
Sambochilarimiz Osiyo chempionatida 40 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Islom Karimov nomidagi Halqaro Aeroportda Dehli shahrida (Hindiston) o‘tkazilgan Sambo va jangovor Sambo bo‘yicha Osiyo Chempionatidan qaytib kelgan sportchilarimizni kutib olishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Sportchilarimizni tantanali musiqa sadosi ostida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari gullar, bayroqlar va olqishlar bilan kutib olishdi.
Sportchilarni kutib olishda ularning murabbiylari, qarindoshlari, muxlislar va OAV vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Sambo Assotsiatsiyasi Prezidenti A.Alimov sportchilarni, ularning murabbiylari va qarindoshlarini erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutlab, mamlakatimiz rahbari tomonidan sportga qaratilayotgan e’tibor o‘z mevalarini bera boshlaganligini va O‘zbekiston sportchilarining muvaffaqiyatlari bilan faxrlanishini ta’kidladi!
2019 yilgi Sambo bo‘yicha Osiyo Chempionatida O‘zbekiston Respublikasi sportchilari jami 40 ta, shu jumladan 23 ta oltin, 11 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Musobaqalar joriy yilning 13 - 15 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.
Sambo va jangovor Sambo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi umumiy jamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqalarning barcha g‘oliblari va sovrindorlarini, shuningdek, O‘zbekiston Sambo Assotsiatsiyasi rahbariyatini hamda murabbiylar shtabini 2019 yilgi Sambo bo‘yicha Osiyo Chempionatidagi yorqin chiqishlar bilan tabriklaymiz!
O‘zbekiston Sambo Assotsiatsiyasi matbuot xizmati.
Fikrlar