Ro‘ziqul Berdiev: "Biz qarab turmaymiz, chempionlikka loyiqmiz"
Superliganing 26-turidan o‘rin olgan OKMK - “Nasaf” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev ishtirok etdi.
- Bugungi o‘yinga kelsak, OKMK va “Nasaf” mazmunli va kombinatsion o‘ynaydigan jamoalar. Lekin bugun maydonni holati shunga olib keldiki, ko‘proq uzun paslar, kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. Ikkala jamoa ham shu narsalarga urg‘u berdi. Shunga qaramasdan, ikkala jamoada ham vaziyatlar ko‘p bo‘ldi. Balki ikkinchi bo‘limdagi imkoniyatlardan foydalanganimizda g‘alaba qozongan bo‘lishimiz mumkin edi.
- “Nasaf”ni uchrashuvga tanlagan taktikasi qanchalik o‘zini oqladi? Chunki ikkinchi bo‘limda jamoa yutqazayotganida Golban maydonga tushirildi.
- Uzun paslar va yuqoridan o‘ynaydigan o‘yinchilar kerak edi. Bundan oldingi uchrashuvlarda ham Golbanni hujumga tushirganmiz. Naf bergan joylari bor, shuning uchun ushbu qarorga keldik. To‘g‘risi, kecha OKMK maydonida mashg‘ulot o‘tkazmadik. Futbolchilarimizni texnik tomondan o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishga tayyorlagandik. Bugun kelib amin bo‘ldikki, faqat kurash, tepish, standart vaziyatlarga e’tibor qaratiladigan fikrgan kelib, ba’zi joylarda o‘zgarishlar qildik.
- “Nasaf”ning ochko yo‘qotganidan keyin ko‘pchilik endi “Neftchi” chempion bo‘lib ketishi haqida gapirishmoqda. Bu fikrlarga qanday qaraysiz?
- Fikrlar ko‘p bo‘ladi, har kim o‘z fikrini bildiraveradi. Kim chempion bo‘lishini mavsum oxiri ko‘rsatadi. Lekin ko‘pchilik “Neftchi”ga ko‘proq baho beryapti. Biz qarab turmaymiz, biz yaqinmiz. Biz anchadan beri mag‘lubiyatsiz kelyapmiz. Chempionlikka loyiqmiz. Shu sur’atda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. “Neftchi”ni qanchalik harakat qilayotganini siz OAV xodimlari ham yaxshi bilib turibsizlar. Menimcha, “Neftchi” buni amalga oshirsa, ortdagi insonlar ko‘proq qahramon bo‘ladi, shekilli. Agar “Neftchi” chempion bo‘lsa, qahramonlikni maydondan izlamanglar. Bu meni fikrim.
- “Nasaf” OChLda yaxshi qatnasha olmayapti. Jamoa chempion bo‘ldi, lekin xalqaro maydonni “qurbon” qilyapti. Masalan, yana chempion bo‘lsa, OChLni “qurbon” qilaveradimi? Bu qanchalik to‘g‘ri?!
- Bilasizmi, yildan-yilga tajriba kelyapti. O‘tgan yili asosiy vazifa chempionlik edi. Shunga bor e’tiborimizni qaratdik. Hozir bizni va bizni futbolimiz uchun ham dars bo‘lyaptiki, bu ikkita turnirda maksimal kurashmoqchi bo‘lsangiz, ikkita bir xil kuchli tarkibga ega bo‘lish kerak. Bu bizga maktab bo‘lyapti. Siz meni holimga tushib ko‘rsangiz, meni tushunasiz. Masalan, kuni kecha “Al-Ahli” bilan o‘ynayapmizku, ammo bugungi uchrashuvni ko‘p o‘yladim. Kimgadir dam berishim kerak edi. To‘liq tarkib bilan o‘sha erda bor kuchimni yo‘qotib kelganimda bugun biz balki 20 daqiqa futbol o‘ynardik. Shu bois qiyinchiliklar bo‘lyapti. Ammo o‘zlaringga ham ochiq ayon bo‘lyaptiki, ko‘proq e’tiborimizni chempionatga qaratganmiz.
- “Nasaf” transfer vaqtida tarkibini kuchaytirish uchun nima qilishi kerak, deb o‘ylaysiz? “Nasaf” tarkibini qanday kuchaytirishi mumkin? Masalan, OChL bahsida o‘tgan safar darvozada ikkinchi posboni Vorobey turdi.
- Qachondir bu o‘yinchiga imkon berishimiz kerak edi, o‘sha kuni imkon berdik. Yana bir bor imkoniyatini chamalab oldik. Shuning uchun bu turnirda xatolar bilan o‘ynayapmiz. Biroq darajasi qanchalik yuqoriligini ko‘rib turibsizlar. Qaysidir jamoamiz o‘sha joyda o‘ynamoqchi bo‘lsa, byudjeti kattaroq bo‘lishi, o‘sha darajaga javob beradigan futbolchilar bo‘lishi kerak. Busiz iloji yo‘q.



Fikrlar