
Sardor Mirzaev O‘zbekistonga qaytganida futbol o‘ynamoqchi emas, chunki...
O‘zbekistonlik futbolchi Sardor Mirzaev o‘tgan yildan beri Tailandning “Muangtong Yunayted” klubida to‘p surib kelyapti. Ortgan qolgan mavsum legionerimiz uchun yaxshi o‘tdi desak bo‘ladi.
Mirzaev yarim himoyachi bo‘lsa-da, klubida eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘ldi va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. U sports.uz muxbiriga klubidagi va keyingi faoliyatidagi rejalar haqida gapirdi.
Tailanddagi faoliyati haqida
- Tailandga kelganimga bir oy bo‘ldi. Avvaliga ikki hafta karantinda bo‘ldim. Endi jamoam bilan kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda qatnashyapman. Shu oyning 31-sanasidan chempionatga start beriladi. Klub bilan shartnomam shu yilning 31 dekabrgacha. Jamoa mutasaddilari menga yangi shartnoma taklif qilamiz va shuning ustida ish olib boryapmiz deyishyapti. Agar yangi shartnoma menga ma’qul kelsa, uzaytiramiz.
“MYu”dagi debyut mavsumi
- “Muangtong Yunayted”dagi debyut mavsumim yaxshi o‘tdi. Ha, boshida 3-4 oy qiyinroq o‘tdi. Chunki Tailandda harorat bizga qaraganda issiqroq. Bu erga kelishim bilanoq to‘rt kundan keyin chempionat boshlangandi va o‘yinlarda to‘p surishga kirishib ketgandim. Uchta turdan so‘ng, karantin tufayli chempionat to‘rt oyga qoldirildi. Bu payt davomida jamoaga yanada moslashib oldim. Chempionat yana davom ettirilganida barcha uchrashuvlarda o‘ynadim. Jamoamda eng ko‘p gol urgan o‘yinchi bo‘ldim, 13 ta gol urdim. Klubdagilarni ham mening faoliyatimdan ko‘ngli to‘q. Shu bois menga yangi shartnoma berishmoqchi.
Yangi takliflar xususida
- Tailandning ikkita klubidan aniq taklif bo‘ldi. Aniqrog‘i Tay ligasiga ilk bor chiqqan jamoasi meni o‘z safida ko‘rishni xohladi. Ammo mening “Muangtong Yunayted” bilan shartnomam borligi uchun hech nimani hal qila olmayman. To‘g‘risi, boshqa hech qaerdan jiddiy taklif bo‘lgani yo‘q. Tailandda muxlislar, mahalliy aholi yaxshi muomala qilishadi, xuddi mehribondek. Mana shu tomonlari menga yoqadi.
Nega O‘zbekiston chempionatiga qaytmoqchi emas?!
- Rostini aytaman, O‘zbekiston chempionatiga qaytish niyatim yo‘q. Tailand chempionatida o‘zimni ko‘rsatib, bundan ham yaxshiroq chempionatga ketishga harakat qilaman. Boz ustiga Superligamizning hozirgi darajasini yaxshi bilmayman, balki bizda saviya biroz pastlagandir. Niyatim shundayki, 3-4 yil xorijda to‘p surmoqchiman. O‘zbekistonga qaytganimda esa futbol o‘ynamoqchi emasman. Chunki ota-onam, oilamni yonida ko‘proq bo‘lishni xohlayman. O‘ylaymanki, legioner sifatidagi faoliyatim chakki emas. 17-18 yoshimda oliy ligada professional futbol o‘ynashni boshlagandim. Shu paytgacha uyda uzog‘i bilan bir oydan ko‘p vaqt davomida turmaganman. Legioner sifatida o‘ynab qaytganimdan keyin asosan ota-onam yonida bo‘lmoqchiman. Futbol o‘zini yo‘liga.
Tailand va O‘zbekistonda to‘lanayotgan maoshlar to‘g‘risida
- O‘zbekiston klublarining byudjetlarini yaxshi bilmayman va kimga qancha to‘layotganidan bexabarman. Tailandda to‘lanayotgan maosh bilan solishtirganda, menimcha, bizda faqat legionerlarga kattaroq maosh to‘lashi mumkin. Tailandda ham pandemiyadan keyin ko‘plab klublarning homiylari kamaygan.
Terma jamoada to‘p surish orzusi
- Hech qaysi futbolchi terma jamoada to‘p surish umidini uzmasa kerak. Menda ham shunaqa. Ammo hozirgi sharoitda bu qiyin deb o‘ylayman. Ya’ni, pandemiyani nazarda tutyapman. Masalan, terma jamoamiz saralash bahslariga ketgan paytda men uyda edim. Ikki-uch hafta davomida o‘yin amaliyotisiz edim. Lekin kimni terma jamoada o‘ynagisi kelmaydi, deysiz?! Keyin Tailand chempionatini saviyasi past, u erda o‘ynagan legioner termaga tortmaydi, degan tushunchaga berilishadi. Menimcha, futbol mutaxassislari bunday o‘ylashmasa kerak.
Fikrlar