
Shomurodov Saudiyaga bormadi, sababi...
“Spartak” taklifi va Eldor Shomurodovning rad javobi haqidagi muhokamalarga Moskva klubida o‘ynagan yurtimizning eng mohir to‘purarlaridan biri Ja’far Irismetov ham qo‘shildi.
Irismetov jurnalist Anar Ibragimov bilan suhbatda Italiyadagi o‘zbek hujumchisining faoliyatini qisqacha tahlil qilib o‘tdi.
- Shomurodov hali Evropada o‘ynamoqchi. Eldorda Saudiya Arabistonida o‘ynashi uchun yaxshi variantlar bor edi. Saudiya Arabistoniga bormadimi, demak Italiyada qolishni istayapti.
Klublar nomini bilmayman, lekin ikki-uchtasi Shomurodovga qiziqish bildirgan. Eldorga Osiyoning boshqa mamlakatlaridan ham takliflar ko‘p. Lekin uning o‘zi hali Evropada to‘p tepishni maqsad qilgan.
“Spartak”da o‘yin uslubi jihatidan Shomurodovga o‘xshagan o‘yinchi Aleksandr Sobolev bor. Shu ma’noda, Shomurodov “Spartak”ga nega kerak, bunisini bilmayman.
“Spartak”ga moslashish hozir ancha oson. Avvallari (2001 yili Irismetov “Spartak”da o‘ynagan) har qanday o‘yinchini ham qabul qilishmas edi. Chunki “Spartak”ning o‘ziga xos murakkab o‘yin usuli bor edi.
Shomurodovga moslashish oson bo‘ladi, chunki Rossiya futbolini yaxshi biladi. Lekin tanlovni uning o‘zi qilishi kerak, - dedi Ja’far Irismetov.
Ja’far Irismetov O‘zbekiston futbol tarixidagi eng zo‘r hujumchilardan. U professional faoliyatini 1993 yili Toshkent viloyatining “Do‘stlik” jamoasida boshlagan.
Irismetov turli davrlarda O‘zbekiston chempionatida “Do‘stlik”, “Paxtakor”, “Dinamo Samarqand”, “Sho‘rtan”, “Qizilqum”, “Navbahor” jamoalari sharafini himoya qildi.
Bundan tashqari legioner sifatida Gretsiyaning “Panatinaikos”, Rossiyaning “Spartak”, “Chernomorets”, “Anji”, Ukrainaning “Krivbass”, Xitoyning “Lyaoning Xunyong”, Qozog‘istonning “Qayrat”, “Olma-ota”, “Aktobe” jamoalarida to‘p tepdi.
Irismetov ilk chempionligiga 2000 yili “Do‘stlik” tarkibida erishdi. O‘shanda mohir hujumchi 37 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 45 marotaba ishg‘ol qilib, bir mavsumda eng ko‘p gol urish bo‘yicha mamlakat rekordini o‘rnatgan edi. Bu ko‘rsatkichni hozirgacha hech bir futbolchi yangilay olgani yo‘q.
Irismetov Toshkent viloyati jamoasi safida O‘zbekiston kubogini ham qo‘lga kiritgan. Boshqa jamoalardagi faoliyatida ham Ja’far ko‘p bora turli sovrinlarga ega chiqdi. Xususan, “Spartak”da Rossiya, “Paxtakor”da O‘zbekiston, “Qayrat”da Qozog‘iston yuqori divizionlari chempioni bo‘ldi. “Olma-ota” jamoasi bilan birga qo‘shni mamlakat kubogi sohibiga aylandi.
Mohir hujumchimiz faoliyati davomida uch marotaba O‘zbekiston va ikki marta Qozog‘iston chempionatlarida eng yaxshi to‘purar bo‘ldi.
Ja’far Irismetov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 1997 – 2007 yillar davomida 36 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 15 marotaba ishg‘ol qilgan.
Zeytullaev Shomurodovga “to‘g‘ri yo‘l”ni ko‘rsatib yubordi!
Shomurodov Premer-liga klubi taklifini rad etdi. Muxlislar qanday fikrda?
Legionerimiz ispaniyalik ustoziga qattiq ishonyapti!
Legionerimiz ketish sababi va qozoq futboli kamchiligini aytib ketdi!
Fikrlar