Shuhrat Yo‘ldoshev: "Murabbiy sifatida men yutqazdim, futbol faqat g‘alabalardan iborat emas"
“Andijon” U-19 – “Metallurg” U-19 (2:1) jamoalari ishtirokidagi uchrashuvdan so‘ng, bekobodliklar bosh murabbiyi Shuhrat Yo‘ldoshev quyidagilarni aytdi:
- Taassurotlarim yomon emas. Birinchi navbatda “Andijon” jamoasini yutuq bilan tabriklamoqchiman. Jamoa chakki emas. O‘yindan oldin murabbiylaridan so‘rasam, tarkib o‘zagini ko‘proq 2003 yilda tug‘ilgan o‘yinchilari tashkil qilar ekan. Bizda 2003 yilda tug‘ilganlar o‘rinbosarlar safida to‘p surishadi. Bizning tarkibimizda 2004 va 2005 yillarda tug‘ilgan o‘yinchilar o‘ynashyapti. O‘zidan katta yoshdagilarga qarshi to‘p surish ham o‘ziga yarasha tajriba beradi. Bunday uchrashuvlar kerak. Ertaga bu bolalar o‘rinbosarlar va asosiy jamoalarga o‘tishlari mumkin. Bu mavsumda ko‘p klublar 2003 yilda tavallud topgan futbolchilarni o‘ynatishyapti.
O‘tgan turda “So‘g‘diyona” bilan qiyin o‘yinni o‘tkazdik. Birinchi bo‘limda hisob ochilmagandi. Balki birinchi uchrashuvni o‘z maydonimizda o‘tkazganimiz uchun g‘alabaga ko‘proq xohlab yuborgandirmiz. Garchi 3:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsak-da, “So‘g‘diyona” bunday mag‘lubiyatga loyiq jamoa emasdi. Bugun yutqazdik. Lekin echinish xonasiga kirib barcha futbolchilarga rahmatimni aytdim. Chunki ularda ishtiyoqi katta edi. Hech biriga yugurmading, xohlamading deb ayta olmayman. Yutqazdikmi, demak murabbiy sifatida men yutqazdim. Balki qaerdadir o‘yinchi almashtirishda yoki taktika qo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ygandirman. Yutuqni futbolchilar yutadi. Yutqazish ham bir tajriba. Futbol faqat g‘alabalardan iborat bo‘lavermaydi. Yutadi va yutqazadi. Muhimi, barchasini tahlil qilamiz.
“Andijon” matbuot xizmati.



Fikrlar