
Rus nashri o‘zbek futboli afsonasiga nisbatan qilingan nohaqlik borasida maqola e’lon qildi
SPORTS.uz Rossiyaning taniqli - Championat.com nashrida e’lon qilingan maqolani e’tiboringizga havola etadi. E’tiborlisi shundaki, rus matbuoti Ja’far Irismetovning "Spartak"da nega o‘ynab keta olmaganini tushuntirib berishga uringan.
Jasur Jaloliddinovning "Lokomotiv" bilan shartnoma imzolagani yodingizdami? Yuri Belous o‘zbek futbolchisini Joau Mariudan kuchliroq ekanligini aytib, uni Moskvaga olib kelgan edi. Bu vaziyatda unga ishonmaslikning imkoni bormidi? Klub qanot yarim himoyachisi bilan uzoq yillik shartnoma imzolab, keyin o‘rtadagi bitimni bekor qildi. Hozir bo‘lajak yulduz Qozog‘istonning "Qayrat" jamoasi bilan shartnoma imzolagan.
E’tiborlisi shundaki, o‘zbek futbolchilari bilan bunday holat RPLda birinchi marotaba sodir bo‘lgani yo‘q. 2001 yilning yanvar oyida "Spartak" "Do‘stlik" jamoasidan 25 yoshidayoq ichki chempionatda 100 dan ortiq gol urgan Ja’far Irismetovni xarid qilgan edi. O‘shanda barcha klub hujumida yolg‘izlanib qolayotgan Robsonga yordamchi kelayotganini taxmin qilgandi. Ayniqsa, EChL guruh bosqichi o‘yinlari oldidan bu yaqqol ko‘zga tashlandi. Afsuski, transfer o‘zini oqlamadi. Ja’far "Spartak"ka ruhan mos emas edi...
Romantsev o‘zini bilmaganlikka oldi
Hujumchi O‘zbekistondagi so‘nggi mavsumida barcha rekordlarni yangilab tashladi. 37 o‘yinda 45 gol! U haqidagi ma’lumot o‘z-o‘zidan Rossiyagacha etib keldi. "Do‘stlik"ka "Spartak"ning ikkinchi murabbiyi Vyacheslav Grozniy aloqaga chiqdi. Futbolchining aytishicha, unda ko‘plab takliflar bo‘lgan, ammo "Spartak"ni xafa qilishni istamagan. Ko‘rikka kelgach, u hammani hayron qoldiradi. Birinchi mashg‘ulotdagi futbol o‘yinida 4 ta gol! Bu bosh murabbiy - Oleg Romantsevni hayratga soladi. Mashg‘ulotlardan so‘ng murabbiy Irismetovni yoniga chorlaydi.
- Sen kimsan?
- O‘zbekistondan, Irismetovman!
- Yaxshi o‘ynading!
Bu dialog haqida Ja’far Irismetov keyinroq bergan intervyusida shunday fikr bildirgan: "Menimcha, u meni avvaldan bilgan, ammo shu yo‘sinda tanishishni xohlagan edi".
Ko‘p o‘tmay, jamoa bilan hali shartnoma imzolamagan Ja’far MDH kubogida ishtirok etdi va gollarni qalashtirib tashladi. E’tiborlisi, bu vaziyatdan "Dinamo" Kiev foydalanmoqchi bo‘lgan. Ukraina klubi hujumchiga Moskva jamoasidan yaxshiroq taklif bilan chiqqan, ammo "Do‘stlik" Irismetovni "Spartak"ka qo‘yib yuborishga va’da bergani uchungina transfer barbod bo‘ladi. Natijada, Ja’far 4 yillik shartnomaga qo‘l qo‘yadi. Oleg Romantsev matbuot anjumanida bu transferni o‘zgacha ta’riflagan edi.
"Unda ikkita yo‘l bor. Qishloqdagi birinchi raqamli yigit bo‘lish, yoki YyuEChLda 4-5 yoki 10-hujumchiga aylanish. Men bir mavsumda yurtida 45 ta yoki Moskvada 15 ta gol urish haqida so‘raganimda, u ikkinchi variantni tanladi".
EChLda bildirilgan ishonch va rahbariyat haqiqati
Moskva, hashamatli uy, poytaxt markazidagi hayot va ko‘plab bonuslar. Super debyut uchun bundan ortiq nima kerak? Hujumchi murabbiyni shu qadar ishontira oldi-ki, Irismetov xatto EChLdagi birinchi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Tan olish lozim, o‘sha oqshom u yaxshi o‘ynadi, amo jamoasi "Bavariya"ga 0:1 natijasi bilan engildi. Bir haftadan so‘ng "Bavariya" bilan yana bir o‘yin, Ja’far asosiy tarkibda, biroq natija 0:3! Bunday startdan so‘ng Irismetovga bo‘lgan ishonch keskin kamayib ketdi.
Ko‘p o‘tmay Londonning "Arsenal"i bilan bahs. Romantsev o‘yini chiqmayotganiga qaramay bu safar ham Irismetovni asosiy tarkibda maydonga tashladi. Yana mag‘lubiyat va yana golsiz "match". "Spartak" a’zolari o‘sha kuni Oleg Romantsevning: "Nima uchun Ja’farga to‘p uzatmayapsizlar?" deb bir necha bor baqirganini eshitadi, ammo bunga hech kim e’tibor bergani yo‘q. "O‘sha paytlari bunga e’tibor bermadim, ammo yoshim katta bo‘lgach tushundim. Men yangi jamoamda begona edim. Hech kimni tanimaganim, do‘stlashishga ulgurmaganim pand berdi",- deb xotirlaydi hujumchi.
Keyinroq, Ja’far "Lion"ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushdi. RPLda 8 ta bahs o‘tkazdi. Yozda umuman qaydnomalarga ham kiritilmay qo‘ydi. 12 o‘yin 0 gol! Hech kim O‘zbekistondan kelgan forvarddan bunday statistika kutmagani aniq. Murabbiylar shtabi OAVga Irismetov ruhan ancha tushkun kayfiyatda ekanligini uqtirishga urindi. Achinarlisi shundaki, futbolchi o‘ziga yana bir imkoniyat berishini iltimos qiladi. Bu masalada suhbatlashish uchun bir necha bor Romantsevning oldiga borgan, biroq har safar murabbiy uni klub texnik direktori Aleksander Shikunovga ro‘baro qilavergan.
"Jamoaga kerak ekanligimni isbotlash maqsadida Shikunov bilan suhbatlashdim. U meni shunchaki EChLda reklama qilib, keyin katta pulga sotib yubormoqchi bo‘lishganini tan oldi. "Spartak" Rossiya chempionatida menga ishonch bildirgani yo‘q. Ikkinchi imkon berilmadi. 3 yildan keyin xarid qilingan Kavenagini gol kiritishini 1 yil kutishdi, ammo menga ikkinchi "shans" taqdim etishgani yo‘q. Shunchaki "chopib tashlashdi".
Yoqimsiz yakun
Yozda klub o‘zbekistonlik futbolchi bilan xayrlashdi. Ja’far avvaliga Belarusda, keyin "Anji"da to‘p tepdi. Keyinroq, Qozog‘iston va O‘zbekiston chempionatlarida harakat qildi. U "Spartak"dan boshqa barcha jamoada super to‘purarligini isbotladi. 2012 yil yakunida uning hisobidagi gollari soni 239 tani tashkil etdi. Buning uchun hujumchiga 428 o‘yin kifoya bo‘lgan. 2013 yilda qahramonimiz butsalarini mixga ildi. Hozirda u "Paxtakor" klubining sport direktori sanaladi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev tarjimasi
Fikrlar