
Shomurodov muxlislariga yangi xushxabar!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov A Seriyaning hal qiluvchi pallasida klub miqyosida ham muhim o‘yinchiga aylanib ulgurdi.
Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan “Roma”ning oxirgi beshta o‘yinidan to‘rttasida o‘zbek legioneri jamoasining hal qiluvchi gollarida ishtirok etib, o‘z hisobiga ikkitadan gol va assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Yaqinda “Roma” muxlislari ishtirokida jamoaning aprel oyidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rovnomada Eldor Shomurodov hujumkor futbolchi Matias Sule va darvozabon Mile Svilarni katta farq bilan orta qoldirgan. Individual e’tirof o‘zbek futbolchisi uchun joriy mavsumdagi ikkinchisi bo‘ldi. Eldor fevral oyida ham jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilgandi.
Endi nufuzli manbalardan whoscored.com portali o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida A Seriyaning 35-turi yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi futbolchilardan tarkib topgan ramziy terma jamoani e’lon qildi.
Italiya chempionatining 35-turida “Roma” o‘z maydonida kuchli raqib – “Fiorentina” futbolchilarini qabul qilib, kichik hisobda g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona golga Artyom Dovbik mualliflik qilgan bo‘lsa-da, unga bu imkoniyatni Eldor Shomurodov yaratib berdi. 29 yoshli o‘zbek hujumchisi qiyin vaziyatda turganiga qaramay, yuqoridan kelgan to‘pni boshi bilan ukrainalik forvardga tashlab berdi. Dovbik hech qanday to‘siqsiz to‘pni darvozaga yo‘lladi.
A Seriya 35-turining ramziy terma jamoasiga quyidagi futbolchilar kiritildi:
Darvozabon:
Marko Karnasekki (“Atalanta”).
Himoyachilar:
Jon Lukumi (“Bolonya”), Tomas Kristensen (“Udineze”), Isak Xin (“Atalanta”).
Yarim himoyachilar:
Ruy Modeshtu (“Udineze”), Sharl De Ketelare (“Atalanta”), Yakob Ondreyka, (“Parma”), Ademola Lukman (“Atalanta”), Xassan Kamara (“Udineze”).
Hujumchilar:
Mateo Retegi (“Atalanta”), Eldor Shomurodov (“Roma”).
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2020 yilning oktyabridan Italiya chempionatida o‘ynab kelmoqda. Debyut mavsumida Italiyaning eng qadimiz jamoasi “Jenoa” sharafini himoya qilgan legionerimiz 2021 yili “Roma”ga ko‘chib o‘tdi.
Eldor orada bir yarim mavsum “Spetsiya” va “Kalyari”da ijarada o‘ynadi. Joriy mavsumni to‘liq Rim klubida o‘tkazmoqda. Bu galgi chempionat Shomurodov uchun “Roma”dagi faoliyatida eng muvaffaqiyatlisi hisoblanadi.
Shomurodovning Italiya klublaridagi o‘yinlar va samarali harakatlari statistikasi quyidagicha:
“Jenoa”da – 32 ta o‘yin, 8 ta gol, 2 ta assist.
“Spetsiya”da – 16 ta o‘yin, 1 ta gol, 2 ta assist.
“Kalyari”da – 24 ta o‘yin, 3 ta gol, 3 ta assist.
“Roma”da – 82 ta o‘yin, 13 ta gol, 11 ta assist.
“Roma” rahbariyati qaroriga ko‘ra, Eldor Shomurodovning Rim klubi bilan tuzgan amaldagi shartnomasi yaqinda 2027 yilning 30 iyuniga qadar uzaytirildi.
Husanov jamoasiga yaxshi xabarlar kela boshladi!
“Roma” Shomurodov bo‘yicha muhim qarorga keldi!
Husanov jamoasi qarorini o‘zgartirishi kutilyapti
Bu ishni o‘zbek futbolchilari zo‘r eplaydi
Shomurodov “Roma”ning “top-5”dagi tarixiy rekordini ta’minlab berdi!
Fikrlar