
Samvel Babayan Olimpiya terma jamoamizning tarixiy natijasi, Jiyanovning maydonga tushgani va "Lokomotiv"ning taktikasi haqida gapirdi
Superliga 6-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Lokomotiv" bahsi bo‘lib o‘tdi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda maydon egalari 4:0 hisobda g‘alaba qozondi.
Gollarga Jamshid Boltaboev, Odiljon Hamrobekov, Yovan Jokich hamda Siyavash Haqnazari mualliflik qildi. "Temiryo‘lchilr" futbolchisi Dilshodbek Komilov 75-daqiqada qizil kartochka olib maydonni erta tark etdi.
Quyida namanganliklar ustozi Samvel Babayanning o‘yindan keyin bildirgan fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Assalomu alaykum. Avvalambor "Navbahor" muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga kelsak, juda ham qiyin bo‘ldi. Sababi, bu erga kelgan istalgan jamoa himoyalanadi. "Lokomotiv"ni ham ko‘rdik, yaxshi o‘ynadi. Biroq yigitlarimizga rahmat. Ular o‘z saviyasini ko‘rsatdi. Yana bir bor ishqibozlarni g‘alaba bilan tabriklaymiz.
Chiroyli g‘alaba bilan tabriklaymiz. Farrux Sayfievni ko‘proq yarim himoyada ko‘ryapmiz. Bu Ibrohim Yo‘ldoshevga o‘yin amaliyoti berish uchun qilinyaptimi?
- Shu mavzu bo‘yicha Farrux bilan hozir gaplashdik. Bizda uning pozitsiyasida o‘ynay oladigan Ibrohim bor. Bugun u yaxshi o‘yin namoyish etdi.
Ruslan Jiyanov Olimpiya terma jamoasida o‘ynadi va bugungi uchrashuvda ham maydonga tushdi. Bu uning o‘zining shaxsiy qarori edimi?
- Birinchi navbatda, bu mening qarorim. Ruslan darajasidagi futbolchi bizning o‘yinimizga sifat qo‘sha oladi. Kecha uning sog‘ligi bilan muammo bor edi. Bugun shifokorlar unga ruxsat berdi. Jiyanov bizning jangchi futbolchi. U "Navbahor"dagi startini ajoyib boshladi. Biz Ruslan bilan faxrlanamiz. Menimcha, u Olimpiya terma jamoamizga ham katta yordam berdi. Albatta, biz butun termani tabriklaymiz. O‘ylashimcha, u buyog‘iga tiklanib, "Navbahor"ga hali ko‘p yordam beradi.
"Lokomotiv" uchrashuvni avvalidan himoyada o‘ynadi. Siz raqibning shunday o‘ynashini kutganmidingiz?
- Ha, biz raqibni yaxshi o‘rgangandik. Ularning hujumdagi qanotlari o‘ta tezkor. Shuning uchun, raqib tezkor qarshi hujumlarga o‘tishini kutgandik. Bizga mana shu erda Boltaboevning individual klassi yordam berdi. Agar bugun ochko yo‘qotsak, faqat o‘z xatolarimiz tufayli ro‘y berardi. Shunday bo‘lsada, uchrashuvning har daqiqasini nazorat qildik. Yigitlarga katta rahmat.
- Navro‘z maydonga tushdi va gol urdi. Biz u bilan kiyinish xonasida gaplashdik. U bilan individual ishlashda davom etamiz. Ajoyib yigit va u o‘tgan mavsum birinchi ligada o‘ynagandi. Unga imkoniyat beramiz. Shodiboevga kelsak, u jarohat olgan va tiklanishni davom ettiryapti. Nimaga u o‘ynayapti, nimaga u o‘ynamayapti, degan fikrga kelsak, mening vazifam - natija ko‘rsatish. Kim loyiq bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi. Shuning uchun, o‘yin amaliyoti va boshqa jihatlar ikkinchi darajali.
Bilamiz, milliy terma jamoada ishlagan murabbiysiz. O‘zbekiston ilk marotaba Olimpiadaga yo‘l oldi. Temur Kapadze muxlislarga taqdim etgan tuhfasi haqida gapirsangiz, juda yaxshi bo‘lardi.
- Albatta, tarixiy natija. Birinchi navbatda futbol federatsiyasining o‘ylangan siyosatining samarasi. Natijaning fundamentini aynan federatsiya qurdi. Biroq g‘oya murabbiy va futbolchilarning ishi. Bu erda murabbiylar shtabining o‘rni boshqa. Ular futbolimiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi. Shunday ekan, Temurni alohida e’tirof etib ketish kerak. "Oltin avlod"ni ham aytish lozim. Ular bizning futbolimiz kelajagi. Hatto finalda ular Osiyoning eng kuchli termasini o‘yin tomonlama taslim etdi.
Fikrlar