
Shomurodov muxlislari xotirjam bo‘lsin!
Germaniyaning Transfermarkt tahliliy portali Italiya chempionatida o‘ynayotgan MDH davlatlaridan chiqqan eng qimmat futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi. “Roma” sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodov ham ushbu reytingning yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Bu reytingda eng qimmat o‘yinchi sifatida “Atalanta”ning ukrainalik legioneri Ruslan Malinovskiy qayd etilgan.
28 yoshli hujumkor futbolchi 2019 yildan beri Bergamo shahri klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Italiyaliklar bu yarim himoyachini Belgiyaning “Genk” klubidan 13,6 million evro evaziga transfer qiligandi.
Ayni paytda Malinovskiyning narxi 30 million evroni tashkil qilmoqda. Mahoratli o‘yinchi joriy mavsumda “Atalanta” tarkibida barcha turnirlarda 33 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga o‘nta gol va to‘rtta golli pas yozdirib qo‘ydi.
Malinovskiy o‘z yurtida “Shaxtyor” va “Zarya” klublarida to‘p tepgan. Keyinchalik “Genk” klubida ham o‘ynagan. 2015 yildan beri Ukraina terma jamoasida faoliyat yuritayotgan yarim himoyachi 45 ta bahsda raqiblar darvozasini 6 marotaba ishg‘ol qildi.
Mazkur reytingning ikkinchi pog‘onasidan “Atalanta”ning yana bir o‘yinchisi – rossiyalik Aleksey Miranchuk o‘rin oldi. 26 yoshli yarim himoyachining transfer summasi 11 million evroga baholanmoqda.
Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi tarbiyalanuvchisi 2020 yilning yozida bergamoliklar jamoasiga 14,5 million evro evaziga qo‘shilgan edi. Miranchuk asosiy tarkibning muqim o‘yinchisiga aylana olmadi. Shu bois uning transfer narxi arzonlashganini ko‘rish mumkin.
Rossiyalik yarim himoyachi joriy mavsumda barcha turnirlarda 19 marotaba ko‘rinish berdi. A Seriyada raiblar darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi. Alekseyning hisobida to‘rtta assist ham bor.
Miranchuk Rossiya milliy terma jamoasida 41 ta o‘yinda oltita gol muallifi bo‘lgan.
MDHning eng qimmat o‘yinchilari orasida Eldor Shomurodov uchinchi o‘rinda qayd etilgan. “Roma” zaxirasiga mixlanib qolgan legionerimizning narxi pastlagani haqida xabar bergan edik. Hozir transfer summasi 10 million evroga baholanayotgan hamyurtimiz uchun rimliklar yozda 17,5 million evro to‘lagan edi.
Aslida Shomurodov Italiyadagi faoliyatini 2020 yilda “Jenoa”da boshlagan va bir mavsumda sakkizta gol urganidan keyin Genuya klubi 7,5 million evro xarajat qilingan hujumchini qimmat narxga transfer qilgandi.
Shomurodov “Roma”da asosiy tarkibdagi joyini angliyalik yulduz Temmi Abraxamga boy berdi. Joze Mourino mavsumning birinchi yarmida o‘zbek futbolchisini asosan zaxiradan maydonga tushirayotgan edi. Biroq, keyingi paytda Eldor o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan holatlar ham uchrab turibdi.
Tabiiyki, bularning bari o‘yinchining transfer summasiga bevosita ta’sir qiladi.
Legionerimizning maydonda harakat qilgan daqiqalari kam bo‘lsa-da, hisobidagi uchrashuvlar soni 30 tani tashkil qilmoqda. Shunga qaramay, Eldor o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlar – A Seriya, Italiya kubogi va Konferentsiyalar ligasida o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yishga erishgan. Hisobida to‘rtta aniq zarba qayd etilgan hujumchimiz besh bor jamoadoshlarini golli pas bilan ta’minlagan.
Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori hisoblanadi. U mamlakatimiz bosh jamoasida 53 ta uchrashuvda 23 ta gol urgani qayd etilgan.
Shuningdek, Shomurodovning jamoadoshi Genrix Mxitaryanning ham transfer summasi 10 million evroni tashkil qilmoqda. 33 yoshli armanistonlik yarim himoyachi 2019 yildan beri rimliklar safida to‘p surmoqda.
Mxitaryan joriy mavsumda 35 ta uchrashuv o‘tkazib, uchta gol va ettita assist muallifi bo‘ldi. Tajribali futbolchi yaqinda Armaniston terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U o‘z yurti uchun 95 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 32 ta to‘p kiritgan.
Kuchli o‘nlikdan joy olgan futbolchilar reytingi bilan tanishing:
Shomurodovni o‘ynatmayotgan Mourino qolganlarni ham tanqid qila boshladi!
“Roma” hujumida o‘zgarish. Bir hujumchi ketadi!
Fikrlar