
"Sho‘rtan" murabbiyi: "Har safar matbuot anjumanida bu haqida gapiryapmiz..."
Superliganing 13-turida “Sho‘rtan” klubi “Surxon”ga qarshi bahs olib bordi.
Qiziqarli kechgan uchrashuvda “Sho‘rtan” irodali tarzda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada chempionatdagi ikkinchi g‘alabasiga erishdi.
Bellashuvdan keyin “Sho‘rtan”ning vaqtinchalik bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bu o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Kutilmaganda xatoimiz bilan tezkor gol o‘tkazib yubordik. Biroq yigitlarga rahmat aytaman, irodasini, xohishini ko‘rsatib, chiroyli sur’atda g‘alaba qozonishdi. G‘alabani G‘uzor ahliga bag‘ishlaymiz. Muxlislarimizga qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun katta rahmat.
- O‘yinda tezkor gol o‘tkazib yuborildi. Shunday vaziyatlarga qarshi alohida tayyorgarligingiz bormidi?
- Futbolchilar bilan kelishib olgandik. Uchrashuvda har xil vaziyatlar bo‘ladi. Lekin hech qachon qo‘lni tushirmasdan oxirigacha kurashishga kelishganmiz. Yana bir bor aytaman: o‘yinchilarimizga katta rahmat, bu narsa qo‘lidan keldi, uddalashdi.
- Ikkinchi taym boshida himoya chizig‘ida o‘zgarishlar qildingiz. Birinchi taymda ko‘proq xatolar ko‘rdingizmi yoki taktik o‘zgarishmidi?
- Jarohati bor edi. Jo‘rabek Mannonov bizda tezkor futbolchi edi, hujumlarga yaxshi qo‘shiladi. Ular 10 kishi bo‘lib qolganidan keyin tezkor hujumga qo‘shiladigan himoyachilarni maydonga tushirdik.
- Hasanov borasida nima deya olasiz?
- Javohir tezkor futbolchi. Hammaga imkoniyat beryapmiz. O‘tgan safar 20 talikka kirmaganlarni bu safar 20 talikka qo‘ydik. Unga ham imkoniyat beramiz. Lekin hozirgi vaziyatdan kelib chiqib Abror Toshqo‘zievni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldik. Ko‘rdinglar, u gol urdi. Tanlovda adamashdik, deb o‘ylayman. Javohirga ham imkoniyat beramiz.
- Odatda “Sho‘rtan” hujumlarda ko‘proq gol urmadi. Bu safar vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Balki hujumchi olish kerakmi?!
- Har safar matbuot anjumanida bu haqida gapiryapmiz. Hujumda 2006 yilda tug‘ilgan bola o‘ynayapti. Aytib o‘tganimizdek, bizga tajribali hujumchi kerak. Nafaqat hujumda, balki ikki qanotda ham raqobat uchun hujumkor yarim himoyachilar zarur. Bu o‘yinchilarimiz ham yaxshi, lekin ularga raqobat uchun futbolchilar kerak.
Fikrlar