
Shomurodov: “Yuventus”ga qarshi gol urish – yaxshi, ammo ikkita bo‘lganida ajoyib bo‘lar edi!”
Milliy terma jamoamiz sardori va "Roma" hujumchisi Eldor Shomurodov yana bir bor jamoasi uchun kechaning qahramoniga aylandi. U "Yuventus"ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi va muhim gol muallifi bo‘ldi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvdan so‘ng Shomurodov "DAZN" telekanaliga quyidagi fikrlarini bildirdi:
— Zaxiradan maydonga tushishdan oldin murabbiy Raneri menga Dovbikka yordam berishimni aytdi. Ikkinchi taym yaxshi boshlandi, afsuski, g‘alaba qozona olmadik. Biz ikkinchi golni urish imkoniga ega edik. Biroq, bir ochko “Yuventus”ga qarshi o‘yinda yomon emas.
O‘zbekistonlik futbolchi o‘z golidan mamnun bo‘lganini, ammo imkoniyatlar ko‘proq bo‘lganini qo‘shimcha qildi:
— Xursandman, albatta. Ammo agar dubl qila olganimda, bu yanada yaxshi bo‘lardi.
Eldor shuningdek, kelayotgan "Derbi" haqida ham gapirdi:
— Biz yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak va bu vaqtgacha nimani uddalagan bo‘lsak, shuni davom ettirishimiz lozim. Muhimi – muxlislarni xursand qilish" - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi terma jamoamizning etakchi futbolchisi.
Ma’lumot o‘rnida, 29 yoshli forvard joriy mavsum rimliklar safida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 6 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Fikrlar
Келгусида рақиблар дарвозасига урадиган голларинг давомли бўлсин!