
Shomurodovning agentlari O‘runovning karerasini qutqarib qoldi! (foto)
“Spartak” bilan shartnomasi bekor bo‘lgan Oston O‘runovga bir kunda yangi jamoa topildi. Rossiya premer-ligasida o‘n yildan beri ishtirok etib kelayotgan Ekaterinburgning “Ural” klubi hamyurtimizni o‘z safiga qo‘shib oldi.
“Ural” bu transfer haqida rasman e’lon qildi.
Rossiyalik jurnalist Nikolay Egorichev bu transferning amalga oshishida Oston O‘runov manfaatlarini “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodovga xizmat ko‘rsatadigan ProSportsManagement kompaniyasi va xususan, ushbu tashkilotning Osiyodagi loyihalariga mas’ul bo‘lgan tajribali mutaxassis Qahhor Mo‘minov yordam berganini alohida ta’kidladi.
Shu tariqa, Ostonning faoliyati izga tushdi. Aks holda, yarim himoyachimiz o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkin edi.
Transferlarga ixtisoslashgan https://www.transfermarkt.world portaliyaning qayd etishicha, “Ural”ga erkin agent sifatida kelgan Oston O‘runov ekaterinburgliklar bilan 2024 yilning 30 iyuniga qadar davom etadigan shartnomaga imzo chekkan.
21 yoshli legionerimiz maydon markazi, ikki qanot va hujumchilar ortida to‘p tepishi mumkin bo‘lgan universal futbolchilar toifasiga kiradi. Jismonan baquvvat yarim himoyachi kreativ o‘yin uslubi, kurashuvchanligi, tezkorligi va dribling ustasi ekani alohida ko‘zga tashlanib turadi. Mutaxassislar O‘runovning asosiy kamchiligi sifatida to‘pni o‘zida ko‘proq ushlab qolishini ko‘p ta’kidlaydilar.
Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq, unga “sherlar”ning asosiy tarkibidan o‘rin berilmagan. Keyinchalik Namanganga yo‘l oldi.
Shu bois, professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllangan. Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p tepdi va aynan “temiryo‘lchilar” safida Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Legioner sifatida “Ufa” va “Spartak” jamoalarida o‘ynadi.
O‘runov klublar maqyosida jami 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va beshta assist rasmiylashtirgan. Bu futbolchi maydon markazi, har ikki qanot va hujumchi ortida o‘ynay oladigan universal ijrochi hisoblanadi.
Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olib kelmoqda. Hozircha, 21 yoshli futbolchimiz ettita uchrashuvda bitta to‘p kiritgan.
Oston O‘runovning “Ural” bilan shartnoma imzolashida yordam bergan ProSportsManagement kompaniyasi Eldor Shomurodovning Rossiya premer-ligasidani kuchli beshlik chempionatlari tarkibiga kiruvchi A Seriyaga ko‘chib o‘tishida muhim ahamiyat kasb etgan.
2020 yilning oktyabrida “Rostov”dan “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov bir mavsumdan keyin top-klublar safiga qaytayotgan “Roma”ga transfer qilindi. “Jenoa” o‘zbek futbolchisi uchun 9 million evro sarflab, bir mavsumdan keyin uni 18 million evroga Rim klubiga transfer qildi.
Shomurodov Rim klubi safida 40 ta uchrashuvda maydonga tushib, beshta gol va oltita assist muallifi bo‘lgan o‘tgan mavsumda faoliyatidagi ilk sovringa ham ega bo‘ldi. Legionerimiz UEFA musobaqalari tasnifiga kiruvchi Konferentsiyalar ligasida g‘alaba qozondi.
Eldor Shomurodov yangi mavsumda ham “Roma” safida qoldi. Joze Mourino legionerimizni A Seriya va Evropa ligasi musobaqalarida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatiga kiritib, uni qaydnomadan o‘tkazdi.
Fikrlar