Rubin Xebay: "Menga bildirilgan hech bir taklif qaytish uchun etarli darajada yaxshi emasdi"

O‘zbek futbo muxlislariga juda yaxshi tanish bo‘lgan albaniyalik mohir hujumchi Rubin Xebay yaqinda Tunis chempionatiga ko‘chib o‘tgani haqida xabar berib o‘tgandik.

U Tunis Pro ligasining “Sfaksen” klubi bilan shartnoma imzoladi. Holbuki, yozgi transfer oynasi paytida Xebayni yana yurtimizga qaytishi ham kutilgandi. Biroq amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Sports.uz jurnalisti esa Xebaydan intervyu oldi.

- Rubin, siz endi Tunis chempionatida to‘p suryapsiz. Bu ko‘pchilik uchun kutilmagan yurish bo‘ldi. Buning sababi nimada?

- Sabab shu bo‘ldiki, menga yaxshi shartnoma taklif qilishdi va bu joy mening faoliyatimda keyingi yurishni amalga oshirish uchun eng to‘g‘ri tanlov deb hisobladim.

- Yozgi transfer oynasi vaqtida sizni O‘zbekiston chempionatida kutishgandi. Lekin narxingizni qimmat deb eshitdik. O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormidi?

- “Andijon”ga kelganimda men uchun hech qanday transfer summasi to‘lamagan. Chunki erkin agent edim. Chempionatni ko‘rdim, futbolchilar qanday maosh olishlarini ko‘rdim va eng yaxshi o‘yinchi bo‘lish bilan bir qatorda mening ham o‘zimga yarasha kutilmalarim bor edi. Lekin menga bildirilgan hech bir taklif qaytish uchun etarli darajada yaxshi emasdi.

- Tunis chempionati haqida nimalarni bilasiz va asosiy maqsadingiz nima?

- Bu haqida ko‘p ma’lumotga ega emasman. Ammo, fikrimcha, bu mening faoliyatim hamda kelajagim uchun juda muhim transfer oynasi bo‘ladi. Unda katta ehtimol bilan keyingi faoliyatim hal bo‘lsa kerak.

- Sobiq jamoangiz – “Andijon” O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqdi. Buni kutganmidingiz va finalda nimani kutyapsiz?

- To‘g‘risini aytsam, buni kutmagandim. Chunki boshqa klublarda ham juda yaxshi futbolchilar bor, yaxshiroq byudjetlari bor edi. Lekin aytib o‘tganimdek, o‘tgan mavsumda yigitlar oxirigacha kurashishdi va ular bunga rosmana loyiq. Umid qilamanki, ular Kubokni qo‘lga kiritishadi, muxlislarini xursand qilib, o‘z nomlarini tarixga yozib qoldirishni uddalashadi.

- Evropada qachon o‘ynaysiz?

- Men kelajakda nima bo‘lishini bilmayman. O‘zbekistonga qayta olmayman deb ham ayta olmayman. Biroq hozirda kelajagim haqida qayg‘urib, unga e’tiborimni qaratganman. Faqatgina Xudo nima bo‘lishini biladi.

- Saudiya Arabistonida yarim yil to‘p surdingiz. Qanday taassurotlar qoldi?

- Bu juda yaxshi yarim mavsum bo‘ldi va Saudiya Arabistoni Superligasiga chiqishdek maqsadiga erisha oldik. Yakunda men klub prezidenti bilan gaplashdim hamda o‘zaro kelishgan holatda shartnomani bekor qildik. Albatta, ular buning o‘ziga yarasha kompensatsiya to‘lashdi.

- Nima uchun yangi klubingiz bilan ikki yillik shartnoma imzoladingiz?

- Bu erda klub ko‘plab yosh futbolchilarni xarid qilgan. Bizning maqsadimiz imkon qadar chempionatda uzoqroqqa bora olish, yaxshiroq natijani qo‘lga kiritish. Milliy Kubok va Afrika Kuboklarida ham o‘zimizni ko‘rsata olishni maqsad qilganmiz. Bu jamoa Afrika Kubogini eng ko‘p – 4 marta yutgan klub hisoblanadi. Umid qilamanki, bu erda o‘zimni yaxshi ko‘rsata olaman hamda imkon qadar ko‘proq gol urishga harakat qilaman. Kelgusi transfer oynasi vaqtida yanada yaxshi transferni amalga oshirib, yaxshiroq jamoaga ko‘chib o‘tishga harakat qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!