
Samvel Babayan "Navbahor"ning muhim g‘alabasidan so‘ng nimalar dedi?
O‘zbekiston Superligasi 21-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Dinamo" uchrashuvidan (2:0) so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanidagi quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Xayrli kech! Navbatdagi o‘yinni ham o‘tkazib oldik. Istalgan vaziyatda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan ishqibozlarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Shogirdlarim bugun 3 ochkoni qo‘lga kiritish uchun maydonda borini berdi. Oldimizda 5 ta bahs qoldi, harakat qilishda davom etamiz. Nimaga qodirligimizni ko‘rsatish uchun harakat qilamiz.
Xudoga shukur, bugun barcha o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Ayniqsa, yosh tarbiyalanuvchimiz o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Yoshlarga imkoniyat qaratishda davom etaveramiz, ushbu bellashuvda bu holat o‘zini oqladi".
- "Navbahor"ning chempionlik uchun imkoniyatlari qanday? Bu borada qanday strategiya ishlab chiqilgan? Chunki 1-taymda potentsial ko‘rmadik, 2-bo‘limda esa jonlanish bo‘ldi.
"Keling, so‘nggi savol haqida gaplashamiz. Uchrashuvni tahlil qilsak, vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Har bitta o‘yinda etarlicha vaziyat yaratmoqdamiz. Chempionlik haqida gapiradigan bo‘lsak, biz har bitta bellashuvda o‘z potentsialimizni namoyish etishga harakat qilyapmiz. Bugun shuning uddasidan chiqdik. Oldinda yana 5 ta o‘yin bor. Raqiblarimiz haqida umuman o‘ylamaymiz. Hali echishimiz kerak bo‘lgan muammolar bisyor".
- "So‘g‘diyona" so‘nggi o‘yinlarda stabillik ko‘rsata olmayapti. Kubok jizzaxliklar uchun oxirgi chora bo‘lib qolyapti. Bo‘lajak bahsdan nimani kutyapsiz?
"Birinchidan barchani hurmat qilishimiz lozim. Ular yurtimiz sharafini xalqaro maydonda ham himoya qildi. Yarim final bosqichida ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Mavsum avvalida ham aynan shuni reja qilgandik. Bizni juda muhim uchrashuv kutib turibdi. Unga munosib tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz. Qaytaraman, biz raqibning emas, o‘zimizning o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz kerak. Muammolarimiz o‘zimizga etarli. Ularni hal qilish bilan shug‘ullanamiz".
Fikrlar