Rustam Turdimurodov: "Butun jamoada shunday motivatsiya bor edi"

  • 17 iyun, 2024, 15:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

15 iyun kuni “Andijon” Qarshida “Qizilqum” bilan bellashdi. Mehmonlar uchun o‘yin yaxshi boshlanmadi. Chunki ikkita gol o‘tkazishdi va bir futbolchisi maydondan chetlatildi. Biroq mehmonlar hujumchisi Rustam Turdimurodov katta sahnaga chiqib 2:0 ni 2:2 ga o‘zgartira oldi. U dublga erishib jamoasiga katta foyda keltirdi. Yakunda esa uchrashuv 3:3 bilan yakunlandi.

Tecno

- Rustam, "Qizilqum"ga qarshi uchrashuv dramatik tarzda kechdi. Qayd etilgan 3:3 hisobi haqida nima deya olasiz? Umuman, uchrashuv borsidagi fikrlaringiz.

- Assalomu alaykum. Avvalo, barcha musulmonlarga Qurbon xayiti muborak bo‘lsin. O‘yin kutilganidek qiyin bo‘ldi. Biz xarakter ko‘rsatdik, deb o‘ylayman. Buni hisob ham aytib turibdi. Oxirigacha kurashgan jamoamizdagi barchaga katta rahmat.

- Siz dublga erishdingiz. Rosti, ikkita gol urishingizni kutganmidingiz?

- Yo‘q, kutmagandim. Lekin hech bo‘lmaganda bitta gol urish niyatim bor edi.

- “Andijon” 2:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan qutulib ketdi va hatto bahs oxirida 3:2 ni 3:3 ga aylantirishga erishdi. Jamoa bir futbolchi kam bo‘lib qolgach, qaerdan kuch topdi?

- Bu jamoani yaxshi shakllanganligini bildiradi. Shaxsan menda maydondan chetlatilgan Ilhom Abdug‘aniev uchun ham o‘ynashimiz kerak, degan motivatsiya paydo bo‘ldi. Tabiiyki, butun jamoada ham shunday motivatsiya bor edi.

- Hakamlik mavzusi asosiy planga chiqdi. Bu xususida fikringiz qanday?

- Hakamlar nimani lozim topishsa shuni qiladi va biz uning qarorini o‘zgartira olmaymiz. Tortishganimizning foydasi yo‘q.

- Murabbiy tanaffus chog‘ida o‘yinni o‘zgartirish uchun qanday ko‘rsatmalar berdi?

- Bu sir bo‘la qolsin.

- O‘yindan bir kun oldingi mashg‘ulotda ham gollar urgandingiz. Asosiy bahsda ham gol urishingizni his qilishingiz qiyin bo‘lmagandir-a?

- O‘yinoldi mashg‘ulotda o‘zingizga ishonch his qilsangiz o‘yinda osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Har bir vaziyatdan maksimum foydalanishga harakat qildim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
17/06/2024 16:51
Рустамжон ука сенга ва жамоанг Андижонга у'йин учун рах,мат кегинги у'йинларда хам сизлардан фак,ат галаба. кутиб к,оламиз