
Fayzullaev o‘zini "qiynagan" murabbiydan qutildi!
Moskvaning TsSKA klubi bosh murabbiyi Marko Nikolich “armiyachilar” safini tark etadigan bo‘ldi. Serbiyalik murabbiy ishni Gretsiyaning AEK klubida davom ettiradi.
Gretsiyaning Mozzart Sport nashrining ma’lum qilishicha, Har ikki klub va murabbiyning o‘zi bu o‘zgarish borasidagi ishlarni tamomlagan va Nikolichning yangi jamoaga o‘tgan tez orada rasman e’lon qilinadi.
AEK klubi 46 yoshli mutaxassis bilan ikki yillik shartnoma imzolaydi. Gretsiyaliklar Nikolichning shartnomasini TsSKAdan sotib olish uchun moskvaliklarga 600 ming evro to‘laydi. Avvalroq, agar AEK badal pulini to‘lamasa, serbiyalik mutaxassisning o‘zi o‘z shartnomasini sotib olishga tayyorligi haqida ma’lum qilingan edi.
TsSKA murabbiylar shtabini to‘liq yangilashiga to‘g‘ri keladi. Chunki Marko Nikolich yangi ish joyiga o‘z yordamichilariRadoe Smilyanich, Aleksandar Rogich va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis Goran Basarichni olib ketadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yozda “armiyachilar”ni qabul qilib olgan murabbiy bir yil ichida natija ko‘rsatdi. Uning qo‘l ostida TsSKA Rossiya Premer-ligasida bronza medalga ega chiqdi va mamlakat kubogi g‘olibi bo‘ldi.
Bu natijalar Nikolich qishki tanaffus paytida jamoaning o‘yin sxemasini o‘zgartirib, romb uslubida o‘ynashga o‘tganidan keyin qo‘lga kiritildi. Ta’kidlash lozimki, serbiyalik murabbiy kiritgan yangi usul Abbosbek Fayzullaevning tanqidlarga uchrashiga sabab bo‘ldi.
Mavsumning birinchi yarmida yorqin o‘yin ko‘rsatgan va samarali harakatlarni amalga oshirib kelgan legionerimiz maydondagi joyi o‘zgarganidan keyin o‘zini ko‘rsatishi qiyinlashib qoldi. Nikolich Abbosga maydonni markazidan joy olib, ham hujum, ham himoyada faol o‘ynash vazifasini qo‘ydi.
Yangi talablarga moslashish Fayzullaevga oson bo‘lganiy yo‘q. Legionerimiz mutaxassislar va muxlislar tomonidan tanqidga uchragan vaziyatlar bo‘ldi. Nikolich Abbosning o‘yinidagi pasayishlar vaqtincha ekanini ta’kidladi.
- Abbosbek o‘sishda davom etmoqda. Men uning juda katta salohiyatga ega ekanini ko‘rib turibman. Abbosni tanqid qilayotganlarning fikriga umuman qo‘shilmayman. Fayzullaev juda katta hajmdagi ishlarni uddalayapti, biroq hujumlarni samarali yakunlashni yaxshilashi talab etiladi. Bunga erishgan taqdirda bir mavsumda o‘nta gol urib, o‘nta assist qayd etadigan darajaga chiqadi va uni hech kim ushlab qola olmaydi. Fayzullaev yangi o‘yin sxemasiga to‘liq moslashib bo‘ldi, - dedi Marko Nikolich.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchilaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullaev ham o‘yini va samaradorliginidagi pasayishlar maydondagi pozitsiyasini o‘zgartirgani natijasi ekanini va asosiy tarkibga kirish uchun raqobatdan cho‘chimasligi, kurashishga tayyor ekanini bir necha bor aytgan edi.
Xususan, intervyularidan birida 21 yoshli hujumkor futbolchimiz “Men mehnat qilaveraman, lekin qarorni bosh murabbiy qabul qiladi. Men Nikolich uchun gapira olmayman. O‘zim o‘zimni tarkibga kiritolmayman. Raqobat har doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Men TsSKAga kelgan davrimda ham raqobat hozirgidan kam emas edi. Hamma narsaga tayyorman. Miralem Pyanich bilan ham, yangi kelgan o‘yinchilar bilan raqobatlashishga hozirman”, degan edi.
Abbosbek Fayzullaev yakunlangan mavsumda jami 39 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga sakkizta golli pas uzatdi.
Hamyurtimizning o‘zi ham yakunlangan mavsumda klubidagi shaxsiy ko‘rsatkichlaridan qoniqqani yo‘q.
- Bu mavsumni shaxsan o‘zim uchun o‘tgan yilgiga solishtirganda yomon baholayman. Bultur samardorlik bo‘yicha beshta gol va 14 ta assist qayd etgandim. Bu gal bu ko‘rsatkich 3+8 ko‘rinishida bo‘ldi.
Mavsumning ikkinchi qismida maydondagi pozitsiyam o‘zgardi va pasayish birinchi navbatda shu bilan bog‘liq. O‘zgarish o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Mavsum juda yaxshi boshlangandi, keyin o‘rnim o‘zgardi. Natijada statistik ko‘rsatkichlar avvalgidek bo‘lmadi, lekin men yangi pozitsiyaga ko‘nikib olishga harakat qildim, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Fayzullaev yosh bo‘lishiga qaramay, faoliyati davomida bir necha nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Xususan, “Paxtakor”da o‘ynab yurgan kezlari uch karra mamlakat chempioni, O‘zbekiston Superkubogi sohibi bo‘lgan.
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi safida Osiyo kubogida zafar quchgan.
Abbosbek Fayzullaev shaxsiy sovrinlari sonini ham ko‘paytirib bormoqda. U hozirga qadar “Osiyo kubogi U-20” musobaqasining eng yaxshi futbolchisi, 2023 va 2024 yillarda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi, 2023-2024 yilgi mavsumda Rossiya Premer-ligasi kashfiyoti, 2023 yilda Osiyoning eng yaxshi yosh o‘yinchisi, deb topilgan.
Husanov boshlanishi, o‘zbek futbolchilari Evropani zabt etadi!
“Manchester Siti” jahon chempionatiga olib ketmaydigan futbolchi nomini e’lon qildi
O‘zbekistondek mundialga chiqish uchun futboldan begona odamlarni yo‘qotish kerak!
Husanovning “Manchester Siti”dagi kelajagi muhim qarorga bog‘liq?
Fikrlar