Shomurodov – “avliyo”! Eldorning gaplari to‘g‘ri chiqdi

  • 4 may, 23:28
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” futbolchilari A Seriya o‘yinlari yakunlanishiga uch tur qolganida g‘alaba qozonib, Evropa Chempionlar ligasi sari yana bir katta qadam tashladi.

Rimliklar 35-turni jiddiy raqib – “Fiorentina”ga qarshi o‘tkazdi. Uchrashuv qahramoni bu gal ham Eldor Shomurodov bo‘ldi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida o‘zbek legioneri qiyin vaziyatda turganiga qaramay, to‘pni boshi bilan o‘ta qulay pozitsiyaga chiqqan Artyom Dovbikka etkazib berdi.

Ukrainalik forvard Shomurodovdan kelgan to‘pni David de Xea darvozasiga joylab qo‘ydi. Bu gol uchrashuv davomida yagonaligicha qoldi va “bo‘rilar”ga navbatdagi uch ochkoni keltirli.

E’tiborlisi, Eldor Shomurodov o‘tgan turda ham yagona golga assistentlik qilib, “Roma” muxlislari mehrini qozongan edi.

Shu o‘rinda qiziq bir holatga e’tibor qaratish lozim. O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi “Fiorentina”ga qarshi bellashuv oldidan oldingi chiziqda Artyom Dovbik bilan o‘ynash samarali ekanini ta’kidlagan edi.

“Olimpiko”dagi uchrashuvda Eldor Shomurodov intervyudagi gaplarini amalda ham isbotlab qo‘ydi.

Sports.uz portali o‘zbek futbolchisining o‘yin oldidan  SKY hamda DAZN nashrlari jurnalistlariga bergan qisqa intervyusini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.

- “Roma”ning shiddatli o‘yinlari sizga yoqyaptimi?

- Ha, menga ma’qul kelyapti. Biz shiddatli o‘yin ko‘rsatyapmiz, raqib kimligining ahamiyati yo‘q, eng muhimi – g‘alaba qozonish.

- Ikkita markaziy hujumchi bilan o‘ynash raqiblarni ko‘proq qo‘rqityaptimi?

- Yo‘q, Biz bu borada xotirjammiz. Artyom Dovbik bilan bir birimizni yaxshi tushunyapmiz, ko‘p muloqot qilamiz. Aslida bizga bir birimiz yoki boshqa o‘yinchilar bilan birga o‘ynashning unchalik katta farqi yo‘q. Biz har doim tayyormiz.

- Dovbik bilan o‘ynash qanday ekan?

- Ikkimiz ham hujumchimiz. Qanday o‘ynash va nima qilishni yaxshi bilamiz. Bu ishimizni ancha osonlashtiradi.

- O‘zaro bir birini anglash yuzaga keldimi?

- Ha, shunday bo‘ldi.

- “Roma”ning siri nimada?

-  Sizga bu sirni ocholmayman (kuladi). O‘ylashimcha, maydonda bor kuchni berib harakat qilish kerak va shundan keyin natijaga qarasa bo‘ladi. Mana o‘sha sir.

- Klaudio Raneriga ta’rif bering...

- Murabbiyimiz – ajoyib inson. Mendan nima xohlayotganini tushunaman va mendan talab qilayotganilarini to‘liq bajarishga harakat qilaman.

Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida jami 34 ta uchrashuvda ishtirok etib, ettita gol va beshta assist muallifi bo‘ldi.

G‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

Raneri Shomurodov haqida jiddiy gaplarni aytdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!