Sergey Kovshov: Og‘ir mehnat evaziga ochko oldik

  • 1 mart, 2018, 23:59
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bugun O‘zbekiston Superligasi doirasida Farg‘onaning "Neftchi" klubi o‘z maydonida Qarshining "Nasaf" jamoasini qabul qildi. Mazkur o‘yinda hisob ochilmadi va jamoalar bir ochkodan "bo‘lishib olishdi". 

Ushbu o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Sergey Kovshov va futbolchi Shukurali Po‘latovlar ishtirok etishdi. Bu haqda "Neftchi" matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sergey Kovshov: Bugun jiddiy raqibga qarshi raqobat olib bordik. Ammo menga ma’qul kelgan tomoni “Neftchi”ning g‘alabaga bo‘lgan chanqoqligi bo‘ldi. Jamoa oxirigacha kurashdi. G‘alaba sari intilganliklarini ko‘rsatib qo‘yishdi. Ishtiyoq esa bugungi natijada muhim rol o‘ynadi. Hamma murabbiylar jamoasining g‘alaba qozonishini istaydi. Shu qatori men ham jamoamdan g‘alaba kutgandim. Bugun biz og‘ir mehnat evaziga qimmatli ochkoni qo‘lga kiritdik. Yigitlarning o‘yinidan ko‘nglim to‘ldi.

Shukurali Po‘latov: Bugun O‘zbekistondagi eng kuchli klubga qarshi to‘p surdik. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Bejizga bu jamoa o‘tgan mavsumda 2-o‘rinni qo‘lga kiritmadi. Jamoamiz bilan o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Bahsda muxlislar bizga juda katta dalda bo‘lib turishdi. Buning uchun ularga rahmat deb qolaman. “Neftchi” yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Bugun rahbariyat tomonidan “Nasaf”ni mag‘lub etish vazifasi oldimizga qo‘yilgandi. Lekin durang natija ham yomon emas deb o‘ylayman. Jiddiy raqibga qarshi og‘ir o‘yin kechdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!