
Rustamjon Ashurmatov: "Navbahor" chempionlik uchun oxirigacha kurashadi. Muxlislarimizdan har xil o‘y-xayollarga bormasliklarini so‘rayman
O‘zbekiston Superligasi 11-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 25 yoshli mahoratli himoyachisi Rustamjon Ashurmatov bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Xabaringiz bor, jamoamiz 9-turdagi “vodiy derbisi”da “Neftchi” ustidan g‘alaba qozona olmadi. Bo‘lajak raqibimiz “Lokomotiv” esa o‘tgan turda o‘z maydonida “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berdi. Shu bois, bo‘lajak bahsning keskin kurashlar ostida ehtimoli yuqori.
Biz farg‘onaliklar bilan bo‘lgan o‘yindagi durang natija tasodif ekanligini isbotlash niyatida maydonga tushsak, “temiryo‘lchilar” Namangandan hech bo‘lmasa, bir ochko olib ketishga intiladi.
Shu o‘rinda yana bir narsani ta’kidlab, qo‘shimcha qilamanki, biz har bir o‘yinda maydonga g‘alaba ishtiyoqida tushamiz va bu niyatimizni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Muxlislarimizdan har xil o‘y-xayollarga bormasdan, bizga ishonishlari, shuningdek, bo‘lajak bahsda stadionga ko‘proq tashrif buyurib, jamoamizni bevosita o‘yingohda munosib qo‘llab-quvvatlab turishlarini so‘rab qolaman.
Jamoamiz joriy mavsumda nafaqat sovrindorlar safidan joy olish, balki chempionlik uchun oxirigacha kurashadi va buni amalga oshirish uchun biz – futbolchilar qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz, - dedi himoyachi.
Fikrlar