Sergey Lushchan: Shomurodovning Evropaga o‘tgani qolganlarni ham ruhlantirishi kerak

  • 4 noyabr, 2020, 06:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-ligadagi kurash qizg‘in pallasiga kirmoqda. Endi kuchli to‘rt klub – “Neftchi”, “Sho‘rtan”, “Turon” hamda “Dinamo” Superliga yo‘llanmasi yo‘lida jiddiy kurash olib boradi. Agar ushbu jamoalarga ustozlik qilayotgan bosh murabbiylarga qarasak, ularning orasida nom va tajriba jihatidan Sergey Lushchan ajralib turishi mumkin. Chunki u bir necha yil davomida “Bunyodkor”ga ustozlik qilgan. Qolaversa, “So‘g‘diyona”da ham ishlab ko‘rdi.

Tecno

Endi esa go‘yoki hammasini boshidan boshlashni istagandek, pro-ligada samarqandliklarni Superligaga olib chiqish uchun taklif etildi. Xo‘sh, Lushchan oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik uddalay olarkin? Bu ham o‘ziga yarasha kuzatish mumkin bo‘lgan qiziq jarayon. Lushchan esa shu va yana boshqa masalalar bo‘yicha Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

-  Sergey Ivanovich, “Dinamo” qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, kuchli to‘rtlikka kira oldi. “Dinamo”ni  Superligaga olib chiqishga qanchalik ishonyapsiz? Boisi, raqobat yanada kuchli bo‘ladi...

-  Albatta ishonaman. Biz peshqadamdan olti ochkoga ortda qolyapmiz. Ammo hamma kurash hali oldinda. Ko‘p narsa birinchi o‘yinga bog‘liq bo‘lib qoladi.

-  Umuman aytganda, ilk bor pro-ligada ishlayotgan murabbiy sifatida ayting-chi, u erda saviya hamda mavqe qanday ekan? Siz o‘ylagandan yaxshiroqmi yoki yomonroqmi?

-  Bu borada hech narsa deya olmayman. Ustiga ustak koronavirus tufayli juda ko‘p o‘yinlar vaqtida o‘tkazilmasdan qoldi. Shu bois chempionat kutilgan darajada chiqmadi. Biz oxirgi pallaga qadar o‘yinlar qachon o‘tkazilishidan bexabar qoldik. O‘z navbatida bu holat mashg‘ulot jarayoniga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Buning natijasida nafaqat jamoalar, balki butun chempionatning sifati pasayib ketdi.

-  Ko‘pchilik Superligadan ko‘ra, pro-ligada ishlash qiyinroq deyishadi. Shu fikrga siz ham qo‘shilasizmi?

-  Agar faqat futbolchilarning sifatlarini e’tiborga oladigan bo‘lsak, o‘z-o‘zidan Superligadagi ijrochilarning saviyasi pro-ligadagilarga nisbatan balandroq. O‘z o‘rnida, bunday ijrochilar bilan ishlash murabbiy uchun qiziqarli. Umuman aytganda, O‘zbekistonning bu ikki ligasida ishlash murabbiydan katta kuch talab qiladi. Nega deganda, har bir jamoada darhol natija talab qilishadi. Lekin, menimcha raqobatbardosh klubni shakllantirish uchun murabbiyga kamida uch yil kerak bo‘ladi. Faqat shundan so‘nggina undan yuqori natijalarni talab qilish mumkin.

lushan_2

-  Pro-ligada ikkinchi o‘rin egasi pley-offda o‘ynaydi. Balki shu maqsad haqida o‘ylayotgandirsiz, nima deb o‘ylaysiz?

-  Biz har qanday variantlarni o‘rganib chiqyapmiz. Albatta, o‘z-o‘zidan ma’lumki, asosiy maqsad Superliga yo‘llanmasiga ega chiqish.

-   “Dinamo”da ishlash orqali Lushchanning qanday mutaxassis ekanligini isbotlash niyatingiz bormi? Yoki bunday istak sizga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkinmi?

-  Men bir yil futboldan dam oldim. Shu vaqt davomida baliq ovladim. Chunki baliq ovini juda yaxshi ko‘raman. Baliq ovlar ekansiz, hamma narsa haqida bemalol o‘ylashingiz mumkin bo‘ladi. Bunga qadar men 8 yil mobaynida ta’tilsiz va dam olish kunlarisiz ham ishladim. O‘z o‘rnida bunday mehnat salomatligimga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. “Dinamo”dan taklif olganimdan so‘ng, uzoq o‘ylab o‘tirmadim. Chunki ijodiy tanaffusni poyoniga etkazib, to‘xtab qolgan murabbiylikni qayta boshlashim kerak edi. Biz rahbariyat bilan hammasini gaplashib oldik. Bu ish menga o‘ziga yarasha amaliyot, klub uchun esa natija bo‘lib xizmat qiladi. Qolganini mavsum yakuniga etganidan so‘ng bilib olamiz. Agar yuqoridagilar jamoada qolishimni istashsa qolaman, istashmagan taqdirda esa rahbariyat bilan yaxshilikcha xayrlashaman. Bunday yo‘l tutish menga yoqadi.

