Sardor Rashidov: Evropa futbolini ko‘rdim va endi Qatarda to‘p surish men uchun zavqli

  • 6 avgust, 2019, 11:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Ilk bor Portugaliya chempionatida to‘p surish orqali o‘zbek futboli tarixidan joy olgan Sardor Rashidov yaqinda Qatarning «Qatar SK» klubi bilan shartnoma imzoladi. Ma’lumki, u shu yilning qish faslida «Nasonal» jamoasi a’zosiga aylangandi. Biroq Rashidovning Portugaliyadagi faoliyati u qadar yorqin chiqmadi va ustiga-ustak jamoasi ham quyi divizionga tushib ketdi. Bunday pallada esa tabiiyki, hamyurtimiz o‘ziga boshqa jamoa qidirishi tayin edi. Ammo aksiga olib, Sardorning keyingi jamoasi nomini aniqlash bir muncha vaqtni oldi. Boisi shuki, hamyurtimiz «Nasonal» bilan 2,5 yillik shartnomaga imzo chekkandi va uning yana ikki yili qolgandi. Shu bois futbolchining transfer summasini hal qilishda bir muncha muammolar yuz berdi. Bir qancha klublar uni sotib olishni istashdi-yu, lekin Sardorning narxi ham arzon emasdi. Nihoyat, qatarliklar bu borada o‘zini ko‘rsatishgan holda hech nimaga qaramasdan Rashidovni sotib olishdi. Shu tariqa, u «Qatar SK»ga ko‘chib o‘tdi. Ma’lumki, hamyurtimizning faoliyatidagi yorqin lahzalar aynan Qatar bilan bog‘liq. Bungacha sobiq «Al Jayish» jamoasida mazmunli o‘yinlar ko‘rsatganini qatarliklar ham yaxshi bilishardi. Shu bois Rashidovga katta umid va ishonch bildirishmoqda. Biz esa hamyurtimizning transfer masalasi hal bo‘lishi operatsiyasidagi voqealar rivojini kuzatib bordik. Qachonki, yangi jamoasi bilan shartnoma imzolagach, keyin intervyu berishga rozilik bergan Sardor, o‘z klubiga ega bo‘lgach, gapining ustidan chiqdi.

Tecno

«Qatar nafaqat men, balki oilam uchun ham qulay»

-  Sardor, avvalambor sizni Qatarning «Qatar SK» klubiga o‘tganingiz bilan tabriklaymiz. Nihoyat, yangi jamoangizga ham ega bo‘ldingiz. Bizningcha, yangi klubga o‘tish ishlaringiz bir muncha cho‘zilib ketgandek. Voqealar rivoji qanday ko‘rinish olgandi?

- To‘g‘ri, haqiqatan ham mening Qatar klubiga o‘tishim bir muncha cho‘zilib ketdi. Chunki mening «Nasonal» bilan tuzilgan amaldagi shartnomam bor edi. Shu sababli Portugaliya klubi bilan o‘rtadagi shartnoma va transfer masalasini hal qilish ishlari ancha vaqtni oldi. Shuning natijasida mening «Qatar SK» klubiga o‘tishim cho‘zildi. Xudoga shukri, oxir-oqibat men yana Qatar futboliga qaytdim. «Qatar SK» klubi bilan shartnoma tuzganimdan albatta mamnunman.

sardor4

- Ma’lumki, sizni o‘z safida ko‘rishni xohlagan klublar ko‘p bo‘ldi. Lekin «Nasonal» tomonidan belgilangan transfer summani faqat arab jamoalari ko‘tara olishlarini ma’lum qilishdi. Vaholanki, sizga Evropa jamoalaridan ham yana qiziqishlar bo‘lgandi. Taqdiringiz hal bo‘layotgan mahalda asabiylashmadingizmi?

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, «Qatar SK»ga o‘tishim transfer kelishuvi bo‘ldi. O‘zim «Nasonal» klubi prezidenti bilan gaplashdim va transfer masalamni ijobiy hal qilish yo‘llarini topdik va bu borada yaxshi kelishuvga erishdik. Natijada bu kelishuvdan ular ham, men ham xursand bo‘ldik.

- Faoliyatingizdagi yorqin xotiralar Qatar bilan bog‘liq. Chunki «Al Jayish»da ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgansiz. Yana bir bor Qatarga borganingizda nimalarni o‘yladingiz va nimalarni his qildingiz?

