"Sho‘rtan"ga havas qilib bo‘lmaydi yoxud Superliganing 7-turidagi 7 ta jiddiy qarama-qarshilik

  • 25 aprel, 15:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

26-28 aprel kunlari Superliganing 7-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. "Dinamo" - "Neftchi" bellashuvi boshqa kunga qoldirildi. Shu bois 7-turda 7 ta juftlik ishtirokidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz.

26 aprel

18:00. “Qo‘qon-1912” – “Xorazm”

Pro ligadan Superligaga yo‘l olgan ushbu jamoalar bu safar Qo‘qonda kuch sinashishadi. Qiziq to‘qnashuv. “Qo‘qon-1912” ham, “Xorazm” ham o‘zidan yomon taassurot qoldirishmayapti. Urganchliklar o‘tgan turda “Bunyodkor”ga qarshi ochiq futbol namoyish qildi va g‘alabaga yaqin keldi. Qo‘qonliklar ham anoyilardan emasligini ko‘rsatyapti. Bir-biriga munosib raqiblar. Hozircha imkoniyatlar teng.

19:00. “Mash’al” – “Surxon”

Termizning “Surxon” klubi o‘z o‘yinini shakllantirib boryapti va tobora sifatli futbol namoyish qilyapti. Lekin statistik natijalar bir xil. Ikkalasida ikkitadan g‘alaba va to‘rttadan mag‘lubiyat bor. Albatta, “Mash’al”ga qaraganda, “Surxon”da imkoniyat ko‘proqdek tuyulmoqda. Bizga esa muborakliklarning termizliklarga qanday o‘yin taklif qila olishi qiziq.

20:15. “So‘g‘diyona” – “Andijon”

Turning markaziy o‘yinlaridan biri Jizzaxda o‘tkaziladi. “So‘g‘diyona”ning bu safargi raqibi “Andijon” hisoblanadi. O‘tgan tur ikkala jamoa uchun omadsiz o‘tdi. Jizzaxliklar safarda OKMKga qarshi bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqardi va alamli tarzda yutqazdi. “Andijon” esa uyida oxirgi daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol evaziga “Dinamo”ga alamli mag‘lubiyatga uchradi. Endi “So‘g‘diyona” ham, “Andijon” ham Jizzaxda faqat g‘alaba uchun kurash olib boradilar. Tabiiyki, hozircha imkoniyatlar teng.

27 aprel

18:00. “Paxtakor” – “Sho‘rtan”

“Sho‘rtan”ga havas qilib bo‘lmaydi. Superligada birgina g‘alabasiz qolgan jamoa g‘uzorliklar bo‘lib turibdi. Navbatdagi turda esa Anvar Berdiev jamoasi Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushadi. Shubhasiz, favorit “Paxtakor”. “Sherlar” shu kungacha 4 ta mag‘lubiyatga uchrab, muxlislarini ranjitgandi. Ammo o‘tgan turda Farg‘onada “Neftchi”ni 4:0 hisobida tor-mor keltirgani e’tiborga molik voqea. Endilikda ularda kayfiyat ham, ishtiyoq ham yuqori darajada. “Sho‘rtan”ga tajriba etishmayotgani ko‘rinib turibdi. “Paxtakor” bilan o‘yinda Anvar Berdiev jamoasiga og‘ir bo‘ladi. “Sherlar”ga endi ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q, shu jumladan “Sho‘rtan”ga ham.

18:00. “Navbahor” – “Buxoro”

Sergey Lushchan jamoasini bu turda “Buxoro”ga qarshi uchrashuv kutib turibdi. Ulug‘bek Baqoev jamoasida 2 g‘alaba va 4 mag‘lubiyat bor. “Navbahor”da g‘alaba, durang va mag‘lubiyat 2 tadan. Baqoev oldinlari Namangandan o‘ziga kerakli natijalar bilan qaytgani yodimizda. “Buxoro” “Navbahor”ga qarshi katta ehtimol yopiq o‘yin ko‘rsatib, avvalo gol o‘tkazmaslik vazifasiga mustahkam turadi va qarshi hujumlarda omadini izlaydi.

20:15. “Nasaf” – “Qizilqum”

O‘zbekiston Kubogida “Nasaf” Olmaliqda OKMKni 0:2 ga yutayotib yakunda 3:2 natijasi bilan alamli mag‘lubiyatga uchradi. Lekin chempionatda Ro‘ziqul Berdiev jamoasi hali yutqazgani yo‘q. “Qizilqum” Qarshida ikkinchi raqamli jamoa bo‘lib o‘ynaydi. Nafaqat “Qizilqum”, balki deyarli barcha klublar “Nasaf” maydonida aynan ikkinchi raqam ostida to‘p surishlari haqiqat va u erdan ochko qo‘lga kiritish g‘alabaga teng.

28 aprel.

19:00. “Bunyodkor” – OKMK

7-turning markaziy o‘yiniga qiziqish yuqori. Mag‘lubiyatsiz odimlayotgan ikka jamoa kuchli uchlikdan joy olishgan. OKMK musobaqa peshqadami bo‘lib turgan bo‘lsa, “Bunyodkor” raqibidan 4 ochko kam jamg‘arib uchinchi pog‘onada. Ochiq, hujumkor, jangovar o‘yin namoyish etilishi kutilyapti. “Bunyodkor” Ilyos Zeytullaev boshqaruvida yangicha o‘yin uslubiga ega bo‘lib boryapti. Mirjalol Qosimov esa OKMKda o‘zi xohlagan futbolni qurib, uning natijasini ko‘ryapti. Rosti, imkoniyatlar mutlaqo teng.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!