-  Sizda o‘ziga yarasha tajriba bor. “Dinamo”dagi futbolchilar sizning falsafangiz va nimani xohlayotganingizni to‘liq tushunib etishdimi?

-  Bunday fikrlarga qisman qo‘shilish mumkin. Boya aytganimdek, yaxshi va raqobatbardosh klubni shakllantirish uchun kamida uch yil kerak bo‘ladi. Men esa “Dinamo”ga besh oydan beri ustozlik qilyapman xolos. Albatta, hammaga og‘ir: biz murabbiylarga ham, futbolchilarga ham.

lushan4_1

-   “Dinamo”da shunday odat borki, klub Superligaga chiqsa yana quyi ligaga tushib ketaveradi. Klub pro-ligada favorit, elitada esa autsayderga aylanib qolaveradi. U erda ishlayotgan mutaxassis sifatida buning javobini topdingizmi?

-  Har bir klubning o‘ziga yarasha muammolari bo‘ladi. Bu yili “Dinamo”ni pro-liganing favoriti deya atash to‘g‘ri bo‘lmasdi. Biroq biz klubni pro-ligadan Superligaga olib chiqsak, yuqoridagi an’ana o‘zgaradi. Klubni shakllantirish uchun har tomonlama o‘ylangan strategiya kerak bo‘ladi. Ishni faqat jamoaning oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yish bilan olib borish to‘g‘ri emas. Klubni rivojlantirish uchun akademiyani kuchaytirish zarur. O‘z tarbiyalanuvchilariga tayanish esa har qanday jamoaga omad keltiradi. 

-  “Bunyodkor”da ishlayotgan paytingizda qo‘l ostingizda hozirda Rossiyaning TsSKA klubida to‘p surayotgan Baxtiyor Zaynutdinov ko‘rikdan o‘tgan ekan. O‘shanda uni nima uchun olib qolmagandingiz? Yoki o‘zini ko‘rsata olmaganmi?

-  U bizda bor yo‘g‘i ikki hafta bo‘lgan. Boz ustiga uni darhol akademiyadan olishimizga Qozog‘iston fuqarosi ekanligi imkon bermagandi. Chunki uni jamoaga jalb etish va yashashi uchun joy topishda bizda imkon yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham men o‘shanda federatsiya prezidenti huzuriga kirganman. Lekin Zaynutdinovni olib o‘tish haqidagi fikrimni rad etgandilar. Buning uchun ikki yil kutishimiz kerakligini ham gap orasida qisqtirib o‘tishgan. Agar dastlabki taklif ijobiy hal etilganda biz Baxtiyorni ancha oyoqqa qo‘ygan bo‘lardik.

-  Zaynutdinovni keyinchalik  Rossiyada o‘ynab ketishini kutganmidingiz?

-  Men nafaqat Zaynutdinov, balki “Bunyodkor” akademiyasidan chiqqan har bir yigitning futbolda yuqori natijalarga erisha olishiga ishonaman va buni kutib qolaman. Qolaversa, biz faqat o‘z kissalarimizni pullarga to‘ldirish haqida emas, balki o‘zbek futbolini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarish maqsadida ishlaganmiz. Eng asosiysi, bizda bu ish ijobiy yakunlanib kelyapti.

-  Shuningdek, qo‘l ostingizda o‘ynagan Eldor Shomurodovning keyinchalik Italiya A seriyada o‘ynashini bilarmidingiz? Uning imkoniyatlarini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilgan mutaxassis sifatida undan Italiyada nima kutyapsiz?

-  O‘zim shug‘ullantirgan har bir o‘yinchida aqlbovar qilmas darajadagi potentsial bor. Ular eng yaxshi chempionatlarda to‘p surishga munosib. Ammo hayotda hammasi kishi istagandek bo‘lavermaydi. Kimgadir omad ko‘proq kulib boqsa, yana kimnidir chetlab o‘tadi. Eng muhimi, o‘zim ishlagan yigitlarning hammasi, jumladan Shomurodov ham juda yaxshi inson. O‘ylaymanki, uning Italiya A seriyasida to‘p surishi o‘zbek futboliga katta yordam beradi. O‘z navbatida boshqalar Eldordan ruhlangan holda o‘z mahoratlarini sayqallashga zo‘r beradilar.

lushan2_1

-  Murabbiy sifatida o‘zbekistonlik qaysi hamkasbingizni eng zo‘ri deb ayta olasiz?

-  Yaxshi murabbiylar etarlicha. Menga hammasidan ko‘ra, Ro‘ziqul Berdievning ishini kuzatish yoqadi. U “Nasaf”ni juda yaxshi boshqarib kelyapti. Berdiev klub tizimiga asosan mahalliy yoshlarni jalb etyapti. Mahalliy ijrochilarga tayangan klublarning esa kelajagi porloq bo‘ladi.

-  Sizning orzuingiz nima?

-  Buni sir tutganim ma’qul. Aks holda orzuim amalga oshmay qolishi ham mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!