Sardor Rashidovdan dubl, navbatdagi raqib "Al-Hilol"
“Quvayt SK” klubi o‘z safiga Sardor Rashidov, Jon Obi Mikel va yana boshqa saviyali legionerlarni qo‘shib olganidan so‘ng, Turkiyaga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun jo‘nab ketganliklari haqida avvalroq saytimiz orqali xabar bergandik.

U erda quvaytliklar bir qator nazorat uchrashuvlarini o‘tkazganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Turkiyadagi oxirgi o‘rtoqlik o‘yini Qatarning “Al-Xor” jamoasiga qarshi kechdi. Ushbu bellashuv gollarga boy tarzda o‘tgan bo‘lib, yakunda “Quvayt SK” 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, quvaytliklar tarkibida maydonga tushgan Sardor Rashidov raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol qilishga erishdi. Bundan oldingi nazorat o‘yinlarida ham u bitta gol urgan va yana bitta assistent vazifasini bajargandi. Bu safar esa dublga erishgan holda murabbiylarning ishonchini qozonishda davom etyapti.

Jamoa “Al-Xor”ga qarshi uchrashuv bilan Turkiyadagi yig‘inini yakunladi va bugun ertalab Quvaytga qaytib kelishdi.
Rejaga ko‘ra, Rashidov va uning jamoasi 4 sentyabr kuni Saudiya Arabistonida “Al-Hilol”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.



Fikrlar