Ronaldu Masharipovdan keyin o‘zidan ko‘p gol urgan to‘purar bilan xayrlashadi

  • 23 avgust, 2023, 08:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Saudiya Arabistoni klublari Evropaning mashhur o‘yinchilarini transfer qila boshlaganidan keyin ayrim futbolchilar o‘z joyini bo‘shatishga majbur bo‘lmoqda.

Shu yilning boshida Krishtianu Ronalduning transferini amalga oshirganidan keyin dunyoning eng mashhur klubiga aylangan Ar-Riyodning “An-Nasr” klubi ham yozgi transferlar vaqtida tarkibini keskin o‘zgartirdi.

Krishtianu Ronalduga 7-raqamni taqdim qilgan Jaloliddin Masharipov yaqinda “An-Nasr” bilan xayrlashganidan xabaringiz bor. Bu klubga ikki yil oldin ko‘chib o‘tgan legionerimiz endi o‘ziga boshqa jamoa topishi kerak bo‘ladi.

ronaldu-masharipov

Ni bo‘lgan taqdirda ham Jaloliddin Masharipov futbol tarixida eng ko‘p gol urgan portugaliyalik yulduz bilan bir necha oy yonma-yon o‘ynagan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda qoladi.

“An-Nasr” rahbariyati Ronaldu kelgunicha jamoaning va Saudiya Arabistonining asosiy yulduzlaridan bo‘lgan Taliskadan ham voz kechishga qaror qildi. Klub xo‘jayinlari Taliskaning darajasi Ronaldu bilan elkama-elka o‘ynashga etarli emas, deb hisoblamoqda.

Endi Krishtianu 61 ta uchrashuvda 43 ta gol urgan hujumdagi sherigi bilan ham xayrlashishiga to‘g‘ri keladi.

“An-Nasr” braziliyalik to‘purar o‘rniga Evropada mashg‘ur bo‘lgan yulduzlardan birini olib kelish bo‘yicha ish boshlamoqda.

Asosan Portugaliya chempionatidagi o‘yinlari bilan tanilgan 29 yoshli Taliska “An-Nasr” jamoasiga xuddi Jaloliddin Masharipovdek 2021 yilning yozida kelgan edi. Endi u ham o‘z o‘rnini o‘zidan ancha mashhur bo‘lgan legionerga bo‘shatib berishiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan mavsumda chempionlik kurashida muvaffaqiyatsizlikka uchragan “An-Nasr” yozgi transferlar vaqtida Evropadan bir necha futbolchilarni transfer qildi. Xususan, riyodliklar “Bavariya”dan Sadio Maneni, “Lans”dan Seko Fofanani, “Inter”dan Marselo Brozovichni, “Manchester Yunayted”dan Aleks Tellesni sotib oldi.

Bundan tashqari, jamoani besh nafar legioner – o‘zbekistonlik Jaloliddin Masharipov, ispaniyalik Alvaro Gonsales, janubiy koreyalik Kim Jin Su, braziliyalik Luis Gustavo, argentinalik Agustin Rossi tark etdi.

Eslatib o‘tamiz, Jaloliddin Masharipov “An-Nasr” tarkibida ikki yil davomida Saudiya Arabistoni Pro-ligasida 40 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga ettita golli pas uzatgan.

Shuningdek, legionerimiz Saudiya Arabistoni kubogi va Superkubogida bittadan bellashuvda ishtirok etgan.

image_2023-08-22_14-09-46

Jaloliddin Masharipov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Ijara asosida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida ham o‘ynagan. 2021 yili “Paxtakor”dan “An-Nasr”ga transfer qilinganidan keyin o‘rtada ma’lum muddat Birlashgan Arab Amirliklarining “Shabab Al-Ahli” jamoasida ijarada to‘p tepdi.

Bu futbolchiga Evropada kamida Shomurodovning yo‘lini bersin, deyishmoqda!

Legionerimiz o‘ziga joy tanladi!

Premer-liga klubi tez orada o‘zbek futbolchisi transferini e’lon qiladi

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!