq tarixi davomida A Seriyada kalendar yil hisobida A Seriyada 25 tadan ko‘p g‘alabaga erishgan holat to‘rtinchi bor qayd etilmoqda.
Avvalgi yillarda poytaxt klubi ikki martadan 26 tadan va 2017 yilda 28 marotaba milliy chempionatdagi raqiblari ustidan zafar quchgan.
Ta’kidlash joizki, “Roma”ning 2025 yildgi muvaffaqiyatlarida bevosita Eldor Shomurodovning ham hissasi bor. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Klaudio Ran’eri qo‘l ostida “Roma”ning muhim o‘yinchisiga aylangan legionerimizning “Verona” va “Monca”ga urgan gollari jamoasiga g‘alaba keltirgan.
Bundan tashqari, Eldor “Inter”ga qarshi bahsda Matias Sulening, “Fiorentina” bilan bo‘lgan to‘qnashuvda Artyom Dovbikning g‘alaba gollariga assistentlik qilgan edi. Shuningdek, “Monca”ga qarshi bahsda ham Shomurodov hisobiga bitta golli pas yozilgan.
Shunga qaramay, “Roma” rahbariyati o‘tgan yoz 30 yoshli o‘zbek hujumchisini Turkiyaning “Istanbul Boshakshehir” klubiga keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir mavsumga ijaraga berdi.
Eldor yangi chempionatga tez moslashdi. Turkiya Superlagasining dastlabki 17 turida raqiblar darvozasini 12 marotaba ishg‘ol qilib, chempionat to‘purarlari poygasida yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Istanbulliklar jamoa yetakchisi aylangan o‘zbek hujumchisini “Roma”dan tezroq to‘liq transfer qilishga urinmoqda va Shomurodovni qo‘ldan chiqarmoqchi emas.
Yaqinda joriy chempionatda “Roma”ga bosh murabbiylik qilayotgan Jan Piero Gasperini Eldor Shomurodovni Rimni tark etganini yo‘qotish sifatida baholashini bildirdi.



Fikrlar