Samvel Babayan "Al-Ittihod"ga qarshi bahsda pand bergan jihat haqida gapirdi (Matbuot anjumani)

  • 16 fevral, 2024, 02:00
  • Karim Xudayqulov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyo chempionlar ligasi 1/8 finalidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Al-Ittihod" bahsi bo‘lib o‘tdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bahsda jamoalar 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi.

Birinchi bo‘limda mehmonlar kuchliroq o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda "lochinlar" ko‘proq hujum qildi va vaziyatlar yaratdi. Namangan jamoasining yangi futbolchilari Sayfiev, Jiyanov, Hamrobekovlar asosiy tarkibda maydonga tushdi. Nikabadze, Favaz Al Yami, Samvel Babayan va Odiljon Hamrobekovlar hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.

Bellashuvdan so‘ng har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "lochinlar" ustozi Samvel Babayanning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:

- Bugungi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off o‘yini "Navbahor" uchun juda muhim edi. Asosiy muammoyimiz - hali jamoa yaxshi formada emasligi. Shunday bo‘lsa-da, yigitlar juda tashabbuskor va zich futbol namoyish etdi. Baribir ayrim futbolchilar mashg‘ulotlarga bir hafta oldin kirishgan. Mazkur jihat biroz pand berdi, deya olaman. Natijaga kelsak, Osiyoning kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Shu tufayli biz ko‘proq to‘psiz harakat qildik. Biz ham ko‘p vaziyatlar yaratdik. Afsuski, ularni yakunlashda muammolar bo‘ldi. 

- Ibrohim Yo‘ldoshev jarohat olganidan so‘ng Yovan Jokichni himoyaga tushirdingiz. Bu menimcha ish berdi. Balki yangi mavsumdan Jokichni yangi pozitsiyada ko‘rarmiz? 

- Chindan ham Yo‘ldoshevda jarohat bor edi. Tarkibimizga kelsak, top futbolchilar soni baribir cheklangan. Shu sababli, Yovanni bu pozitsiyada sinadik va u bugun himoyada o‘ta ishonchli va sifatli o‘yin ko‘rsatdi. Hozir Jokich chempionatimizdagi eng sifatli futbolchilardan biri va ishonamanki u istalgan nuqtada harakat qila oladi. 

- Farrux Sayfiev va Odil Hamrobekov Osiyo kubogi tufayli jamoa mashg‘ulotlarida ko‘p ishtirok etmadi. Biroq ular "lochinlar"ga juda tez moslashib ketibdi. Qolganlarda adaptatsiya jarayoni qanday? Shuningdek, transfer oynasi yakunlanganga qadar yana yangilik ko‘rishimiz mumkinmi?

- Juda ham yaxshi savol. Rostdan ham ular juda tez moslashib ketdi. Qolganlarga kelsak, Ruslanni ham alohida e’tirof etish kerak. U ham yaxshi o‘yin o‘tkazdi va raqib darvozasi oldida ko‘p xavf yaratdi. Eng muhimi, u jamoaga hujum tashkil qilishda katta yordam beradi. Transferlar haqida gapirsam, hali oyna ochiq. Hozirgi kunda bizda etarlicha futbolchilar bor. Yana bilmadim. Buni muhokama qilib ko‘ramiz. 

- Durang natija sabablari va javob uchrashuvi haqida gapirsangiz?

- Bugun yutishimiz mumkin edi. Bu qadar qiyin uchrashuv bo‘lishiga sabab - bu raqib faktori. Ularning tarkibida ikki nafar Evropa Chempionlar ligasida to‘p tepgan futbolchi bor. Biz bu mavsum hisobidan ilk rasmiy o‘yinimizni o‘tkazdik. Javob o‘yiniga kelsak, biz kurashamiz va maksimal imkoniyatlarimizdan foydalanamiz. 

Ma’lumot uchun, javob bahsi 22 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Олға насаф
16/02/2024 10:28
Навбаҳорни кейинги жавоб ўйинида омад тилаймиз.