- To‘g‘ri aytasiz, Qatardagi faoliyatim o‘zimda ham juda yaxshi taassurot qoldirgan. Nafaqat men uchun, balki oilam uchun ham juda qulay. Buning ustiga farzandim ham Qatarda tavallud topgan. Shu bois bu mamlakat men va oilamga ham yoqadi. Xudoga shukrki, yana Qatarga qaytdim. Nasib qilsa, «Al Jayish»dagi faoliyatimdan ham ko‘ra yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatib, Qatar maydonlarida yana ko‘plab gollar urish niyatidaman.

«7-raqam? Bu Ronalduga taqlid emas»

- Siz «Qatar SK» klubida 7-raqam ostida to‘p surasiz. Bu Ronalduga taqlidmi yoki boshqa sababi bormi?

- «Qatar SK» klubida meni 7-raqamda to‘p surishimni aytishdi. Lekin hali mening qaysi raqam ostida o‘ynashim aniq emas. 7-raqamda maydonga tushishim – bu Ronalduga taqlidmi? Yo‘q, bunday emas. Albatta, Ronalduni yaxshi ko‘rmaydigan futbolchining o‘zi bo‘lmasa kerak. Chunki hammaga bunday futbolchining o‘yini yoqadi. Tabiiyki, 7-raqam ham shaxsan o‘zimga yoqadi, buni tan olaman. Masalan, milliy terma jamoamiz tarkibida Osi   yo Kubogida ham 7-raqamda o‘ynadim.

- Ayni paytda yangi jamoangiz bilan Ispaniya poytaxti Madriddasiz. Bu shaharga ilk bor kelishingizmi?  Umuman, taassurotlar qanday? «Santyago Bernabeu»ga xam sayohat qilish rejangizda bormi?

- Sizga to‘g‘risini aytsam, Madridga birinchi marta kelishim. Bu erda futbol uchun yaratilgan sharoitlar a’lo darajada. Shuningdek, Madridning iqlimi ham futbol uchun juda mos deya olaman. Gapning ochig‘ini aytsam, hali «Santyago Bernabeu»ga borishni rejalashtirganim yo‘q. Negaki, hozirgi paytda klubim bilan sport formamni tiklab olish maqsadida tinim bilmasdan mashg‘ulotlarda mehnat qilyapman. Xudo xohlasa, vaqtimiz bo‘lsa albatta «Santgo Bernabeu»  stadioniga ham boramiz.

sardor2

«Portugaliya chempionatida har qanday futbolchi o‘sadi»

- Endi Portugaliyadagi faoliyatingiz haqida gaplashsak. Afsuski, «Nasonal» ligadan tushib ketdi. Buning sababi nimada edi?

- Ha, «Nasonal» klubi quyi divizionga tushib ketdi. Yashirishning keragi yo‘q, bizning jamoa Portugaliyada kuchli klublarga qarshilik ko‘rsatishga hali tayyor emasdi. Chunki jamoaga men borgan paytda ham ular quyi ligadan asosiy divizionga chiqishgandi. Mana, ular yana o‘z joyiga tushib ketishdi. Lekin «Nasonal» yana harakat qilsa, kelasi yili asosiy ligaga qaytishi mumkin.

-  Eshitishimizcha, sizga Modeyraning iqlimi yoqmagan ekan. Shu bois o‘zingizni qulay his qilmadingizmi?

- Modeyra orolining iqlimiga keladigan bo‘lsak, u erga borganimda boshida bir oycha qiynaldim. Bu orol bo‘lgani uchun qandaydir menga ta’sirini ko‘rsatdi. Keyinchalik esa ko‘nikib ketdim.

- Aslida «Nasonal» ligada qolganida faoliyatingizda bunday o‘zgarishlar bo‘lmasmidi? Qolaversa, siz ikki yarim yillik shartnoma tuzib olgandingiz. Bu klubga o‘tishda xato va kamchilklar bo‘lmagan deb hisoblaysizmi?

- Albatta, agarda «Nasonal» asosiy ligada qolganida mening Qatar klubiga ko‘chib o‘tishim juda qiyin bo‘lardi. O‘ylashimcha, Portugaliyada qolishim ham mumkin edi. Lekin to‘g‘risini aytsam, o‘zim ham chin dildan Qatarga qaytishni xohlagandim.

- Portugaliya chempionatida barqaror o‘ynab ketish uchun futbolchida birinchi navbatda nima bo‘lishi kerak?

- Portugaliya chempionatida futbolchi o‘ynab ketishi uchun futbolchi avvalo haqiqiy professional bo‘lishi kerak. Chunki Portugaliya – bu Evropa birinchiliklaridan biri hisoblanadi. Negaki, u erda «Portu», «Sporting», «Benfika», «Braga» singari jahon darajasidagi top-klublar bor. Tabiiyki, Portugaliya chempionatida to‘p sursa har qanday futbolchida ham yaxshigina o‘sish bo‘ladi. Ochig‘i, Portugaliya futboli va uning chempionati juda qiziq. U qadar qiyin chempionat deb bo‘lmaydi. Bemalol o‘ynasa bo‘ladi. O‘zbek futbolchilari ham u erda bemalol o‘ynab keta oladilar.

sardor

«Qaysidir ma’noda Evropa futboliga ham o‘z nomimni yozdirib qo‘ydim»

- Siz Osiyoda o‘ynab o‘zingizni ko‘rsatgansiz va maqsadingiz doim Evropada to‘p surish edi. Natijada bu niyatingiz amalga ham oshdi. Ammo ushbu maqsadingiz uzoqqa cho‘zilmadi. Natijada yana Osiyo futboliga qaytdingiz. Bu sizga nimani anglatadi?

- To‘g‘ri, mening maqsadim Ociyodan Evropaga ketish edi. Mana, Evropaga bordim, ko‘rdim va o‘ynadim. Qaysidir ma’noda Evropaga ham o‘z nomimni yozdirib qo‘ydim. Buning uchun Xudoga shukr qilaman. Garchi kam bo‘lsa ham u erda o‘ynab uchta gol urdim. Niyatim Evropa futbolini ko‘rish edi va bunga erishib, yana Qatarga qaytdim. Aytishim mumkinki, Qatar chempionatida to‘p surish men uchun juda zavqli va bu oilam uchun ham yoqadi.

- Bilishimcha, Qatar klubida Samuel EtoO ham o‘ynardi. U bilan birga o‘ynashni sabrsizlik bilan kutyapsizmi?

- Samuel EtoOning rejalari o‘zgargan. U Qatar mamlakatida qolgan. Eshitishimcha, u Qatarda o‘tadigan jahon chempionatida ishlaydigan shaxslardan biri bo‘lar ekan. Ayni paytda EtoO «Qatar SK» klubi bilan birga emas. Uning o‘rniga esa Gollandiya va Marokashdan legionerlar olib kelindi.

- Yangi klubingizda siz uchun tanish do‘stlar ham bormi?

- Yangi jamoamda albatta do‘stlarim bor. Mana, kuni kecha «Al Jayish»da birga o‘ynagan futbolchi «Qatar SK»ga kelib qo‘shildi. Shuningdek, ilgari «Al Jayish»da 7-raqamda men bilan birga o‘ynagan jamoamiz sardori Vesam Rizq degan futbolchi bo‘lardi. Ayni paytda u «Qatar SK» klubi tizimida ishlayapti. Shuningdek, yana 2-3 nafar futbolchilar ham bu klubga kelish niyatida. Bilishimcha, «Al Duxail»dan yana bir o‘yinchi ham «Qatar SK»ga o‘tish niyatida. U bilan ham oldin «Al Jayish»da birga to‘p surganmiz.

- Ayting-chi, ushbu transferning hal bo‘lishida avvalo kimlarga rahmat aytgan bo‘lardingiz?

- Ushbu transferning hal bo‘lishi uchun Yaratganga shukr aytaman. Mening Ro‘zimurod degan yaqin ukam bor. Ilgari «Al Jayish»da to‘p surgan paytimda ham uni o‘zim bilan birga olib ketganman va menga tarjimonlik qilardi. Aytishim kerakki, u menga Portugaliya jamoasi bilan shartnomamni kelishib olishimda katta yordam ko‘rsatdi.

- Bungacha Qatarda o‘zingizni har tomonlama ko‘rsatgansiz. Bu safar esa qanday marralarni zabt etish uchun keldingiz?

- Qatarda o‘ynadim va u erda mamlakat Kubogini ham qo‘lga kiritganman. Niyatim Qatarda qolib, o‘zimni ko‘rsatib, chempionlikka erishish va Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘ynamoqchiman. Bir so‘z bilan aytganda, u erda mening maqsadlarim katta.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
darwesh
06/08/2019 23:35
Европа футболи унга тугри келмади))))
&
Ҳайрулла Аҳмаджонов
06/08/2019 14:59
еврогага борип еб қўйди ўзича юлдуз эди
Davron Jenjayev
06/08/2019 14:07
Qanaqa yevropa kallen bormi
Husan Sodiqov
06/08/2019 12:51
Yevropa futbolida o‘ynab ko‘rdi va birinchi o‘yindayoq 10:0 ga yutqazdi ????????????????